Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyati hamda bolalarga nogironlikni belgilash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 28 Noyabr 2021 8016

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Fuqarolarni ortiqcha ovoragarchilik va byurokratik to‘siqlarsiz tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o‘tkazish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘laqonli hayot tarzini yuritish hamda o‘z huquqlari va salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, ularni reabilitatsiya qilishga to‘g‘ri yo‘naltirish hamda tegishli chora-tadbirlar bilan qamrab olish ko‘lamini yanada kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat Dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida:

    1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 25 martdagi “Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi PF–6195-son Farmoniga muvofiq Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tizimiga o‘tkazilganligi hamda unga fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o‘tkazish va nogironlikni belgilash tizimini yanada takomillashtirish vazifasi yuklanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

    2. Fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o‘tkazish va nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

    fuqarolarga nogironlikni belgilashda korrupsiyaning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik;

    nogironlikni belgilashda fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklarini bartaraf etish, sohada mavjud byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bekor qilish;

    ma’lumotlar elektron bazasini shakllantirish orqali fuqarolarga zamon talablariga javob beradigan samarali xizmat ko‘rsatish tizimini shakllantirish.

    3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

    a) 2021 yil 1 dekabrdan boshlab:

    shaxs sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga (keyingi o‘rinlarda – tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi) borish imkoniga ega bo‘lmagan holatda nogironlikni belgilash biriktirilgan hududlarga chiqib ko‘chma majlislarda, shaxsning uyida yoki davolanishda bo‘lgan statsionarda hamda sirtdan ko‘rikdan o‘tkazish orqali tashkil etiladi;

    nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo‘lgan shaxslarni klinik-funksional ma’lumotlarni olishga doir qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazmasdan turib, tasdiqlangan kasalliklar ro‘yxati asosida fuqaroning ishtirokisiz ular nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilganda nogironlik muddatsiz davrga belgilanadi;

    tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ishlashi mumkin bo‘lgan kasblar bo‘yicha tavsiyalar beriladi.

    b) 2022 yil 1 avgustdan boshlab dastlab Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida hisobga olish va ko‘rikdan o‘tkazishning yangi “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda – axborot tizimi) joriy etiladi.

    Bunda, fuqarolarga nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanadigan (tibbiy yo‘llanma, kasallik tarixi va ambulator kartadan ko‘chirmalar va boshqa) ma’lumotlar axborot tizimiga elektron tarzda kiritilishi ta’minlanadi;

    v) 2023 yil 1 yanvardan boshlab axborot tizimi respublikaning boshqa barcha hududlarida to‘liq joriy etiladi.

    Bunda:

    nogironlikni belgilashda davolash-profilaktika muassasalarining yo‘llanmalari, kasallik tarixidan ko‘chirmalar, ambulator karta, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi hamda mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holdagi baxtsiz hodisa yoki sog‘liqning boshqacha tarzda shikastlanganligi to‘g‘risidagi hujjatlar to‘liq axborot tizimi orqali qabul qilinadi;

    vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi hamda mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holdagi baxtsiz hodisa yoki sog‘liqning boshqacha tarzda shikastlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Yagona mehnat milliy tizimi” idoralararo dasturiy-apparati hamda axborot tizimi orasida ma’lumot almashinuvi asosida olinadi;

    axborot tizimidagi fuqaroga tegishli ma’lumotlardan kelib chiqib, organizmning funksiyasi buzilishi va hayot faoliyati chegaralanishini hisobga olgan holda nogironlikni fuqarolarning ishtirokisiz belgilash tartibi joriy etiladi;

    nogironligi bo‘lgan shaxsga taalluqli bo‘lgan ma’lumotlar, davolovchi hamda tibbiy xulosa bergan shifokorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar axborot tizimida qayd etib boriladi;

    nogironlik belgilangan shaxslarga pensiya va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash uchun elektron ma’lumotlar “Pensiya” hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimlariga avtomatik tarzda yuboriladi.

    4. Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari (keyingi o‘rinlarda – pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari) tashkil etilsin va shu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimining shifokorlari zimmasiga 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nogironlikni belgilash bo‘yicha yuklatilgan qo‘shimcha funksiyalar bekor qilinsin.

    5. Belgilab qo‘yilsinki:

    18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogironligi bo‘lgan bola deb topish pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi;

    18 yoshdan katta fuqarolarni nogironligi bo‘lgan shaxs deb topish tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi;

    pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi tuzilma hisoblanadi.

    6. Quyidagilar:

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida ikkitadan pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari;

    Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida bittadan pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari;

    Qashqadaryo, Sirdaryo, Xorazm va Namangan viloyatlarida qo‘shimcha ravishda bittadan tumanlararo tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari;

    Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasida 3 nafar shtat birligidan iborat informatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘limi tashkil etilsin.

    Bunda, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi
    va tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining shtat birliklari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 maydagi “Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi PF–6221-son Farmoniga muvofiq ajratilgan shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi.

    7. Pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

    18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o‘tkazish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlari bilan birgalikda nogironlikni belgilash sohasida davlat dasturlarini ishlab chiqishda qatnashish;

    18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogironlikka olib keluvchi omillarni o‘rganish hamda sog‘lig‘i yomonlashuvining oldini olish chora-tadbirlarini ishlab chiqish;

    nogironligi bo‘lgan bolalarni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish sohasini nazorat qilish va muvofiqlashtirish;

    sohaning joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olgan holda kadrlarni o‘qitish, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg‘or usullarini tizimli asosda joriy etishda qatnashish.

    8. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida hisobga olish va ko‘rikdan o‘tkazishning elektron axborot tizimini yaratish va kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    9. Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A.Inakov) bilan birgalikda:

    bir oy muddatda Sog‘liqni saqlash vazirligining 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nogironlikni belgilash masalalari uchun mas’ul tibbiyot muassasalaridagi nogironlikka oid tibbiy xulosani berish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha hujjatlar belgilangan tartibda xatlovdan o‘tkazilishini va tegishli pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalariga topshirilishini ta’minlasin;

    ikki oy muddatda davlat tibbiyot muassasasi tomonidan fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborish tartibini nazarda tutuvchi vrachlik–maslahat komissiyasi to‘g‘risida nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

    2022/2023 o‘quv yilidan boshlab tibbiy-ijtimoiy ekspertiza, reabilitologiya, tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya mutaxassislarini tayyorlashdagi magistratura, klinik ordinatura, qayta tayyorlash va malaka oshirish o‘quv dasturlarini xalqaro ta’lim standartlari asosida takomillashtirish choralarini ko‘rsin;

    har besh yilda kamida bir marta tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati tizimining tibbiyot xodimlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalari va respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida mutaxassisligi va tibbiy-ijtimoiy ekspertiza bo‘yicha malaka oshirishi hamda birlamchi ixtisoslashtirish kurslaridan bepul o‘tishini ta’minlasin.

    10. Mazkur qaror qabul qilingunga qadar berilgan nogironlik to‘g‘risidagi eski namunadagi ma’lumotnomalar hamda rasmiylashtirilgan eski namunadagi nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturlari navbatdagi qayta ko‘rik o‘tkazilgunga qadar yoki reabilitatsiya tadbirlarini amalga oshirish (agar nogironlik muddatsiz belgilangan bo‘lsa) tugagungacha haqiqiy hisoblanishi belgilab qo‘yilsin.

    11. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A.Inakov) Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov), Moliya vazirligi (T.Ishmetov) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022 yil 1 iyunga qadar BMTning Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va YUNISEFning texnik ko‘magini jalb qilgan holda nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini ishlab chiqsin.

    Bunda, xalqaro tajribani o‘rgangan holda Sog‘lig‘i va hayot faoliyatining (funksiyalarining) cheklanishi xalqaro klassifikatsiyasi asosida fuqarolarga nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga o‘tish Konsepsiyasini ishlab chiqish nazarda tutiladi.

    12. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining asoslantirilgan takliflariga muvofiq ushbu qarorda ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishga va tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmatining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shu jumladan, yangi tashkil etilayotgan pediatriya va tumanlararo tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarini transport vositalari bilan ta’minlash, shuningdek, axborot tizimini yaratish, kadrlar tayyorlash uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni 2021 yilda Davlat byudjeti parametrlarida sog‘liqni saqlash sohasi uchun nazarda tutilgan mablag‘larning cheklangan miqdorlari doirasida ajratilishini hamda 2022 yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini ta’minlasin.

    13. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A.Inakov):

    a) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Shermatov) bilan birgalikda:

    uch oy muddatda Davlat byudjeti parametrlari doirasida tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyatini takomillashtirishga ajratilgan mablag‘lar hisobiga 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning nogironligi va undan katta yoshdagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning elektron ma’lumotlarini o‘zida jamlaydigan elektron ma’lumotlar bazasini takomillashtirsin;

    2022 yil 1 avgustga qadar ilg‘or chet el tajribasini o‘rgangan holda, fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida hisobga olish va ko‘rikdan o‘tkazishning yangi elektron axborot tizimini ishlab chiqsin;

    nogironlik belgilangan shaxslarning nogironlik muddati tugayotganligi hamda qayta ko‘rikka kelishi to‘g‘risida qisqa xabarni beg‘araz tarzda ularning mobil aloqa vositalariga bir oy oldin yuborish mexanizmini tashkil etsin.

    Bunda, vazirlik va idoralarga nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali elektron tarzda yuboriladi;

    b) Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Inoyatov) bilan birgalikda bir oy muddatda hududiy tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining binolari va xonalari hamda jihozlar uchun minimal talablarni ishlab chiqsin hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yetkazilishini ta’minlasin.

    14. Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) 2022 yil 1 avgustdan Toshkent shahar hamda 2023 yildan boshlab respublikaning barcha hududlaridagi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan yo‘llanmalarni, kasallik tarixidan ko‘chirmalarni, ambulator kartalarni, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi hamda kasb kasalligini belgilash uchun asos bo‘ladigan maxsus vakolat berilgan sog‘liqni saqlash muassasasi xulosasidan ko‘chirmalarni axborot tizimiga elektron tarzda kiritib borishni ta’minlasin.

    Belgilansinki, nogironlikni belgilash bilan bog‘liq bo‘lgan barcha hujjatlar davolash-profilaktika muassasalarining IT operator-hamshiralari tomonidan shaxsiy identifikatsion login va parollar asosida axborot tizimiga kiritib boriladi.

    15. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyatini tartibga soluvchi Hukumat qarorini tasdiqlasin.

    16. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ikki oy muddatda barcha hududiy tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarini belgilangan talablarga javob beradigan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj fuqarolar tashrifi uchun qulay bo‘lgan binolar va xonalarda beg‘araz asosda joylashtirish choralarini ko‘rsin.

    17. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    18. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ushbu qaror maqsadi va vazifalarini ommaviy axborot vositalari va boshqa axborot resurslari orqali keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.

    19. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul
    va shaxsiy javobgar etib Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktori A.K. Inakov belgilansin.

    Qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul ijrochi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

    Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga 2022 yil 1 iyulga qadar axborot berilsin.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,
    2021 yil 27 noyabr