YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga musiqiy xazinamiz — “Shashmaqom” ham kiritilgan. Bu bilan faxrlanamiz, uning milliy musiqamiz peshtoqi ekani haqida bong uramiz, lekin aksariyatimiz “Shashmaqom”, toʻgʻrirogʻi, maqomning oʻzi nima ekanini tushunib yetavermaymiz.
Arabcha soʻz boʻlgan — “maqom” avvalo istiqomat oʻrni, turar joy, dam olish joyi maʼnolarini berar ekan. Musiqa atamasida maʼlum musiqa tovushlarining oʻrnashgan joyi boʻlsa, kuy maʼnosida ishlatib kelinadigan maqom mazmunan oʻzaro bogʻliq boʻlgan, takrorlanib, bir-birini toʻldirib turadigan mumtoz musiqa asarlar majmui, mumtoz musiqa ijodiyotining yetuk turkum janri hisoblanadi.
“Shashmaqom” – olti maqom ekani maʼlumligi holda, u oʻz-oʻzidan shu tarzda shakllanib qolmaganini, uning yaralishida XVIII asrgacha “Duvozdox maqom” – oʻn ikki maqom asosiy oʻrin tutganini ham hamma bilavermaydi. Aslida, Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatida taxminan XI–XVII asrlarda yashagan oʻn ikki maqom XVIII asr va ayniqsa, XX asrda har tomonlama rivoj topib, olti maqom – “Shashmaqom” koʻrinishiga keldi. Buzruk, Rost, Navo, Dugoh, Segoh va Iroq deb nomlanuvchi bu maqomlar oʻz ichiga jami 250 dan ortiq turli shakldagi cholgʻu va ashula yoʻllarini oladi. Olti maqomning har birida oltitadan oʻntagacha cholgʻu kuylari, qirqtadan elliktagacha ashula yoʻllari boʻlib, bir-birini toʻldirib turadigan 300 dan ortiq asar jamlangan. Har bir maqom ikki yirik boʻlim — turkumlar (Mushkilot va Nasr)dan iborat. Ular mustaqil mavzularga ega boʻlsa ham, bir-biridan koʻp farqlanmaydi. Ijro uchun yetakchi cholgʻu tanbur hsoblanadi, chunki maqomlar shu cholgʻu bilan sozlanadi.
Asosan, ogʻzaki anʼanaviy ijod etilgan, saqlangan, sayqal topgan, avloddan-avlodga “ustoz-shogird” uslubida oʻzlashtirilgan “Shashmaqom” XX asrdan boshlab yozib olina boshladi, ilmiy oʻrganildi. 1923-yili rus kompozitori Viktor Uspenskiy buxorolik maqom ustalaridan “Shashmaqom”ni yevropacha notada yozib olgan.
– Bu milliy durdonamiz oʻz-oʻzidan bugungidek mukammal, yaxlit holga kelib qolmagan. Markaziy Osiyo qadimdan madaniyat oʻchogʻi, ilm-fan rivoj topgan zamin sifatida maʼlum va mashhur edi, – deydi sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor Rustam Abdullayev. – Hayotini musiqa bilan chambarchas bogʻlagan maqom sanʼatining yetuk bilimdon va ijrochilari boʻlmish Ota Jalol Nosirov, Ota Gʻiyoz Abdugʻani, Levicha xofiz, Domla Halim Ibodov, samarqandlik Hoji Abdulaziz Abdurasulov, toshkentlik Mulla Toʻychi hofiz va Shorahim Shoumarovlar bu merosning targʻibotchilari sifatida tarixda qoldilar.
Oʻzbek maqomlarining yetuk bilimdoni, akademik Yunus Rajabiy esa maqom ijrolarini takomillashtirgan, ularni keng ommaga yetkazishda jonbozlik qilgan. U “Shashmaqom”ni toʻlaligicha notaga tushirdi va yozib oldi, keyinchalik kitoblar va gramyozuvlar shaklida nashr ettirdi.
“Shashmaqom”ning shakllanishida juda koʻp musiqashunos olimlar ter toʻkkan. Milliy musiqamizning birinchi akademigi, musiqiy “Xamsa” – besh jildlik “Oʻzbek xalq muzikasi” kitobi muallifi Yunus Rajabiy uy-muzeyida boʻlganimizda, professor Rustam Abdullayev aytganidek, biz ham uning chinakam maqom sanʼati fidoyisi ekanini anglab yetdik. Buyuk sanʼatkorning “Shashmaqom”dek musiqiy merosimizni nota bilan yozgan ish stolidagi tamaki qutisi, oʻchirgʻich, qalam, musiqiy ijod mashaqqatiga bir ishora ekanini his qildik. Zero, besh jildlik “Oʻzbek xalq musiqasi”dan tashqari olti jildlik mukammal asarni yaratish oson kechmagan. Bu noyob asarlar, Yunus Rajabiyning kuylar chalib notaga olgan qadrdon dutori, oʻqigan va yozgan kitoblari achchiq choy bilan oʻtkazilgan bedor tunlarning jonsiz guvohlaridir. Shu maʼnoda musiqiy boyliklarimizni toʻplagan sanʼatkor faoliyatiga koʻproq eʼtibor qaratdik. Yunus Rajabiyning farzandi, Oʻzbekiston xalq hofizi Hasan Rajabiy otasining “Shashmaqom” bilan bogʻliq faoliyati haqida bizga koʻp narsalarni hikoya qilib berdi.
– Musiqiy durdonamiz boʻlgan “Shashmaqom”ni Yunus Rajabiy Toshkent, Samarqand, Buxoro, Fargʻona vodiysi, shahar va qishloqlarda ijod etgan nomdor, usta maqom ijrochilarining sozu ovozlarini tinglab turib yozib olgan, – deydi H.Rajabiy. – Bu faoliyatga u oʻzbek maqomlari borasida orttirgan katta tajribasi, ustozlari koʻrsatmalariga suyangan va ijodiy yondashgan holda kirishgan. Buning samarasi oʻlaroq, Yunus Rajabiy 1959-yilda Oʻzbekiston teleradiosi huzurida oʻzi tuzgan Maqomchilar ansambli ijrosida besh yil davomida “Oʻzbek xalq musiqasi” antologiyasi va “Shashmaqom” kitoblariga jo boʻlgan original nota yozuvlarining eng mukammal ijrolarini ham yaratishga muvaffaq boʻldi.
Akademikning “Shashmaqom” ustidagi mehnatlarini oʻrganar ekanmiz, nota yozuvlariga oʻtkazilishdan avval ustoz tomonidan har bir kuyning qayta ishlanib, sayqallanishi mashaqqatini tasavvur qildik. Baʼzi maqom asarlarining 3–4 xil variantini bir-biriga solishtirib, eng mukammal va originalini qayta ishlashi ham sanʼatkorning oʻz ishiga bor mehrini berganidan dalolat. Baʼzi maqom qismlarining kuy jumlalari toʻlmagandek tuyulgan joylariga tuzatishlar kiritgan. Baʼzan Yunus Rajabiyning oʻzi tomonidan bastalangan yangi taronalar, talqinlar, soqiynomalar va ufarlar oʻsha kuylarning davomi sifatida ijro etilib, nashr etilgan toʻplamlari qatoriga kiritildi.
Alloma maqom matnini tanlashda, mumtoz sheʼriyatimizning eng nodir, xalqchil asarlaridan va oʻzbek xalq ogʻzaki ijodiyotidan nihoyatda ustalik bilan foydalana oldiki, bu borada unga katta yordam bergan shogirdi Isʼhoq Rajabovning quyidagi eʼtirofini keltirish kifoya: “Yunus Rajabiydek gʻazalni bir kuyga mos tushira biladiganini koʻrmadim. Mingdan ortiq kuylarga u tanlagan sheʼriy asarlar shunday monand boʻlardiki, gʻazal shu kuyga atab yozilgan yoki kuy ushbu gʻazaldan kelib chiqqandek goʻzal yangragan”.
“Shashmaqom” asarlaridagi nota va ijro yozuvlarini yaratishida ulugʻ yoshga borib qolgan aqlu zakovatining ham eng yetuk darajasida turgan piri ustoz Yunus Rajabiyning eng asosiy maqsadlaridan biri — barcha asarlarning ijro variantini ham ohanrabo tasmalarga yozdirib ulgurish edi. U oʻz uyidami, radio uyidagi maqomchilar ansambli xonasidami, shogirdlariga sanʼat sirlarini oʻrgatib turgan vaqtning oʻzida ham kuyga sayqallar, qochirimlar, yangi jumlalar, taronalar, soqiynomalar, talqinlar kiritardi. Shogirdlari ijrolaridan koʻngli toʻlganidan keyingina, oʻsha vaqtning oʻzida radioning ovoz yozish studiyasida tayyor boʻlgan maqom qismining ijro yozuvlarini amalga oshirgan. Chunki shiddat ila harakat qilinmasa, bu ulkan ish oxiriga yetmas edi.
“Shashmaqom”ning cholgʻu va ashula qismlaridagi ijro yozuvlarining toʻliq variantini Yunus Rajabiy nisbatan qisqa muddat – 4-5-yil ichida yozdirib ulgurdi. Shu tariqa “Shashmaqom” tuzatildi, boyitildi va tiklandi. Oʻzbekiston radiosi va Toshkent gramstudiyasida 22 ta katta diskka yozdirilgan ijrolarning yanada mukammallashtirilgan nusxasi maqom shinavandalariga taqdim etilishi barobarida, bu bebaho toʻplam 1966-yilda butun dunyo xalqlariga ham armugʻon etildi. Qarabsizki, oʻzbek maqomlari shuhrati qardosh Ozarbayjon, Armaniston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Eron, Afgʻoniston, Hindiston, Yugoslaviya, Ruminiya, Olmoniya, Yaponiya, Amerika, Turkiya, Arabiston va boshqa chet davlatlarga ham tarqalib ketdi. Shuning uchun 1973-yilda “Oʻzbektelefilm” tomonidan ishlangan toʻliq metrajli “Shashmaqom” filmi dovrugʻi ham butun dunyoga yoyilib, katta sovrinlarni qoʻlga kiritgan, zoʻr olqishlarga sazovor boʻlgandi.
Yunus Rajabiyning maqomlarimizni notaga olish, ularni boyitish borasidagi barcha mashaqqatlari — qahramonona mehnat. Ayni mehnat ortidan oʻzbek maqomlarining goʻzal va betakror ijro yozuvlari yaratildiki, olti maqom — oltin merosga aylandi. Akademik sanʼatkor “Oʻzbek xalq musiqasi” va “Shashmaqom”ni yaratishda kimlar unga yordam bergan boʻlsa, oʻshalarga qulluq qildi, eʼzozladi, taʼzim keltirdi. Shuningdek, ularni ardoqlab, nomlarini butun olamga yoydi. “Shashmaqom” oʻzbek xalqining oʻchmas, nafis musiqa asarlari, oltin merosimizga aylangani holda, Yunus Rajabiyni mumtoz musiqamiz bobokaloni, maqom allomasiga aylantirdi.
– Kitobni yaqinda qayta nashr ettirdim. “Oʻzbek maqomlari” – “Shashmaqom” sarlavhasi bilan katta hajmda 2007-yilda YUNESKO tashkiloti hisobidan ham nashr etildi. Buning uchun Oʻzbekistondagi YUNESKO vakolatxonasi boshligʻi Maykl Barri Leynga Rajabiylar sulolasining cheksiz minnatdorligi va tashakkurini bildirdik, – dedi suhbat soʻngida Hasan Rajabiy.
Dunyoning koʻplab mamlakatlari, oʻlkamizda yashaydigan turli millatlar orasida, ayniqsa, tojik xalqi va buxoro yaxudiylari orasida ham “Shashmaqom” chuqur oʻzlashtirilgan. Ular ham ushbu durdonalarning rivoj topishiga hissa qoʻshishgan. Tojikistonda ham Shashmaqomning oʻziga xos sheva va uslublarda yangrashi, u yerda ham maqomchilar ansambli tuzilishi, Shashmaqom kitoblarining nashr etilishi fikrimizni tasdiqlaydi. Shuni aytib oʻtish joizki, oʻzbek maqomlari fors-tojik gʻazaliyoti bilan ham oʻziga xos joziba bilan kuylanib kelingan. Bu esa, ikki xalqning har jihatdan mushtarak yashashiga xizmat qilib kelyapti. Yurtimizda esa Xorazm, Buxoro Fargʻona–Toshkent maqom yoʻllarida ijod qilayotgan buyuk maqomchilarning munosib izdoshlari yetishib chiqqani quvonarli. Maqom yoʻllarining oʻzi alohida bir mavzu boʻlgani bois bu borada kengroq toʻxtalishni dilga tukkanmiz. Zero, “Shashmaqom”ning mohiyatini anglatish uchun qancha-qancha kitoblar yozilmadi, ilmiy ishlar olib borilmadi deysiz.
Hozircha xulosamiz shuki, “Shashmaqom”ni bugungi holga keltirish ne chogʻli mushkul boʻlganini his qila olgan kishi Oʻzbekiston xalq shoiri Sobir Abdullaning quyidagi misralari shunchaki yozilmagani, Yunus Rajabiy qatori oʻzbek maqomini tiklash yoʻlida jonbozlik koʻrsatgan barcha musiqashunos olimlarga qarata aytilganini ham anglab oladi:
Kishi xizmat qilar elga, yashar u
Hamisha yodlanib unvon-u nomi.
Ulugʻ ish qildingiz boylikni toʻplab,
Tirildi Siz bilan oʻzbek maqomi.
Munojat Moʻminova,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri