Aytaylik, bundan 20-25 yil oldin investorlar arzon ishchi kuchi boʻlgan mamlakatlarga sarmoya kiritgan, shu mamlakatda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyib, arzon ishchi kuchi bilan arzon mahsulot ishlab chiqarib, boshqa davlatlarga sotgan. Hozir unday emas. Aqlli investorlar endi intellektual salohiyatli kadrlarga ega mamlakatlargagina investitsiya kiritish harakatiga tushgan. Buning sababi nimada?

Investorlar davlatning oʻziga borib mablagʻ sarflagandan koʻra endi yuksak aql egalarini oʻz davlatiga olib kelishga harakat qilmoqda. Chunki insoniyat sunʼiy intellekt yordamida erishayotgan oxirgi yutuqlar keyingi davrda bilimga yoʻnaltiriladigan sarmoya inson kapitali darajasi qanday boʻlishini bugun belgilab beryapti. Sababi, sunʼiy intellekt kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Buning ajablanarli joyi yoʻq. Chunki “aqlli” qurilmalarning 80 foizi sunʼiy intellektning qaysidir jihatini oʻzida mujassam etgan. Odamlarning 77 foizi sunʼiy intellektga asoslangan yechimlardan foydalanadi. Bundan tashqari, moliyaviy hisobotlarda aytilishicha, biz sunʼiy intellekt inqilobi markazida turibmiz. 2026-yilga borib SI global bozori 39,7 foiz, CAGR 309,6 milliard dollargacha oʻsishi prognoz qilinmoqda.

Bu davlatning inson kapitaliga, taʼlimga yoʻnaltiradigan investitsiya strategiyasini tubdan koʻrib chiqish masalasini kun tartibiga qoʻyyapti. Chunki bugun dunyo mavjud kasblarning qariyb 80 foizi oʻrnini sunʼiy intellekt egallashi arafasida turibdi. Islohotlar ilmga, ilmiy tahlillarga tayanilsagina qisqa yoki uzoq muddatli samarasini beradi. Ilmga tayanilmagan islohotning natijasi juda qimmatga tushishi bor gap. Bugun taʼlimga besamar pul tikishga, xato qilishga haqqimiz yoʻq.

Davlatlarning rivojlanganlik darajasiga qarab taʼlimga yoʻnaltirilgan investitsiyaning samara berishi har xil boʻladi. Aytaylik, rivojlangan mamlakatlarda oliy taʼlimga tikilgan investitsiya juda tez samara bergani haqida misollar bor. Rivojlanayotgan mamlakatlarda esa oliy taʼlimga kiritilgan sarmoya iqtisodiy oʻsishda aks-sado beradi. Oliy taʼlimga qilingan xarajat natijasida muayyan darajada aql egalariga ega boʻlish mumkin. Lekin ularga munosib ish oʻrni yaratib berilmasa, oliy taʼlimda kadrlar tayyorlansa-yu, amalda ularga ehtiyoj boʻlmasa, bu mutaxassislar hammasi xorijga chiqib ketadi.

Rivojlanayotgan davlatlarda koʻproq boshlangʻich taʼlimga investitsiya kiritilganda samaraga erishilgan. Sababi, boshlangʻich taʼlim olishga imkoniyat yaratilmasa, oʻqitish sifati tushib ketsa, davlat kaambagʻallashadi. Yaʼni aholini kambagʻallikdan chiqarishning eng toʻgʻri va uzoq muddatga moʻljallangan samarali yoʻllaridan bittasi boshlangʻich va oʻrta taʼlimga koʻproq investitsiya kiritishdir. Shu maʼnoda, mamlakatimizda inson kapitaliga, taʼlimga qaratilayotgan eʼtibor ilk natijalarini koʻrsata boshladi. Birgina misol, bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olish darajasi 27 foizdan 70 foizga oshdi. Oliy taʼlimda esa qamrov 9 foizdan qariyb 40 foizga yetyapti. Lekin baribir qamrab olinmagan 60 foizni esdan chiqarmaslik kerak. Bu 60 foiz yigit-qiz boshlangʻich va oʻrta taʼlimda qanday bilim olgan va salohiyatga ega boʻlgan boʻlsa, demak, bir umr shu saviya bilan qolib ketadi, degani.

Taʼlimga kiritilgan investitsiya birdan samara bermaydi. Kamida 5–10 yil kutish lozim. Shundan keyin yaqqol natijani koʻrish mumkin. Bugungi holatimiz bundan 10 yil oldin qaratilgan eʼtibor va sarflangan mablagʻning hosilasi. Bu borada tahliliy maʼlumotlarga tayanilsa, shubhasiz, maqsadga muvofiq boʻladi. Yaʼni bugun Oʻzbekistonning rivojlanganik darajasiga qarab taʼlimning qaysi boʻgʻiniga investitsiya kiritilishi aniqlashtirilsa, mablagʻ samarali sarflanadi.

Bundan tashqari, xususiy taʼlim bilan davlat rakursi qanday boʻlishi kerak? Yaʼni davlat bugun oʻz funksiyalarini, vazifalarini xususiy sektorga yuklashga tayyormi? Chunki ertaga buning mahsulini yana davlat koʻradi. Masʼuliyat xususiy sektorga yuklanganidan keyin nazorat ham davlat qoʻlidan ketishi mumkin. Hukumat xususiy sektorda berilayotgan bilim, koʻnikma va malaka sifatini toʻliq nazorat qila olmasligi ehtimoli bor. Xususiy sektor esa taʼlim bilan bogʻliq boʻlgan yoʻnalishlarga faqat biznes sifatida qarayotgan, yaʼni uzoq muddatli strategiya ishlab chiqmagan boʻlishi xavfi mavjud. Muayyan muddatdan keyin yopilib ketishi ham mumkin. Bunday paytda davlat oʻzini qanday tutadi? Xususiy OTMlar bitiruvchilarining ish bilan taʼminlanishi qanday, degan savol ham kun tartibiga qoʻyilishi kerak.

Eng dolzarb masalalardan biri shuki, bugun biz kadrlar tayyorlanayotgan yoʻnalishlarni sunʼiy intellekt kirib kelishi nuqtayi nazaridan, iqtisodiyotni raqamlashtirish rakursida qayta koʻrib chiqishimiz lozim. Taʼlimning har bir bosqichida falsafamizni aniq, loʻnda qilib olishimiz shart. Boshlangʻich taʼlimda nima oʻrgatishimiz kerak? Bola qanday koʻnikmani egallab ketishi zarur? Oʻrta maxsus yoki oliy taʼlimda qanday bilim va koʻnikmalarni oʻzlashtirishi lozim? Har biriga inson kapitalini rivojlantirish uchun qoʻyiladigan yuklama va taʼlim borasidagi strategiyalar ishlab chiqilishini davrning oʻzi talab qilyapti.

Oliy taʼlim olish uchun xorijga ketgan yoshlarning qaytish ehtimoli kamayib ketadi. Bu esa bugun taʼlimga kiritilayotgan investitsiya mahsulini koʻrish ehtimoli karrasiga kamayib ketadi, deganidir. Oʻn yildan keyin bu kadrning qaytib kelishiga hech kim kafolat bermaydi. Shu bois, bugun mana shu kabi masalalarni yechayotganda rakursni taʼlim orqali kambagʻallikni kamaytirish masalasini kun tartibiga qoʻyishga qaratishimiz kerak. Albatta, har bir xatti-harakatimiz ilmiy yondashuvga asoslanishi lozim. Chunki baʼzi ilmiy izlanishlarga koʻra, bir yil olingan taʼlim insonning har yillik daromadini 10 foiz oshirishi isbotlangan. Muayyan vaqtdan keyin bir yil bilim olishingiz oylik daromadingiz oshishini kafolatlaydi. Bundan davlatning oʻzi ham manfaatdor. Sababi, daromadingiz oshgani aholi daromadi ulushi oshdi, deganidir. Oʻz navbatida, soliq tarzida byudjetga tushum boʻlib keladi. Daromadning qolgan qismi bilan bozorga borasiz. Shu asnoda ishlab chiqarish, tovar ayirboshlash jarayoni tezlashadi. Yaʼni bir kishining daromadi tufayli atrofdagi bir qancha tuzilma kun koʻradi. Shu bois, odamlar 40, hatto 50 yoshda ham malaka oshirish, bilim va koʻnikmasini yangilab borishga majbur. Kadrlar bozorida ish oʻrnini boy berib qoʻyishni istamagan inson pensiya yoshiga qadar oʻz ustida toʻxtovsiz ishlashini davrning oʻzi talab qilyapti.

Bugun bir haqiqatni tan olishimiz kerak: davlat uzoq yillardan buyon dolzarb boʻlgan masalaga ijobiy yechim topdi. Xususiy taʼlimga keng yoʻl ochib berdi. Shu bilan oliy taʼlim olishga boʻlgan ehtiyojga yechim topdi. Chunki avvalgi 9 foizlik qamrov juda kam edi. Qariyb 90 foiz yoshni oliy taʼlim bilan qamrab olishga imkoniyat yoʻq edi. Pirovardida bu yigit-qizlarni yoʻqotayotgan edik. Mana shu holatni davlat toʻgʻri baholadi. Endi buning samarasini tez orada koʻramiz.

Xususiy oliy taʼlim muassasalari koʻpayishi bilan birga yechimini kutayotgan masala ham bor. Bugun negadir yoshlarimiz qoʻshni mamlakatlardagi xususiy oliy taʼlim muassasalarida oʻqishni tanlayapti. Sababi, mamlakatimizdagi xususiy OTMlarda oʻqish xarajati 1,5-2 ming dollarni tashkil qiladi. Albatta, buning uchun yetarli bir qancha omillar bor. Lekin qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻizistonda xuddi shunday taʼlim xizmati 300-400 dollarga taklif qilinyapti. Shu bilan investitsiya chetga chiqib ketyapti. Mana shu masalani kun tartibiga chiqarib, yechimini topishimiz kerak. Nimaga bugun bizda 1,5-2 ming dollarga taklif qilinayotgan taʼlim xizmati qoʻshni davlatda 300-400 dollar bilan hal boʻlyapti? Aksariyat yoshlarimiz ota-onasidan uzoqda sifatsiz taʼlim olishni afzal koʻryapti. Koʻp talabalar 1 yoki 2-kursdan keyin oʻqishini Oʻzbekistondagi OTMga koʻchirishga harakat qiladi. Shunday ekan, 300-400 dollarlik taʼlim taklifini oʻzimizda shakllantirib, bu imkoniyatni xususiy sektorga berish vaqti keldi, nazarimda.

Bugun bizda oliy taʼlim xarajati 1,5-2 ming dollarga aylanib ketayotganining asosiy sabablaridan biri binolar, doimiy chiqimlar bilan bogʻliq. Mana shu oʻrinda davlatning faol ishtiroki katta ahamiyatga ega. Masalan, foydalanilmay, boʻsh turgan kasb-hunar kollejlarini uzoq muddatga arzon narxda xususiy oliy taʼlim muassasalariga berish mumkin. Parlament soʻrovi oʻtkazilib, mamlakat boʻyicha boʻsh turgan kasb-hunar kollejlari reyestri shakllantirilsa, nur ustiga nur boʻlardi. Ularning boʻsh turgan binosini xususiy oliy taʼlim muassasalariga uzoq muddatli ijaraga berish orqali 1,5-2 ming dollarga tushayotgan taʼlim xarajatini karrasiga kamaytirish va chetga chiqib ketayotgan investitsion oqimdagi pulni oʻzimizda qoldirish mumkin.

Kimda inson kapitali yuqori boʻladi? Albatta, erkin, tanqidiy-tahliliy fikrlay oladigan, bilim va koʻnikmalarga ega insonda. Mana shu oʻrinda yana bir haqiqatni tushunib olishimiz talab etiladi: inson kapitali shakllanishida asosiy poydevor maktabgacha, boshlangʻich va oʻrta taʼlimda qoʻyiladi. Bugun dunyo ilm-fanida taqdim etilayotgan ilmiy izlanishlar maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlimga poydevor qoʻymay turib, biror natijaga erishish mushkulligini tasdiqlamoqda. Shu nuqtayi nazardan, mamlakatimizda salmoqli investitsiyani maktabgacha va maktab taʼlimiga yoʻnaltirish yondashuvlari oʻzini oqlaydi.

Bu masalada statistikani yolgʻon gapirtirish oʻzimizga ziyon keltiradi. Oʻqituvchilarga munosabatni ham tubdan oʻzgartirishimiz talab etilmoqda. Bugun mamlakatimizda mana shu masaladagi qizgʻin bosqichga kiryapti. Pedagoglar maqomini va maoshini oshirish borasidagi saʼy-harakatlar eʼtirofga loyiq. Bu borada davlat zimmasidagi vazifani aʼlo darajada bajaryapti. Ammo yurtdoshlarimiz anglab, bajarishi zarur boʻlgan ishlar koʻp oldinda.

Dunyoda bunday amaliyotlar bor: agar biror oʻqituvchini ragʻbatlantirish zarurati paydo boʻlsa, 5–10 yil oldin undan taʼlim olgan oʻquvchilaridan soʻraladi. Chunki muallimning mehnati, salohiyati oʻquvchi va talabalarining hayotida aks etadi. Basharti pedagogning bilimidan talaba yoki oʻquvchi hayoti davomida foydalangan boʻlsa, demak, bu oʻqituvchi haqiqatan ham kuchli va ragʻbatga munosib. Nazarimda, muallimning salohiyatini moddiy qoʻllab-quvvatlashga shunday rakursda qaralsa, oʻqituvchi oʻz ustida, albatta, ishlaydi. Bor bilimi va gʻayratini oʻquvchisi uchun fido qiladi. Chunki ertaga unga oʻquvchisining xuloasasiga asosan baho beriladi. Shunga qarab jamiyatda oʻrni belgilanadi. Shu bois, oʻqituvchi va tibbiyot xodimlari eng koʻp oylik oladigan jamiyatni koʻpchilik orzu qiladi. Oʻqituvchilar sertifikat, guvohnomalar ortidan emas, bilim, yangiliklar ortidan quvishi kerak. U majburlikdan emas, manbani asl holatda oʻqish, yangi bilim orttirish uchun bir necha tilni bilishi va oʻz ustida ishlash lozim. Mana shu tizim yoʻlga qoʻyilsa, 2030-yilga borib taʼlim bilan bogʻliq strategik vazifalarning salmoqli qismini hal qilgan boʻlamiz. Oʻz navbatida, bu yuqori intellektual salohiyatga ega avlodning yangi qatlamini maydonga olib kirish imkonini beradi.

Barno SANAQULOVA,

Toshkent moliya instituti professori,

iqtisodiyot fanlari doktori