Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Maktabgacha taʼlim, Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi masʼullari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, nodavlat notijorat tashkilotlari va nodavlat taʼlim muassasalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad – bugungi kunda sohaning rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan bildirilgan takliflarni atroflicha muhokama qilishdan iborat.
Davra suhbatini “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov oʻz maʼruzasi bilan ochib berdi. U mamlakatda taʼlim tizimi rivojida nodavlat taʼlim muassasalarining oʻrni va ahamiyatiga toʻxtalib oʻtar ekan, shunday dedi:
– Aksariyat rivojlangan davlatlarning taʼlim tizimi bevosita nodavlat taʼlim tizimining rivojlanishi bilan bogʻliq. Bunga sabab, raqobatning kuchayishi ortidan ilgʻor taʼlim texnologiyalari va resurslarning sohaga, aynan nodavlat taʼlim tashkilotlari orqali faol tarzda kirib borishidadir.
Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunga kelib respublika boʻyicha xususiy bogʻchalar 2243 tani, xususiy maktablar 334 tani va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari esa 53 tani tashkil etmoqda. Oʻz navbatida, nodavlat taʼlim tashkilotlari sonining oshishi ortidan ular oʻrtasida kuchli raqobat muhiti ham shakllanmoqda.
Taʼkidlash joizki, sogʻlom raqobat, bu – taʼlim sohasida taʼlim sifati, madaniyatini shakllantiruvchi, oʻzini oʻzi rivojlantirishga muhit yaratuvchi koʻrinmas kuch. Qolaversa, xususiy sektor davlatning taʼlim xizmatlari bilan taʼminlash yukining bir qismini oʻziga olgan holda aholining taʼlim olishiga boʻlgan ehtiyojlarini qondirmoqda.
Shuningdek, tadbir davomida soha mutaxassislari va ekspertlar tomonidan “Nodavlat taʼlim faoliyatini tashkil etish uchun qoʻyilgan talablar va ularning xorijiy tajriba bilan uygʻunligi”, “Maktabgacha taʼlimda bolalar qamrovini oshirishda xususiy sektorning oʻrni va nodavlat taʼlim muassasalari faolligini oshirishdagi muammolar” hamda “Nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish va mazkur jarayonni takomillashtirishdagi muammolar” kabi mavzular muhokama qilindi.
Dilshod TEMIROV, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Pedagog kadrlar sifati nazorati, taʼlim hujjatlarini legallashtirish, tan olish va nostrifikatsiya qilish bosh boshqarmasi boshligʻi v.b.:
– Soʻnggi besh yilda taʼlim tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasida nodavlat taʼlim faoliyatini tashkil etish uchun qoʻyilgan talablarda ham bir qator oʻzgarishlar boʻldi. Jumladan, 2017-yilga qadar nodavlat taʼlim yoʻnalishida faoliyat koʻrsatishni istagan tadbirkorlar 9-10 ta hujjatni taqdim etishi kerak edi, endilikda esa, ushbu hujjatlar soni qisqartirilib, 5 tani tashkil qilmoqda.
Shuningdek, bugungi kunda yangi tizim ishga tushirilgan boʻlib, tadbirkor litsenziya olish uchun murojaat qilgan boʻlsa, hujjatlarida hech qanday kamchiliklar aniqlanmasa, tizim orqali 15 ish kuni davomida tadbirkorga inson omilisiz avtomatik tarzda litsenziya chiqarib beriladi.
Ayni kunda respublikaning uchta hududi – Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida nodavlat oliy taʼlim muassasalari tashkil etilmagan. Kelgusi yilga ishlab chiqiladigan chora-tadbirlarda mazkur hududlarda ham nodavlat oliy taʼlim muassasalarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Abdurahmon ABDUSALOMOV, Maktabgacha taʼlim vazirligining Davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari:
– Hozirgi kunda bogʻchalar soni koʻpayib, nodavlat sektorining ulushi 2017-yildagi 0,01% dan 33,7% gacha oshdi, maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikning 10 xil shakli ishlab chiqilib, amalda tatbiq etilishiga erishildi.
2022-yilda jami 1 300 ta, shu jumladan quvvati 10 000 oʻringa teng 100 ta davlat xususiy sherikchiligi asosida yirik loyihalarni amalga oshirish hamda 35 000 quvvatga teng 1 200 ta oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
2022-yilning 1-oktyabr holatiga koʻra, 1 031 ta, xususan quvvati 10 700 oʻringa teng 119 ta davlat xususiy sherikchiligi asosidagi yirik loyihalar hamda 44 987 quvvatga teng 912 ta oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tashkil etildi.
Shu bilan birga, tadbirda nodavlat taʼlim muassasalari vakillari hamda ushbu yoʻnalishda faoliyat yuritishni istayotgan tadbirkorlar oʻzlarini qiziqtirgan va oʻylantirayotgan masalalar yuzasidan masʼullardan javoblar olishdi. Tadbirda, shuningdek, ekspertlar tomonidan bildirilgan takliflar ham atroflicha muhokama qilindi.
Jumladan, Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster universiteti dekani Ikrom Rihsiboyev xalqaro tajriba va talablar doirasida nodavlat taʼlim tarmogʻini rivojlantirishga qaratilgan takliflarini bildirib oʻtdi.
– Nodavlat oliy taʼlim muassasalari tarmogʻini rivojlantirshda qator hal etilish zarur boʻlgan masalalar bor, – dedi, I.Rihsiboyev. – Xususan, Oʻzbekiston bilan aholisi soni deyarli teng boʻlgan Malayziyada bakalavr darajasini berishga ixtisoslashgan 500 ga yaqin nodavlat oliy taʼlim muassasalari mavjud.
Bizda ham soʻnggi vaqtlarda ularning soni ortib bormoqda. Ammo, ularning aksariyati oʻquv markazi darajasida. Chunki texnik baza, professor-oʻqituvchilarning soni unversitet maqomiga javob beradigan darajada emas. Shu bois, universitet maqomining tarif va normalarini ishlab chiqish lozim sanaladi.
Shuningdek, yangi ochilayotgan nodavlat oliy taʼlim muassasalarining aksariyati iqtisodiyot, menejment, marketing kabi yoʻnalishlarga ixtisoslashtirilmoqda. Sababi, bunday taʼlim muassasasini ochishga sarf etiladigan harajatlar juda oz miqdorni tashkil qiladi. Eng qizigʻi, bu ham oʻzini oqlamasligi mumkin. Bugun, biz zamon nuqtayi nazaridan kelib chiqqan holda talablarni ishlab chiqishimiz lozim. Aytaylik, nanotexnologiyalar, qishloq xoʻjaligi va AKT sohalari yoʻnalishlarida nodavlat oliy taʼlim muassasalarini ochish maqsadga muvofiq.
Shu bilan birga, tadbirda nodavlat taʼlim tizimini rivojlantirishda xalqaro tajribani milliy mentalitet va taʼlim tizimi bilan uygʻun holda amalga oshirish, bu jarayonlarga xorijdagi asli oʻzbekistonlik boʻlgan soha mutaxassislarini jalb etish kabi qator takliflar ham bildirildi.
Tadbir yakunida bildirilgan taklif va tavsiyalar oʻrganib chiqilib, sohada davlat siyosatini yurituvchi vazirlik hamda idoralarga taqdim qilinishi eʼtirof etildi, deb xabar beradi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati.













