Taqiqlangan ekinlar yetishtirish uchun javobgarlik masalalari

    Fikr 3 Avgust 2024 49

    Giyohvandlik va unga karshi kurash nafaqat O‘zbekistonda, balki butun jahon miqyosida juda katta muammo bo‘lib qolmoqda.

    Bu ijtimoiy kasalikka qarshi kompleks ravishda choralar ko‘rilayotganligi, unga qarshi fan va yutuqlaridan foydalanilayotganligiga qaramay,hozirgacha ko‘zlangan maqsadga erishilmadi.

    Ushbu jinoyatlarga qarshi kurashish uchun avvalo giyohvandlik vositalari haqida batafsil tushunchaga ega bo‘lish lozim. Chunki, giyohvandlik, bangilik, giyohvandlik vositalari, narkotik moddalar, prekursorlar, narkomaniya, narkomafiya, narkobiznes kabi tushunchalarning ma’nosini aniq bilish giyohvandlik vositalarining g‘ayriqonuniy muomalasi bilan bog‘lik jinoyatlarni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish, ushbu qilmishlarga karshi kurashning aniq chora-tadbirlarini ishlab chiqish imkonini beradi. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasida giyohvandlik vositalari sifatida maxsus ro‘yxatga kiritilgan va davlat tomonidan nazoratga olingan, giyohvandlikni keltirib chiqaruvchi sintetik vosita (preparat) va o‘simliklar ko‘rsatilgan.

    O‘zbek tilining izohli lug‘atida giyohvandlik nasha, ko‘knor va boshqa narkotik moddalar iste’mol qilish natijasida kelib chiqadigan kasallik holati, bangilik deb izoh berilgan. O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 19-avgustda kabul kilingan “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi qonunida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tushunchasi, ular bilan muomala qilishning huquqiy asoslari mustahkamlab qo‘yilgan.

    Ushbu qonunning 3-moddasida:

    giyohvandlik (narkotik) vositalari – giyohvandlik vositalari ro‘yxatiga kiritilgan va O‘zbekiston Respublikasida nazoratga olinadigan, kelib chiqishi sintetik yoki tabiiy moddalar, tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan preparatlar va o‘simliklar:

    psixotrop moddalar - psixotrop moddalar ro‘yxatiga kiritilgan va O‘zbekiston Respublikasida nazoratga olinadigan, kelib chikishi sintetik yoki tabiiy moddalar;

    prekursorlar-prekursorlar ro‘yxatiga kiritilgan va O‘zbekiston Respublikasida nazoratga olinadigan, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tayyorlash uchun foydalaniladigan moddalar;

    giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning analoglari-kimyoviy tuzilishi va xossalariga ko‘ra giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarga o‘xshash, ular singari ruhiyatga faol ta’sir etuvchi, kelib chiqishi sintetik yoki tabiiy moddalar;

    preparat-moddalarning har qanday fizik holatdagi, tarkibida yoki bir nechta giyohvandlik vositalari yoxud psixotrop moddalar bo‘lgan aralashmasi;

    giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni olib kirish (olib chiqish), tranzit tarzida o‘tqazish, saqlash, berish, realizatsiya qilish, taqsimlash, olish, tashish, jo‘natish, ishlab chiqish, ishlab chiqarish, tayyorlash, ulardan foydalanish va ularni yo‘q qilish, shuningdek, tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirish;

    giyohvandlik (narkomaniya) giyohvandlik vositalariga ruhiy-jismoniy qaramlik bilan bog‘liq kasallik;

    zaharvandlik (toksikomaniya) psixotrop moddalarga, shuningdek, dorilik xususiyatiga ega bo‘lmagan, kelib chiqishi sintetik yoki tabiiy, giyohvandlik vositalariga o‘xshash ruhiyatga faol ta’sir etuvchi moddalarga ruxiy jismoniy qaramlik bilan bog‘liq kasallik deb ta’rif berilgan.

    O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi taqiqlangan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, prekursorlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Narkotik moddalarni nazorat qilish davlat komissiyasining 2010-yil 6-apreldagi qarorida berilgan. Ushbu qarorga ilova sifatida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning uncha ko‘p bo‘lmagan, ancha va ko‘p miqdorlari ko‘rsatilgan.

