Jumladan, Jahon resurslari instituti (World Resources Institute) prognozlariga koʻra, 2040-yilga borib, Oʻzbekiston suvning eng sezilarli taqchilligi kuzatiladigan 33 mamlakat qatoridan joy oladi.
Statistikalar uzundan uzun, tahlillarning adogʻi yoʻq. Biroq bunday jarayonda yagona yechim — bor suvni toʻgʻri boshqarish hamda uning isteʼmol muddatini imkon qadar oshirish.
Kelajakda ehtimoli yuqori suv tanqisligi muammosini hal qilish uchun Oʻzbekiston suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va irrigatsiya tizimini modernizatsiyalash orqali suv resurslarini tejash va ekologik vaziyatni yaxshilash yoʻlidan bormoqda. Ushbu choralar Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida bayon qilingan. Suv tejamkorligiga erishish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar qatorida “Fargʻona vodiysida suv resurslarini boshqarish. II bosqich” loyihasi ham bor.
Mazkur loyihaning B komponenti “Qishloq xoʻjaligini intensifikatsiyalash va diversifikatsiya qilishni qoʻllab-quvvatlash hamda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish” deb nomlanadi. Loyiha Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan, uning doirasida Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida qishloq va suv xoʻjaligi sohasi mutaxassislarining bilim va malakasini oshirish, shu bilan birga, qator xoʻjaliklarda suv resurslarini boshqarish, sugʻorishga suv tejovchi ilgʻor texnologiyalarni joriy etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. — Iqlim oʻzgarishining suv resurslari va qishloq xoʻjaligiga taʼsiri Oʻzbekiston uchun juda muhim, chunki geografik joylashuvi tufayli yurtimiz butunlay sunʼiy sugʻorishga bogʻliq, — deydi Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Shuhratjon Ergashev. — Mamlakatimizda suv taqchilligi koʻlami ortib borayotgani taraqqiyotimizga toʻsqinlik qiluvchi asosiy omillardan biriga aylanishi mumkin. Sugʻoriladigan dehqonchilik mintaqa daryolari havzalaridan olinadigan suvning 90 foizdan ortigʻini tashkil etadi, oziq-ovqat va energiya xavfsizligini taʼminlash zarurati tufayli suvga ehtiyojimiz ortadi. Bu qishloq xoʻjaligida suv resurslari boshqarilishini takomillashtirishni asosiy maqsadga aylantiradi.
“Fargʻona vodiysida suv resurslari[1]ni boshqarish. II bosqich” loyihasini rivojlantirishdan koʻzlangan maqsad qishloq xoʻjaligidan foydalanuvchilarga sugʻorish va drenaj xizmatlari koʻrsatish sifatini oshirishdan iborat. Loyiha toʻgʻridan-toʻgʻri taʼlim faoliyati, maʼlumot tarqatish, texnologiyalar namoyishi, tajriba almashish va boshqa axborot, moliyaviy va texnik yordam manbalarini qamrab oladi.
B komponenti ikkita kichik qismdan iborat boʻlib, birinchisi, qishloq xoʻjaligini intensifikatsiyalash va diversifikatsiya qilish, ikkinchisi esa suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish hisoblanadi.
Fargʻona vodiysi fermer va dehqonlari uchun oʻquv mashgʻulotlari suv xoʻjaligi tizimidagi innovatsion yechimlar va koʻrgazmali maydonlarning afzalliklari boʻyicha institutsional bilimni oshirish maqsadida Yevropa Ittifoqi granti va Oʻzbekiston Respublikasining suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020- 2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi doirasida tashkil etilgan. Sh.Ergashevning qayd etishicha, loyiha doirasida yer ostidan suv tortadigan 4 ta nasos rekonstruksiya qilindi, Oqboʻyra kanali yon-atrofi betonlashtirildi. Bundan tashqari, suv oʻlchash jihozlari, payvandlash apparatlari, shu bilan birga, xodimlarning ish unumdorligini oshirish uchun yengil avtomashina, 16 ta motoroller, 80 ta velosiped berildi.
Bugun fermer va dehqonlar oʻrtasida suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishni ommalashtirish, buning uchun ularda tejamkorlik munosabatini shakllantirish asosiy masalalardan biri. Qachonki, ular zamonaviy sugʻorish tizimining anʼanaviy sugʻorish tizimidan ustunligini anglab yetsa, natija shunga yarasha yanada yuqori boʻladi. Bunga erishishning yagona yechimi esa fermer va dehqonlarni mazkur yoʻnalishlarda oʻqitishdir. Shu maqsadda loyiha doirasida seminar-treninglar tashkil etilgan.
Oʻquv dasturlarida shu yil oktyabriga qadar qariyb 1 ming 800 tinglovchi qatnashib, bilimini oshirgan. Qishloq xoʻjaligiga yoʻnaltirilgan seminarlarda esa fermer va dehqon xoʻjaliklari, qishloq xoʻjaligi mutaxassislaridan 3 mingga yaqini ishtirok etgan. Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi “Tohirjonov Umidjon” fermer xoʻjaligi rahbari Umidjon Tohirjonov ham ana shunday oʻquv dasturlarida qatnashib, kartoshka ekilgan 5 gektardan oshiq dalaga loyiha granti asosida suv tejovchi texnologiyalar oʻrnatgan. Fermerning taʼkidlashicha, bu texnologiya qoʻllanilgan maydonda boshqa dalalardagiga nisbatan hosildorlik gektariga 10-15 tonna yuqori boʻldi. Shuning uchun ham fermer kelgusi yillarda barcha ekin maydoniga ushbu texnologiyalarni oʻrnatmoqchi.
Fargʻona viloyati Quvasoy shahrida joylashgan “Koʻpaysinobod” fermer xoʻjaligi rahbari Shokirjon Qorayev ham bundan 6 yil ilgari bogʻining 5 gektariga loyiha granti asosida tomchilatib sugʻorish tizimini oʻrnatgan edi. — Suv bizning hududda ham borgan sari taqchillashib bormoqda. Boshida butun bogʻni toʻliq sugʻorish uchun haftalab ovora boʻlganimizni juda yaxshi eslayman, — deydi Sh.Qorayev. — Suvni qoʻriqlab olis-olislardan olib kelish oʻzi bir mashaqqat boʻlsa, kechasi uxlamay bogʻ sugʻorish yana bir mashaqqat edi. Suv tejovchi texnologiyalar esa nihoyatda qulay. Suv deb yugurmaysiz, qoʻshasiz, oʻchirasiz. Hammasi avtomatlashtirilgan. Qaysi qator qancha suv ichishi kerak — bari jadval asosida. Bogʻbon uchun bundan zavqlisi bormi?!
Fargʻona vodiysida mazkur loyiha doirasida ekin maydoniga bunday zamonaviy texnologiyalar oʻrnatgan dehqon va fermerlar koʻpchilikni tashkil etadi. Ularning deyarli barchasi kam suv sarflab, koʻp hosil olmoqda. Aslida, bugungi kunning asosiy talabi aynan shu emasmi?
Demak, mamlakatimizning barcha hududlarida amalga oshirilayotgan bu kabi loyihalarni yanada jadallashtirish nafaqat suvni tejashga, balki hosildorlikni oshirishga ham xizmat qiladi. Zero, suvni tejash bugungi kunda tavsiya emas, talab boʻlishi kerak.
Jonibek ALIJONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri