Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshligʻi Azimjon Hasanov maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, joriy mavsum 6-iyuldan 1-sentyabrga qadar yaʼni 57 kun davomida 4 ta bosqich doirasida oʻtkaziladi va ovoz berish bosqichidan oldin loyihalarni targʻibot qilish uchun 7 kun muddat ajratiladi.
Loyiha toʻrtta bosqichda amalga oshiriladi. Jumladan:
1-bosqich: 6-26-iyul kunlarida 20 kun davomida – loyihalarni shakllantirish bosqichi oʻtkaziladi. Ushbu bosqichda fuqarolar "Ochiq byudjet" portali orqali oʻz tashabbuslarini ilgari suradilar;
2-bosqich: 26-iyuldan-15-avgustga qadar saralash bosqichi oʻtkaziladi. Ushbu bosqichda 20 kun davomida hududiy ishchi komissiyalar kelib tushgan loyihalarni belgilangan mezonlar asosida saralab oladilar;
3-bosqich: 15 — 22-avgust kunlari – saralash bosqichi yakunlariga koʻra ovoz berish bosqichiga oʻtkazilgan loyihalar boʻyicha targʻibot kampaniyalari oʻtkaziladi;
4-bosqich: 22-avgustdan — 1-sentyabrga qadar – 10 kun davomida loyihalarga ovoz berish bosqichi oʻtkaziladi.
Maʼlumot uchun, joriy mavsum uchun mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 2,0 trln soʻmdan ortiq mablagʻlar yoʻnaltirilishi kutilmoqda.
Shuni ham alohida aytib oʻtish kerakki, bir fuqaro oʻz nomida bir nechta sim-karta boʻlishiga qaramay faqat bitta raqamdan bir marotaba ovoz berish imkoniyatiga ega.