Ba’zan ko‘chada ketayotib yo‘l betidagi yozuvlarni bir-biriga ulab, hijjalab o‘qib ham biror ma’no topa olmaysiz, xunob bo‘lasiz. Uning davlat tilida emasligi dilingizni xira qiladi, ayni mana shu ishga diqqatni oshirish haqida o‘ylay boshlaysiz. Tilga bo‘lgan hurmat hissini oshirish, bu boradagi ishlarni namoyon etish haqida gap ketar ekan, albatta ko‘cha yozuvlari, peshlavhalarning joylashtirilishi va ularning davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiqligi asosiy e’tiborda bo‘ladi.

Negaki, tashqi reklama, ko‘chadagi yozuvlar o‘tgan-qaytgan kishiga dars beradi, yo‘l ko‘rsatadi va madaniyat, ma’naviyatni ifodalovchi vosita bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlari ijrosini ta’minlash hamda Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori talablari doirasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Tashkil etilgan ishchi guruh a’zolari ishtirokida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilyapti. Tadbirkorlik sub’ektlarining ayni bu boradagi ma’lumot va bilimlarini oshirish, sohaga oid huquqiy hujjatlarning ijrosini ta’minlash – kun tartibining dolzarb masalasi bo‘lmoqda. Bundan roppa-rosa bir asr muqaddam Fitrat tomonidan aytilgan til haqidagi fikrlar hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. O‘tgan asrda bir qator ma’rifatparvarlarimiz turkiy tillar oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tili, o‘zbek imlosi haqida munozaralar olib bordi, matbuotlarda chiqish qildi. Bulardan ko‘zlangan maqsad shu ediki, tilimizning taraqqiy etishi, xalqni savodsizlikdan qutqarish, ma’rifatga chorlash…

Abdurauf Fitrat tomonidan tuzilgan “Chig‘atoy gurungi”ning maqsad va maslagi ham shunday edi, aslida. O‘zbek tili jahondagi boy va qadimiy tillardan biridir. Istiqlol yillarida ona tili haqiqiy ma’noda davlat tiliga aylandi , desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugungi kunda o‘zbek tilining xalqaro minbarlarda ham jarang sochayotganligi bizga cheksiz g‘urur va iftixor baxsh etadi. Yangi O‘zbekistonda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” tamoyili asosida 3-renessansga qadam qo‘yayotgan bir vaqtda davlat tilining o‘rni va ahamiyatini alohida ta’kidlash joiz.

Hozirgi kundagi jamiyatimizning eng e’tiborli masalalaridan biri, shubhasiz, O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida yangi tahrirdagi qonunidir. 1989-yil 21-oktabrda qabul qilingan hamda 1995 yil 21 dekabrda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan amaldagi qonundan ushbu yangi tahrirdagi qonun tubdan farq qiladi. Yangi qonunning 3-moddasida O‘zbekiston Respublikasining davlat tili milliy qadriyat sifatida e’tirof etilgan bo‘lsa, 5-moddasida davlat tilini O‘zbekiston Respublikasining madaniy merosi sifatida targ‘ib etilishi belgilab qo‘yilgan.

Bu tushunchalar avvalgi qonunda ko‘rsatilmagan. Qonunning 8-moddasida davlat organlari va tashkilotlarining davlat tiliga oid davlat siyosati va uni rivojlantirish sohasidagi vakolatlarining belgilab qo‘yilganligi davlat organlari va tashkilotlariga bir qator vakolatlar berish bilan birga qator vazifalarni ham yuklaydi.

Qonunning 11-moddasida davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari o‘zining xizmat va professional vazifalarini bajarishi uchun davlat tilini bilishlari shartligi belgilab qo‘yilgan, shu bilan birga davlat organlari va tashkilotlari kasb, mutaxassislik, lavozim vazifalarini bajarish uchun davlat tilini bilmaydigan o‘z xodimlariga davlat tilini o‘rganishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berishi ham ko‘rsatib o‘tilgan.

Davlat tiliga e’tibor til siyosati darajasiga ko‘tarilishiga qaramay, ayrim hollarda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosi yetarlicha ta’minlanmayotganiga guvoh bo‘lamiz. Bunga, avvalo, ona tilimizga bo‘lgan e’tiborsizligimiz, beparvoligimiz, ko‘rib ko‘rmaslikka olishimiz sabab bo‘lmoqda.

Biror yumush bilan davlat tashkilotlari, korxonalarga kiramiz, bu yerda ham ba’zi ma’lumotlarni, hujjatlarni boshqa tillarda ekanini ko‘ramiz. Ba’zan bitta peshlavhada ikki xil alifbo – kirill va lotin yozuvi aralash qo‘llanganini uchratamiz. Lekin hech birimiz, nega bu yozuvlar davlat tilida emas, nega imlo xatolari bilan yozilgan, demaymiz. Axir, til – ma’naviyat ko‘zgusi. Uning sofligini saqlash har birimizning muqaddas burchimiz bo‘lmog‘i lozim.

Davlat tiliga oid masalalarga barchamiz mas’ul bo‘lmog‘imiz lozim. Amaldagi qonunning 5-moddasida O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida yoki reklama beruvchining xohishiga ko‘ra, boshqa tillarda tarqatilishi belgilangan edi. Ammo bu “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunning 20-moddasiga muvofiqlashtirilmagani sababli ko‘plab muammolar va reklama beruvchilarning e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgan edi. Reklama to‘g‘risidagi qonuning yangi loyihasida esa reklama tiliga batafsil to‘xtalib o‘tilgan.

Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama o‘zbek tilida tarqatilishi va reklama mazmunining tarjimasi qo‘shimcha ravishda boshqa tillarda takrorlanishi mumkinligi belgilanmoqda. Reklama mazmunining tarjimasi uning davlat tilidagi asosiy ma’nosini buzmasligi, shuningdek, tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni davlat tilida berilgan matnining pastki qismida gorizontal holatda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining 40 foizidan oshmasligi ko‘zda tutilgan.

Qonun loyihasida tele va radiokanallarda tarqatiladigan reklamalar, bosma nashrlarda va Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtiriladigan reklamalarning boshqa tillardagi tarjimasi belgilangan me’yorlar asosida tartibga keltirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bunda xorijiy tajribalarga asoslanib, eng muhimi, mamlakatda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirishga e’tibor qaratilgan. Shuning uchun ham Reklama to‘g‘risidagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda 90 foizdan ortiq ovoz bilan qabul qilindi.

“Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirdagi loyihasida nafaqat til masalasi, balki ma’naviyatimizga oid normalar ham o‘z aksini topmoqda. Ya’ni, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti hamda xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda reklamaga qo‘yilgan talablar kuchaytirilmoqda va yangi normalar kiritilmoqda.

Qo‘mita xodimlari viloyatlar va shahar hokimliklari bilan birgalikda ishchi guruhlar tarkibida joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqdalar. Shuningdek, tadbirkorlarga tashqi reklama matnlari davlat tilida rasmiylashtirilishi va boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkinligi, turli xil ajnabiy nomlar ma’naviyatimizga va mentalitetimizga to‘g‘ri kelmasligi to‘g‘risida tushunchalar berib kelinmoqda.

Ilm-fan, texnika shiddat bilan rivojlanayotgan davrda tilimiz sofligini saqlash, joylarga nom tanlashda ma’naviyatimiz va mentalitetimizga xos, asosiysi o‘zbekcha nomlar tanlash, turli sohalar orqali tilimizga kirib kelayotgan yangi atamalarni o‘zbekcha muqobillarini yaratish dolzarb vazifalardandir. Xulosa o‘rnida ta’kidlaymizki, ijtimoiy hayotimizda davlat tili, ma’naviy qadriyatlarimiz bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda barchamiz birdek mas’ulmiz.



Shahnoza OBLOQULOVA,

Shofirkor tumani hokimining

ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha maslahatchisi