Harakatlar strategiyasi doirasida, avvalo, inson huquqlarini taʼminlash, davlat tashkilotlarining faoliyati, masʼuliyati va shaffofligini kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish borasida ulkan tadbirlar amalga oshirildi.
Haqiqiy bozor iqtisodiyotini barpo etish maqsadida tashqi savdo, soliq va moliya siyosati liberallashtirildi, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash tizimi yaratildi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish hamda hududlarni jadal rivojlantirish taʼminlandi.
Aholi turmush darajasini oshirish va kambagʻallikni kamaytirish davlat siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida tan olinib, yangi va munosib ish oʻrinlari yaratish, aholini malakali tibbiy va taʼlim xizmatlari, munosib yashash sharoitlari bilan taʼminlash holati yaxshilandi.
Muxtasar aytganda, 2017–2021-yillar mobaynida amalga oshirilgan Harakatlar strategiyasi natijasida yangi Oʻzbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-maʼrifiy asoslari yaratildi.
Natijada mamlakatimizda jamiyatimiz rivojining keyingi bosqichiga oʻtish ehtiyoji paydo boʻldi. Yaʼni, xalqimiz turmush darajasini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoq va sohalarini transformatsiya qilish, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari, manfaatlarini soʻzsiz taʼminlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi” va uni “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlandi.
Taraqqiyot strategiyasi 2021-yilda oʻtkazilgan Prezident saylovida Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Inson qadri uchun”, “Davlat – inson uchun”, degan gʻoyalar hamda “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari”, tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan boʻlib, u oʻtgan davr mobaynida ommaviy axborot vositalarida keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazildi va unda bildirilgan 17 ming 500 dan ortiq taklif va tavsiyalar eʼtiborga olindi.
Inson qadri va uni ulugʻlash mazkur strategiyaning tub mohiyati va uning pirovard maqsadini tashkil etadi. Hujjatda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish aynan ana shu vazifalarni hal etishga yoʻnaltirilgan.
Taraqqiyot strategiyasi 7 ta ustuvor yoʻnalish va 100 ta maqsaddan iborat.
Jumladan:
— inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;
— mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;
— milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash;
— adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish;
— maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish;
— milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish;
— mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish kabi yoʻnalishlarni qamrab olgan.
Taraqqiyot strategiyasida aholini ijtimoiy himoya qilishga juda katta eʼtibor berilgan. Unda 2026-yilga qadar ehtiyojmand aholi ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan toʻliq qamrab olinishi rejalashtirilgan. Buning uchun Ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi ishlab chiqiladi, ijtimoiy sugʻurta tizimi, jumladan, ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi tashkil etiladi, kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy yordam va xizmatlarni ijtimoiy shartnoma asosida taqdim etish yoʻlga qoʻyiladi, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi boʻlgan shaxslar boʻyicha alohida maʼlumotlar bazasi yaratiladi, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” bilan integratsiya qilinadi.
Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida boshlangʻich sinf oʻquvchilarini davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bepul ovqat (nonushta yoki tushlik) bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyiladi. Natijada mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj barcha aholini davlat tomonidan toʻla himoya qilishning barqaror tizimi yaratiladi.
Pensiya sohasida jiddiy oʻzgarishlar nazarda tutilyapti. Jumladan, 2023-yil 1-yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining oʻn barobaridan oʻn ikki barobarigacha oshiriladi. Ayollarga pensiya hisoblashda ular bolani parvarishlash taʼtilida boʻlish vaqtining hammasini jamlaganda ish stajiga qoʻshib hisoblanadigan 3 yillik davrni 6 yilga oshirish hamda bolalikdan nogironligi boʻlgan bolalarga 18 yoshgacha qaralgan davrni pensiya tayinlashda ish stajiga qoʻshib hisoblash joriy etiladi. Bu pensionerlar hayotida katta ijobiy oʻzgarishlar, ularda ertangi kunga ishonch hissining oshishiga sabab boʻladi.
Mahallaning ahamiyatini yanada koʻtarish, aholi muammolarini hal qilish hamda hududni rivojlantirish uchun zarur resurs va imkoniyatlar bilan taʼminlash maqsadida 2022-yildan tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimi yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari tizimi tashkil etildi. Barcha darajadagi rahbarlar mahallaga tushib, oʻz yoʻnalishi boʻyicha muammolarni oʻrganishi va ularga yechim topish tartibi joriy etilib, mahalladagi ishlarning ahvoli vazirlik, idora va hokimliklar faoliyatini baholashning bosh mezoni sifatida belgilanadi. Mahallalarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakolatlari kengaytirilib, ushbu maqsadda mahallaning alohida jamgʻarmasi tuziladi. Mahallalar aholisini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimi samaradorligi oshiriladi. Mahalla hududida davlat-xususiy sheriklik asosida sport va madaniy inshootlar, ijodiy klublar, bandlikka koʻmaklashish va oʻqitish markazlari, tadbirkorlik obyektlari kabi infratuzilmani yaratish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Bu chora-tadbirlar aholi farovonligini taʼminlashda mahalla institutlarining ahamiyatini yanada faollashtirish va inson qadrini ulugʻlashga xizmat qilishi shubhasiz, albatta.
Taraqqiyot strategiyasida taʼlim sifatini oshirish masalalariga juda katta eʼtibor berilgan. Negaki, har qanday jamiyat kelajagini, birinchi navbatda, aynan taʼlim sifati belgilab beradi. Shu bois, kelgusi besh yilda maktablarda qoʻshimcha 1 million 200 ming oʻquvchi oʻrni yaratiladi. Davlat va xususiy bogʻchalarni koʻpaytirish orqali maktabgacha taʼlim qamrovi 80 foizga yetkaziladi. Oliy oʻquv yurtlarining nufuzli xalqaro reytinglarga kirishi, xususiy sheriklik asosida 100 ming oʻrinli talabalar turar joyi barpo etiladi.
2022-yilda oʻrta taʼlim tizimini zamon talablariga moslashtirish maqsadida darsliklarni yangilash dasturini amalga oshirish uchun davlat byudjetidan 605 milliard soʻm ajratiladi. 141 mingta yangi oʻquv oʻrinlari yaratilib, ularning soni 2026-yil yakuniga qadar 6,4 millionga yetkaziladi.
Taraqqiyot strategiyasi doirasida 2022-yilda aholi salomatligini taʼminlash maqsadida keng qamrovli chora-tadbirlar belgilangan:
a) hududlarda birlamchi tibbiy xizmat “bir qadam” tamoyili asosida yoʻlga qoʻyilib, 105 ta oilaviy shifokor punkti va 31 ta oilaviy poliklinika tashkil etiladi;
b) xususiy tibbiyot tashkilotlarida Davlat byudjeti hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni davolashga yoʻllashning elektron axborot tizimi orqali ularga bepul tibbiy xizmat koʻrsatish mexanizmi joriy qilinadi.
Iqtidorli oʻqituvchi va shifokorlarning ish haqini malaka toifasiga qarab tabaqalashtirilgan holda qoʻshimcha oshirish choralari koʻriladi.
Taraqqiyot strategiyasida iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash masalalariga ham alohida eʼtibor berilgan:
a) 2022-yilda yillik inflyatsiya darajasini 9 foizgacha va 2023-yilda 5 foiz hamda fiskal taqchillikni 3 foizgacha pasaytirish choralari koʻriladi.
b) 2023-yildan qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 12 foizgacha hamda bank, moliya va telekommunikatsiya kabi tadbirkorlik yoʻnalishlarida foyda soligʻi stavkasi 15 foizgacha tushiriladi.
v) “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish orqali 2026-yilga qadar iqtisodiyotning energiya samaradorligi 20 foizga oshiriladi va havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmi 10 foizga qisqartiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumani uchun maxsus soliq stavkalarini oʻrnatish tajribasi asosida sharoiti “ogʻir” boʻlgan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish ishlari davom ettiriladi.
Mazkur chora-tadbirlarning amalga oshirilishi davlatimiz iqtisodiy imkoniyatlarini mustahkamlaydi va xalqimiz turmush darajasining oshishiga mustahkam zamin yaratadi.
2016-yildan boshlangan yangi iqtisodiy siyosatda qulay tadbirkorlik muhitini yaratish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Natijada tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan odamlar soni keskin koʻpaydi. Taraqqiyot strategiyasida tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan odamlarga yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida 2022-yildan boshlab bosqichma-bosqich tadbirkorlikka oid barcha majburiy talablarni yagona elektron reyestrga kiritish tartibi joriy etiladi. Takrorlovchi va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan majburiy talablar qayta koʻrib chiqilib, yagona reyestr 2025-yil 1-iyuldan boshlab toʻliq ishga tushiriladi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlarida litsenziya va ruxsat etuvchi hujjatlarni olish tartibini keskin soddalashtirish koʻzda tutilyapti. Jumladan:
– ayrim faoliyat turlariga faqat malakaviy talablarni belgilash orqali bino va inshoot, xona, asbob-uskuna, texnika vositalari, boshqa jihozlar hamda ularga boʻlgan shartlarni bekor qilish;
– faoliyat yoʻnalishidagi ehtiyojdan kelib chiqib mutaxassisni tanlash huquqini berish orqali shtatida mavjud boʻlishi shart boʻlgan xodimlarga boʻlgan talablarni qayta koʻrib chiqish;
– muayyan faoliyat bilan koʻchma tartibda, shu jumladan, avtotransport vositalaridan foydalangan holda shugʻullanish imkoniyatini yaratish;
– tegishli tashkilotlar bilan shartnomalarning mavjudligi boʻyicha talablarni qayta koʻrib chiqish;
– xizmat koʻrsatish mamlakat hududidan tashqarisida amalga oshirilishi sababli xorijdan kelgan buyurtmalar boʻyicha milliy standart va talablarni bekor qilish;
– masofaviy xizmatni koʻrsatishga ixtisoslashgan tadbirkorlik subyektlari (agregatorlar) faoliyatiga doir maxsus shartlarni belgilash orqali ayrim litsenziya va boshqa ruxsat etuvchi hujjatlarni olish boʻyicha talablarni bekor qilish choralari ishlab chiqilyapti.
Mamlakatimizda soʻnggi 5 yil mobaynida iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor uchun keng yoʻl ochish borasida keng qamrovli tadbirlar amalga oshirildi. Lekin shunga qaramasdan, hali bu borada hal qilinishi lozim boʻlgan muammolar mavjud. Shu sababli, mazkur masala Taraqqiyot strategiyasida ustuvor vazifalar qatoriga kiritildi. Bu vazifani muvaffaqiyatli bajarish uchun eksklyuziv huquqlarni bekor qilish va davlat ishtirokidagi kompaniyalarni xususiylashtirish hisobiga aholi va ijtimoiy soha obyektlariga suyultirilgan gaz yetkazib berish, sertifikatlashtirish, neft mahsulotlarini saqlash, temir yoʻllarda tashishda qoʻshimcha xizmatlarni koʻrsatish, aerovokzal va vokzal oldi komplekslarini yuritish xizmatlari hamda qayta ishlash xizmati, temir yoʻlda ekspeditorlik xizmatlari kabi 25 dan ortiq faoliyat turi boʻyicha monopoliyalar tugatiladi.
Mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojining taqdiri hududlarda hal boʻladi. Qolaversa, davlatni boshqarish tizimini xalqqa yanada yaqinlashtirish kun tartibida turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu bois, Taraqqiyot strategiyasida hududlar bilan ishlashni takomillashtirish boʻyicha qator tadbirlar belgilangan:
a) 2022–2026-yillarga moʻljallangan hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha dasturlar asosida har yili barcha tuman va shaharning muammo va imkoniyatlarini chuqur oʻrgangan holda hududlar kesimida taraqqiyot dasturlari ishlab chiqiladi;
b) har chorak yakuni boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlaridagi vazifalarning bajarilishi yuzasidan xalq deputatlari Kengashlariga, Bosh vazir oʻrinbosarlari hamda vazirlik va idoralar rahbarlari esa Oliy Majlis palatalariga hisobot beradi;
v) ijtimoiy-iqtisodiy sohani isloh qilish va ustuvor tarmoqlarni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan muhim loyihalar barcha hududlarning talablari va mahalliy tashabbuskorlarning takliflarini inobatga olgan holda mahalliy jamoatchilik ishtirokida keng muhokama qilinganidan keyin qabul qilinadi.
Davlat boshqaruvi organlarining hududiy masalalarni hal qilishdagi masʼuliyati va javobgarligini kuchaytirish hamda strategik yoʻnalishlarni rejalashtirishga qaratilgan yangi tizim yaratish maqsadida 2022-yil 1-iyuldan boshlab:
— yangi joriy etilgan tuman (shahar) hokimi yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari tomonidan doimiy ravishda mahallani oʻrganish va tahlil qilish natijasiga koʻra, ularni rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;
— barcha boʻgʻindagi davlat boshqaruvi organlarining bir yillik ish dasturini jamoatchilik ishtirokida ishlab chiqish va ularning ijro holatini doimiy eʼlon qilib borish amaliyoti joriy etiladi;
— davlat organlarida murojaatlarni tahlil qilish, ijtimoiy soʻrovlar va jamoatchilik muhokamalarini oʻtkazish natijalaridan kelib chiqib, hududlar (tuman, shahar, qishloq va mahalla) kesimida oʻz tuzilmalarining faoliyati boʻyicha dasturlar ishlab chiqiladi va eʼlon qilib boriladi;
— davlat boshqaruv organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning ijro etilishi jarayonini jamoatchilik tomonidan kuzatib borish, jumladan, ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilib borish tizimi yaratiladi;
— har bir tarmoq va hudud boʻyicha qabul qilingan dasturlar ijrosi yuzasidan rahbarlarning hisobot berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Aholiga yanada koʻproq qulayliklar yaratish tizimi faoliyati takomillashtiriladi. Jumladan, fuqarolarga hujjatlarni berish va almashtirishda, shuningdek, oʻzaro bogʻliq davlat xizmatlarini murojaatni kutmasdan taklif etish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. “Fuqarolarning raqamli pasporti” loyihasini joriy qilish hisobiga aholidan tugʻilganlik toʻgʻrisida va haydovchilik guvohnomalari, shahodatnoma va diplom kabi muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish amaliyoti bekor qilinadi. Shuningdek, keksa va nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat xizmatini koʻrsatish tizimini soddalashtirish va ularga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali qoʻshimcha qulayliklar yaratiladi.
Adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash inson qadrini ulugʻlash sari yoʻl olgan jamiyat oldida turgan eng muhim vazifalar sirasiga kiradi. Shu maqsadda 2022-yilda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga jinoyat ishlari bilan bir qatorda fuqarolik va maʼmuriy ishlar boʻyicha ham davlat hisobidan bepul yuridik yordam koʻrsatish tartibi joriy etilishi; qarori, harakati (harakatsizligi) noqonuniy emasligini maʼmuriy sudda isbotlash majburiyati, uni qabul qilgan mansabdor shaxsning oʻziga yuklash tartibi; harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni hisobga olish boʻyicha yagona onlayn elektron reyestr yuritilishi yoʻlga qoʻyilishi kabi qator choralarni joriy etish belgilangan.
Jazoni oʻtab qaytgan fuqarolarning kelgusida jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashish uchun “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish tizimi joriy qilinadi. Tadbirkorlik sohasida aniq loyihalarga ega boʻlgan jazoni oʻtab qaytgan shaxslarga bir martalik moddiy yordam berish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
Rivojlangan mamlakatlar tajribasini inobatga olgan holda, yoʻl infratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish orqali yoʻllarda avariya va oʻlim holatlarini qisqartirish boʻyicha maxsus dastur tayyorlanadi. Bunda yoʻl infratuzilmasini xalqaro standartlarga moslashtirish, harakatni boshqarish tizimini toʻla raqamlashtirish, yoʻllarda xavfsiz harakatlanish uchun barcha ishtirokchilarga munosib sharoitlar yaratish va jamoatchilikning ushbu sohadagi ishlarda keng ishtirokini taʼminlashga hamda “Ochiq byudjet” axborot portali orqali yoʻnaltiriladigan mablagʻlardan aynan mazkur yoʻnalishda samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Prezidentimiz farmonida Taraqqiyot strategiyasini oʻz vaqtida va samarali amalga oshirish barcha davlat organlari hamda ularning mansabdor shaxslari faoliyatining ustuvor vazifasi hisoblanishi alohida qayd etilgani unda belgilangan chora va tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlashga xizmat qiladi. Taraqqiyot strategiyasi besh bosqichda, yurtimizda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqib, har bir yil boʻyicha davlat dasturlari qabul qilinishini nazarda tutgan holda amalga oshiriladi.
Taraqqiyot strategiyasining umumiy raqamlariga murojaat qilsak, kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 100 milliard dollardan oshirish, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 1,4 baravar koʻpaytirish va kambagʻallik darajasini kamida 2 baravar qisqartirish rejalashtirilganligi koʻrinadi. Buning uchun kelgusi shu davrda iqtisodiyotga 120 milliard dollar, shu jumladan, 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etish, eksport hajmini yiliga 30 milliard dollardan oshirish moʻljallangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni bilan tasdiqlangan “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi” va uni “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar puxta tayyorlangan, chuqur asoslangan, jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilgan chora-tadbirlardan iborat. Ularni 2022-yilda amalga oshirish uchun davlat dasturida umumiy qiymati 55 trillion soʻm va 11,7 milliard dollarlik 398 ta loyiha amalga oshiriladi.
Bir soʻz bilan aytganda, Taraqqiyot strategiyasi jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarida mahalla institutlari ishtirokini yanada faollashtirish va inson qadrini ulugʻlash uchun mustahkam zamin yaratadi.
Obid Hakimov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori








