Vazirlar Mahkamasininig 2022-yil 2-fevraldagi “Avtomobil yoʻllari sohasida ochiqlik standartlarini joriy etish va sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan “Mening yoʻlim“ loyihasini moliyalashtirishning aniq tizimi joriy etildi. Unga asosan, 2022-yildan boshlab tuman va shaharlar byudjetlari parametrlarida hududiy ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun ajratiladigan mablagʻlarning 50 foizi “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan loyihalarni taʼmirlashga yoʻnaltirilishi qatʼiy belgilab qoʻyildi. Bu tizmi “Tashabbusli byudjet” jarayonlaridan farqli oʻlaroq, bir yilda bir marotaba oʻtkaziladi.
— Mazkur jarayonda axborot portaliga ichki yoʻllarning joylashgan manzili (geopozitsiyasi), toʻliq nomlari, uzunligi, holati (asfaltlangan, taʼmirtalab) va boshqa maʼlumotlari toʻliq kiritiladi, — deydi Iqtisodiyot va moliya vazirligi boʻlim boshligʻi Azimjon Hasanov. — Fuqarolar ichki yoʻllar reyestridan geomaʼlumotlar asosida tegishli manzilni tanlash orqali oʻz takliflarini qoldirish imkoniyatiga ega boʻladi.
Axborot portali avtomatik ravishda taʼmirlashga doir oʻrtacha narxni va tuman (shahar) byudjeti parametrlaridan kelib chiqib, har bir hududdagi taʼmirlanadigan ichki yoʻllarning umumiy xajmini aniqlaydi. Ularni taʼmirlashga doir takliflar kiritish fuqarolar tomonidan axborot portalida taqdim etilgan yoʻllardan birini tanlash orqali amalga oshiriladi.Har bir kishi ichki yoʻllarni taʼmirlashga faqat bitta taklifni ilgari surishi va bitta taklifga ovoz berishi mumkin.
Har bir tuman va shaharlarda bildirilgan takliflar boʻyicha berilgan eng koʻp ovozlar sonidan kelib chiqib, yuqoridan pastga qarab saralanadi. Gʻolib takliflar tuman (shahar) mahalliy byudjetlari parametrlarida hududiy ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun ajratilgan mablagʻlarning kamida 50 foizi doirasidagi qiymatni hisobga olgan holda, avtomatik tarzda ketma-ketlik boʻyicha aniqlanadi. Gʻolib loyihalar Ichki yoʻllar reyestrida qayd etib borilib, kelgusi uch yil davomida qayta taklif berish imkoniyati berilmaydi.
Vazirlik maʼlumotiga koʻra, joriy yilning 7-may kuni “Mening yoʻlim” loyihasining 2023-yilgi mavsumiga ovoz berish jarayoni yakuniga yetdi. Ushbu mavsum uchun respublika boʻyicha 10 317 ta tashabbusli taklif kelib tushdi. Oʻtgan yili xuddi shu jarayonda 9212 ta loyiha ilgari surilgan edi.
Bu yilgi ovoz berish jarayonida respublika boʻyicha 8 million 93 ming 918 nafar fuqaro ishtirok etdi. Uning natijalariga koʻra, 517 ta loyiha gʻolib deb topildi. Ularni moliyalashtirish uchun respublika boʻyicha 412 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Toshkent viloyati (55 ta), Qoraqalpogʻiston Respublikasi (54 ta), Samarqand va Andijon viloyatlari (40 tadan)ni eng koʻp loyihalar gʻolibi sifatida keltirish mumkin.
Amaldagi nizomga muvofiq, gʻolib deb topilgan loyihalar boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ushbu takliflarni ilgari surgan fuqarolar jalb qilingan holda, ishlab chiqiladi. Ularni amalga oshirish boʻyicha ichki yoʻllarni loyihalashtirish,taʼmirlashda tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari buyurtmachi vazifasini bajaradi.
Mahalliy byudjetlar parametrlarida hududiy ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun ajratilgan mablagʻlardan samaralifoydalanishnitaʼminlash hamda jamoatchilik nazoratini oʻrnatish maqsadida gʻolib deb topilgan takliflarni moliyalashtirish uchun ochilgan gʻazna hisobvaraqlar axborot portaliga biriktiriladi va foydalanuvchilarga ajratilgan mablagʻlar hamda ularning sarflanishi yuzasidan real vaqt sharoitida maʼlumotlar bilan tanishib borish imkoniyati yaratiladi.
Yoʻl qurish va uning obodligini taʼminlash savobli ish. Chunki, bu vazifa inson qadri, el roziligi bilan chambarchas bogʻliq. Shu bois joylarda ichki yoʻllarni taʼmirlash boʻyicha mavjud muammolarning aynan fuqarolarning talab hamda takliflari asosida hal etilishi ularning sifatli va ravon, manzillarning yaqin boʻlishiga xizmat qiladi.
Gʻoliblar jamotchilik fikri asosida aniqlanadi
Soʻnggi uch yilda turli dasturlar doirasida 9 ming 500 ta mahallaga 57 trillion soʻm ajratildi. Bu mablagʻlar hisobiga 3 ming 500 ta mahallada ichki yoʻllar, yana shunchasida bogʻcha, maktab va shifoxona taʼmirlandi. 1 ming 19 ta mahallada ichimlik va oqova suvi taʼminoti yaxshilanib, 452 tasi zamonaviy qiyofaga keltirildi.
Bu yil mahallalarga ajratilayotgan mablagʻlar koʻlami 25 trillion soʻmga yetkazilishi, “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida 8 trillion soʻm yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan. Shundan 2 trillion soʻm “Tashabbusli byudjet” jarayonlari uchun tuman va shahar byudjetlarida rejalashtirilgan, 4 trillion soʻm “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilishi moʻljallangan.
Odamlarni qiynab kelayotgan muammolarni koʻproq hal etish maqsadida 2023-yildan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar byudjeti qoʻshimcha mablagʻlarining 30 foizi ham fuqarolar fikri asosida yoʻnaltiriladigan boʻldi. Bungacha bunday talab faqat tuman-shaharlar byudjetiga taalluqli edi. Endilikda mahalliy byudjetlar tomonidan ajratilgan qoʻshimcha pullar hisobiga 1,7 trillion soʻm miqdoridagi mablagʻlar Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmalariga oʻtkaziladi.
Haqiqatan, koʻlam ham, mablagʻ ham toboro ortib boryapti. Aslida bundan toʻrt yil oldin bunday imkoniyat va koʻrsatkichlarni tasavvur etib boʻlmas edi. Qolaversa, aholi kundalik hayot tarzi bilan bogʻliq masalalar yechimiga ajratilgan mablagʻlar kerakli manzilga yetib bormasligi, bu borada ular ishtiroki va nazoratining yoʻqligi muammolarning toʻplanib qolishiga sabab boʻlardi. Yaʼni, har bir soliq toʻlovchi oʻz “burchi”ni bajarardi, ammo byudjet, ayniqsa, mahalliy byudjet mablagʻlarining qayoqqa va qanday sarflanishidan bexabar qolardi. Ularni taqsimlashdagi jamoatchilik ishtiroki va nazorati haqida gapirmasa ham boʻladi.
Buning ustiga dasturlarni bajarishda masʼuliyatsizlik, qonun buzilish holatlari ham roʻy berib turardi. Oʻtgan yil oktyabr oyida Bosh prokuratura tomonidan uyushtirilgan brifingda aytilishicha, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi boʻyicha Respublika shtabi tomonidan hududlarda oʻtkazilgan oʻrganish ishlari yuklatilgan vazifa va topshiriqlar ijrosida kamchilikka yoʻl qoʻygan hamda oʻz vazifasini lozim darajada bajarmagan 427 nafar masʼullar intizomiy, 724 nafari maʼmuriy javobgarlikka tortildi, 3040 nafar shaxs rasman ogohlantirildi. Qoʻpol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 185 ta jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi, 880 nafar fuqaro va tadbirkorlarning buzilgan huquqlari tiklangan...
Ana shunday kamchilik va qonunbuzarlik holatlarining oldini olish maqsadida obyektlar pudratchisini tanlashdagi korrupsiya holatlarini oldini olish maqsadida pudratchilarning reytingini haqqoniy tarzda, inson omilisiz aniqlash hamda tender oʻtkazishda adolatli raqobat muhitini taʼminlash yuzasidan takliflar ishlab chiqilib, hukumat tomonidan ularni amaliyotga tatbiq etish choralari koʻrildi.
Prezidentimizning oʻtgan yil 25-oktyabrdagi “Jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan loyihalarni moliyalashtirish koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini jamoatchilik fikri asosida tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlari orqali amalga oshirish vazifasi qoʻyildi. Yaʼni, 2023-yildan boshlab mahallalardagi infratuzilma uchun mablagʻlar faqatgina “Tashabbusli byudjet” orqali aholi ovoz bergan loyihalarga ajratilishi belgilandi. Bunday loyihalari uchun mablagʻlar oʻtgan yilgiga nisbatan 3,5 barobarga oshirildi.
— Shunda adolat boʻladi, odamlar oʻzlari hissa qoʻshgan loyihalarni, albatta asrab-avaylaydi, — degan edi shu masalada oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari.
Vazirlar Mahkamasining shu yil 3-maydagi qaroriga koʻra, mazkur jarayonlarni hayotga tatbiq etishning yangi tartib-tamoillarini qamrab olgan nizom tasdiqlandi.
— Endilikda jamoatchilik fikri asosida loyihalar toʻplami mahallalar (qishloqlar) boʻyicha shakllantiriladi va gʻolib sifatida mahallalar (qishloqlar) aniqlanadi. — deydi Iqtisodiyot va moliya vazirligi departamenti boshligʻi Sherzod Muhammedov. — Dasturlar doirasida jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish va ular uchun ovoz berish jarayoni – har yili noyabr–dekabr oylarida tashkil etiladi. 2023-yil uchun istisno tariqasida may oyida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Jarayonlar 3 ta bosqichda amalga oshiriladi: 1-bosqichda — portalda loyihalar toʻplami shakllantiriladi; 2-bosqichda — shakllantirilgan loyihalar toʻplami saralab olinadi; 3-bosqichda — saralash bosqichidan oʻtgan loyihalar toʻplamlariga ovoz beriladi.
Gʻolib mahallalar (qishloqlar) ovoz berish jarayoni boshlanishidan avval keng jamoatchilikka eʼlon qilingan holda, loyihalar toʻplamiga berilgan ovozlar soni inobatga olinadi, Aholisi soni kam boʻlgan mahallalarga (qishloqlarga) loyihalar toʻplamiga berilgan ovozlar sonidan kelib chiqqan holda, tuzatish koeffitsiyenti qoʻllaniladi.
Ovoz berish jarayoni yakunlariga binoan, har bir tuman (shahar) uchun jamgʻarmada shakllantirilgan mablagʻlar doirasida eng yuqori koʻrsatkichni egallagan loyihalar toʻplami gʻolib deb topiladi. Bunda loyihalar toʻplami gʻolib deb topilishi uchun kamida 100 ta ovoz toʻplashi lozim.
Ovoz berish yakunlangandan soʻng 3 kunda gʻolib deb topilgan loyihalar toʻplamini amalga oshirish boʻyicha manzilli roʻyxat shakllantiriladi hamda jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha tuman (shahar) maxsus komissiyasining tegishli qarori qabul qilinadi.
Tuman (shahar) hokimligi tomonidan 3 kunda loyihalar uchun manzilli roʻyxatda nazarda tutilgan mablagʻlar oʻtkazib beriladi. Har yil yakunlari boʻyicha jamoatchilik fikri asosida loyihalarni shakllantirish bilan bogʻliq jarayonlarda faol ishtirok etgan fuqarolar ragʻbatlantirib boriladi.
Abdurauf Qorjovov,
iqtisodiy sharhlovchi