    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 31-iyuldagi “Giyohvandlik vositalari,psixotrop moddalar va prekursorlar O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali olib kirish, olib chiqish va tranzit shaklida o‘tkazish to‘g‘risida” gi 293-sonli Qarorining 2-, 3-, 4- va 5- ilovalarida belgilangan.

    1999-yil 19-avgusdagi qonunning 4-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida nazoratga olinadigan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar quyidagi ro‘yxatlarga kiritiladi:

    1) muomalada bo‘lishi O‘zbekiston Respublikasida taqiqlangan giyohvandlik vositalari ro‘yxati;

    2) muomalada bo‘lishi O‘zbekiston Respublikasida cheklangan giyohvandlik vositalari ro‘yxati;

    3) muomalada bo‘lishi O‘zbekiston Respublikasida cheklangan psixotrop moddalar ro‘yxati;

    4) muomalada bo‘lishi O‘zbekiston Respublikasida cheklanga prekursorlar ro‘yxati.

    Barcha giyohvandlik vositalari ular uchun umumiy bo‘lgan tibbiy na yuridik belgilarga ega. Kelib сhiqishi tabiiy yoki sun’iy bo‘lgan moddatda ruhiy jismoniy qaramlikni, ko‘p karra iste’mol qilganda esa giyohvandlik kasalligini keltirib chiqarishga qodir bo‘lgan muayyan xossalarning mavjudligi ushbu vositalarning tibbiy belgisi hisoblanadi.

    Afsuski, har xil kimyoviy tabiatga ega bo‘lgan moddalarni iste’mol qilish bilan bog‘liq kasalliklarni ta’riflashda tibbiy adabiyotlarda qo‘llaniladigan atamalarga hali mukammal sharh berilmagan.Giyohvandlik Markaziy nerv sistemasiga ta’sir ko‘rsatadigan ayrim zaharli va farmakologik vositalardan notibbiy maqsadlarda foydalanish natijasida vujudga keladi.

    “Giyohvandlik” va “zaharvandlik” (“toksikomaniya”) atamalari ko‘pincha mazmunan bir atamalar sifatida qo‘llaniladi: “zaharvandlik” (giyohvandlik) - tabiiy yoki sintetik moddalar (dori preparatlari, ovqatdagi va ishlab chiqarilgan zaharlarni iste’mol qilishnatijasida kelib chiqadigan vaqtinchalik yoki surunkali intoksikatsiya holatidir. Ruhiy-jismoniy qaramlikka sabab bo‘ladigan, giyohvandlik vositalariga kirmaydigan moddalardan (barbitur kislota moddalari,trankvilizatorlar) foydalanish holatlari ko‘payganligi tufayli, bir qancha psixiatrlar va narkologlar “giyohvandlik” atamasini qamrov doirasi kengroq bo‘lgan “zaharvandlik” va “dori-darmonlarga qaramlik,dori-darmonlarni suiistemol qilish” atamalari bilan almashtirishni taklif qildilar. Ayrim mualliflarning fikricha, zaharvandlik dori-darmonlar va boshqa shunga o‘xshash moddalarga ruhiy-jismoniy qaramlik bilan bog‘liq kasallikdir.

    Zaxarvandlikning har xil shakllari ikki omilga asoslanadi: Zaxarvandning giyohvandlik vositasiga qaram bo‘lib qolishi va abstinent sindromning mavjudligi. Eyforiya holatini keltirib chiqaradigan vositalarga qaramlik umumlashtiruvchi “giyohvandlik” atamasi bilan belgilanadi. Bunday holatga xos bo‘lgan belgilar sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:

    -muayyan giyohvandlik vositasining ta’siriga organizm ta’sirchanligining o‘zgarish sindromi (himoya reaksiyalari, tolerantlik, iste’mol qilish shakli, mastlik shakli);

    -ruhiy qaramlik sindromi (obessin mayl, intoksikatsiyadan ruhiy lazzat olish);

    -jismoniy qaramlik sindromi (kompulsiv mayl, doza ustidan nazoratni yo‘qotish, abstinent sindrom, intoksikatsiyadan jismoniy lazzat olish).

    “Vositalar” atamasi ashyolarining amalda mavjud bo‘lgan holatini nisbatan aniq va to‘liq ifodalaydi. Shuning uchun ham bu atamaning qonun tiliga kiritilishi juda asosidir. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi JK 270-276 moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarning predmeti haqida gapirilganida, “giyohvandlik vositasi” atamasini qo‘llash to‘g‘riroq bo‘ladi, deb hisoblaymiz.

    Giyohvandlik tushunchasining tibbiy va ijtimoiy-huquqiy jihatlarini farqlash zarurligi haqidagi fikrlariga qo‘shilgan holda, “giyohvandlik” atamasi jinoyat-huquqiy ma’noda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar umumiy tushunchasini ifodalash uchun qo‘llaniladi deb hisoblaymiz.

    Xalqaro miqyosda muayyan moddalar va vositalarni giyohvandlik vositalari qatoriga kiritishga Birlashgan Millatlar Tashkiloti, milliy miqyosda esa milliy hukumatning vakolatli organi haqlidir. O‘zbekiston Respublikasida markaziy asab sistemasiga, bosh miyaga o‘ziga xos tarzda ta’sir kursatadigan, ko‘p marta iste’mol qilinganida giyohvandlik kasalligini keltirib chikarishi mumkin bo‘lgan, kelib chiqishi sun’iy yoki tabiiy vositalarni giyohvandlik vositalari ro‘yxatiga kiritish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatiga kiradi.

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1995-yil 27-oktyabrdagi “Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga oid jinoyatlar ishlari bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi 21-sonli qaroriga muvofiq, bunday moddalar ro‘yxati BMTning 1988-yildagi “Giyohvandlik vositalar va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Konvensiyasining 1 va 2-jadvallarida hamda 2010-yil 6-apreldagi giyohvandlik vositalari ustidan nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi davlat komissiyasining qaroriga ilovada mavjud.

    Yuqorida qayd etib o‘tilganidek, giyohvandlik vositalari jinoyat huquqi nuqtai nazaridan ahamiyatga molikdir. Ayni vaqtda, qonun chiqaruvchi organ tomonidan javobgarlikni differensiatsiyalashda giyohvandlik vositalari odam organizmiga har xil ta’sir ko‘rsatishi hisobga olinadi.

    Tarkibida giyohvandlik vositasi bo‘lgan o‘simliklar bilan bog‘liq g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlikning diferentsiatsiya qilinishi e’tiborga olinishidan dalolat beradi. Bunday jinoyatlarning predmetini ta`siri turlicha tarkibida giyohvandlik vositasi bo‘lgan o‘simliklar tashkil etadi.

    O‘zbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, tarkibida giyohvandlik vositalari bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirish davlat monopoliyasiga kirib (7-modda), maxsus vakolatli organ belgilagan tartibda bu faoliyat ilmiy maqsadlarda shug‘ullanishga litsenziya bo‘lgan taqdirda davlat korxonalariga ruhsat etiladi (21-modda). Taqiqlangan ekinlarni yetishtirish yoki ekish bunday o‘simliklarni yetishtirish maxsus ruxsat (litsenziya) bilan amalga taqdirda jinoiy javobgarlik istisno etiladi. Tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan o‘simliklar o‘stirish bilan bog‘liq faoliyatni litsenziyalash O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda litsenziat zimmasiga faoliyatni qat’iy tartibda litsenziya talablari va shartlariga rioya qilgan holda amalga oshirish majburiyati yuklanadi. Taqiqlangan o‘simliklarni ekish va o‘stishtirish kelgusida giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab tayyorlash, saqlash, tashish,jo‘natish, shuningdek, o‘tkazish yoki sotish bilan bog‘liq bo‘lsa, bunday harakatlar JK 270-moddasi va JK 273-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.

    Shunday qilib, giyohvandlik vositalari miqdorini to‘g‘ri aniqlash jazo tayinlashda muhim ahamiyatga ega, chunki bu qo‘llaniladigan javobgarlik choralarini differentsiatsiyasida muhim rol o‘ynaydi.

    Xolikov Farxod Uktamovich,

    Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoyat huquqi, kriminologiya va
    korrupsiyaga qarshi kurashkafedrasi o’qituvchisi