Bu yo'nalishdagi mavjud holat ichimlik suvi etkazib berish tizimini modernizatsiya qilishga to'sqinlik qilmoqda.
Keling, fikrlarimizni bir boshdan mantiqiy savollar asosida tushuntirishga harakat qilamiz.
Ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun tariflar kim tomonidan tasdiqlanadi?
Prezidentning 2020 yil 25 sentyabrdagi PF-6074-sonli Farmoniga asosan ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun tariflar Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qarorlari bilan tasdiqlanadi.
Barcha hududlarda tarif narxlari bir xil bo'ladimi?
Tariflar hududlarning geografik joylashuvi, suv manbalaridan aholi punktlarigacha bo'lgan masofa, elektr energiyasi sarfi, suv manbalarining loyqa-tiniqligi, chuchuk va sho'rligi, qattiqlik darajasiga qarab qayta ishlash va boshqa xarajatlardan kelib chiqqan holda hududlar kesimida turlicha belgilanadi.
Ichimlik suvining respublika bo'yicha o'rtacha narxi qancha?
Bugungi kunda aholiga markazlashgan ichimlik suv tarmog'i orqali etkazib berilayotgan 1 m3 (1 000 litr) ichimlik suvining respublika bo'yicha o'rtacha narxi 1 384 so'mga teng.
Ma'lumot sifatida, respublikada 1 m3 (1 000 litr) ichimlik suvining eng arzon narxi Toshkent shahrida 400 so'mni, eng baland narxi Navoiy viloyatida 3 000 so'mni tashkil etadi.
Ichimlik va oqova suv xizmatlari tarif darajalari so'nggi 3 yilda o'zgarmagan. Buning natijasida o'rta hisobda 40 foizga oshgan tannarx xarajatlari hisobidan 960 mlrd so'm qoplanmasdan qolgan.
Bugungi kunda, 1 m3 (1 000 litr) ichimlik suvini ishlab chiqarish o'rtacha tannarxi 1 681 so'mni tashkil etadi. Misol uchun, ichimlik suv narxi tannarxiga nisbatan:
– Qoraqolpog'istonda 1,7 barobarga (suv narxi – 1 850 so'm, ishlab chiqarish tannarxi – 3 221 so'm);
– Sirdaryo viloyatida 1,9 barobarga (suv narxi – 1 250 so'm, ishlab chiqarish tannarxi – 2 374 so'm);
– Toshkent viloyatida 1,8 barobarga kam (suv narxi – 950 so'm, ishlab chiqarish tannarxi 1 722 so'm).
Natijada suv ta'minoti korxonalari 2021 yilda 127,4 mlrd so'm, 2022 yilda 286,8 mlrd so'm (audit xulosasi olinmagan) va 2023 yil I choragida 120,4 mlrd so'm zarar ko'rgan.
SHu bilan birga, Prezidentning 2022 yil 24 maydagi PQ-257-son qarori 2- va 4-bandlariga binoan, ko'cha kolonkasi foydalanuvchilariga ichimlik suv tarmoqlarini uy xo'jaligigacha kiritish va 2023 yil 1 yanvardan boshlab aholiga qiyoslash muddati tugagan suv hisoblagichlarni yangisiga almashtirish “O'zsuvta'minot” AJ va hududiy suv ta'minoti korxonalarining mablag'lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, respublika bo'yiicha yuqoridagi ishlarni amalga oshirish uchun jami 902 mlrd so'm mablag'lar talab etiladi. Ushbu mablag'lar bugungi kungi tarif xarajatlarida ko'zda tutilmagan.
Bundan tashqari, ichimlik va oqova suv inshootlarini qo'riqlash xizmat to'lovlari so'nggi uch yilda 6 marta oshgani natijasida 18,5 mlrd so'm qo'shimcha to'lovlar kelib chiqqan.