Tizimdagi oʻzgarishlar sabab 8 million aholi xonadoniga obihayot kirib bordi

    Soʻnggi yillarda ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari bilan taʼminlanganlik qamrovini oshirish, aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratish maqsadida sezilarli ishlar olib borilyapti.

    Natijalarda koʻradigan boʻlsak, 2016-yilda Oʻzbekistonda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlari sohasi uchun jami 380 mlrd soʻm mablagʻ ajratilgan. Buning natijasida 37 ming nafar aholi ichimlik suvi bilan taʼminlangan va 47 ming nafar aholining ichimlik suv taʼminoti yaxshilangan.

    2017 — 2023-yillarda (soʻnggi 7-yilda) ichimlik suv taʼminotini yaxshilashga 20 trln soʻmga yaqin mablagʻ yoʻnaltirildi. (oldingi 25-yilga nisbatan 8 baravar koʻp). Ushbu mablagʻ hisobidan 2 916 ta suv inshooti va 42,8 ming km uzunlikdagi ichimlik suvi tarmoqlari tortildi. Natijada respublika aholisining markaz­lashgan ichimlik suv bilan taʼminlanganlik darajasi 2017-yil boshida 63,9 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2023-yil yakuniga kelib, ushbu koʻrsatkich 77,2 foizga yetkazilishiga erishildi. Mazkur davr mobaynida 8 million nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlanib, 14,5 million nafar aholining ichimlik suv taʼminoti yaxshilandi.

    Bevosita amalga oshirilgan yirik loyihalar xususida soʻz borganda, soʻnggi yillarda sohaga qaratilgan eʼtibor va bu boradagi davlatimiz rahbarining islohotlari natijasida koʻp sonli aholining ichimlik suviga boʻlgan ehtiyoji qondirildi. Xususan, “Toʻpalang” suv ombori manbalari hisobiga ichimlik suv taʼminotini yaxshilash» loyihasi doirasida 1,4 trln soʻm hisobiga 147 km tarmoq tortildi va qurilish va qayta taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Ushbu mashaqqatli mehnat natijasi oʻlaroq Sariosiyo, Denov, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon tumanlarining 273 ta mahallasida istiqomat qiluvchi 1,1 mln nafar aholining (viloyat aholisining 40 foizi) ichimlik suvi taʼminoti va sifati tubdan yaxshilandi. “Zarafshon daryosi suvidan foydalanish hisobiga Jizzax viloyatini ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash” loyihasi doirasida esa Doʻstlik, Paxtakor, Mirzachoʻl tumanlari va Jizzax shahridagi 286 ming nafar aholining ichimlik suvi taʼminoti yaxshilandi.

    Quvonarlisi, respublikada markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi eng past boʻlgan Qashqadaryo viloyatida ham sezilarli siljishlar boʻlyapti. Xususan, “Oqsuv-Dehqonobod” loyihasining amalga oshirilishi natijasida Dehqonobod tumanida yashovchi 76 ming nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlanib, tumaning taʼminlanish dara­jasi 1,8 foizdan, 51,7 foizga koʻtarildi.

    Xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan eng yirik loyihalardan yana biri “Toshkent viloyati shahar va tumanlarining ichimlik suv tizimlarini rekonstruksiya qilish” loyihasidir. Mazkur loyiha boʻyicha Qibray, Toshkent va Zangiota tumanlarida aholining ichimlik suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha “Qodiriya” suv inshooti qayta taʼmirlandi. Natijada, hududdagi 8 ming nafar aholi ichimlik suvi bilan taʼminlanib, 265 ming nafar aholining ichimlik suvi taʼminoti yaxshilandi.

    “Buxoro viloyatining Olot va Qorakoʻl tumanlarini ichimlik suvi bilan taʼminlash” loyihasi doirasida esa Olot tumanidagi 104 ming nafar hamda Qorakoʻl tumanidagi 171 ming nafar aholiga ilk bor ichimlik suvi yetib bordi. Qayd etish joiz, taʼminlanganlik darajasi Olot tumanida 98,5 foizga va Qorakoʻl tumanida 97,4 foizga oʻsdi.

    Shuningdek, sohada xizmat koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash maqsadida suv taʼminoti korxonalarining oʻz mablagʻlari hisobidan bir qator ishlar amalga oshirilganini qayd etish mumkin. Jumladan, suv inshootlari, magistral suv tarmoqlari, mahalla va koʻcha boshlariga 4,5 mingta zamonaviy suv hisoblagichlar oʻrnatildi. 750 ta maxsus texnikalar joriy va mukammal taʼmirlanib, 980 tasiga masofadan kuzatish imkonini beruvchi GPS qurilmalari oʻrnatildi.

    — Isteʼmolchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati va shaffofligini oshirish maqsadida, ichimlik va oqova suv xiz­matlarini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan “Uzvater« yagona billing tizimi ishga tushirildi, — deydi «Oʻzsuvtaʼminot” AJ boshqaruvi v.b raisi Axmad Suvankulov.

    Uning taʼkidlashicha, yangi billing tizimi orqali hisob-kitoblarning haqqoniyligi va shaffofligi taʼminlandi. Mazkur billing tizimi barcha zarur maʼlumotlar bazalari jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi , Kadastr agentligi, Markaziy bank, Tijorat banklari, barcha toʻlov tizimlari, Notarial idoralar, “Raqamli Toshkent” geoaxborot tizimi, shuningdek davlat reyestridan oʻtgan suv hisoblagichlari ishlab chiqaruvchilari bilan integratsiya qilingan.

    Bundan tashqari, isteʼmolchilar uchun takomillashtirilgan shaxsiy kabinet joriy etildi. Bu esa isteʼmolchilarga toʻlovlar hisobotini (oylar, yillar) kesimida koʻrib borish, shu yerning oʻzida toʻlovni amalga oshirish, hisoblagich koʻrsatkichlari maʼlumotlarini kiritish kabi juda katta imkoniyatlarni taqdim etadi.

    Shuningdek, obyektlarning geoaxborot tizimini yaratish va yuritish boʻyicha 2022 — 2025-yillarga moʻljallangan chora-tad­birlar dasturi ishlab chiqilib, hududiy suv taʼminoti korxonalari tomonidan taqdim qilingan nuqtali va chiziqli obyektlar vektor formatidagi yagona geografik qatlamga jamlandi va geoaxborot bazasini shakllantirish boʻyicha hududiy suv taʼminoti korxonalari bilan maʼlumotlar almashinuvi sxemasi ishlab chiqildi.

    Bugungi kungacha, Toshkent viloyatining Chirchiq, Nurafshon va Ohangaron shaharlarida toʻliq, Sirdaryo viloyatining Guliston va Yangiyer shaharlarida qisman geoaxborot tizimlari bazasi yaratilgan boʻlsa, Namangan va Xorazm viloyatlarida ham bu boradagi ishlar davom etmoqda. Albatta bunda Kadastr agentligi bilan hamkorlikda tegishli litsenziya olinganini qayd etish lozim.

    Tizimlarni rejalashtirilgan ehtiyot koʻrikdan oʻtkazish, joriy va mukammal taʼmirlash (PPO, PPR) dasturlari reglamentini raqam­lashtirish boʻyicha ishlar boshlandi.

    Bugungacha, Respublikadagi 38 ta yirik suv inshootlari raqamlashtirildi. Xalqaro ISO-45001:2018 (Mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlikni boshqarish tizimi) va ISO-14001:2015 (Atrof-muhitni boshqarish tizimi) sertifikatlari olindi. Suv sifati va xavfsizligi monitoringi uchun “VATER LAB” axborot tizimi joriy etilib, testdan oʻtmoqda. Bunda respublika boʻylab ichimlik suv sifatini nazorat qilish imkoniyati sezilarli darajada kengaytiriladi. Buning uchun mavjud laboratoriyalar toʻliq raqamlashtirilib, hisobotlari elektron tarzda yuritiladi.

    Taʼkidlash joizki, joriy yil investitsiya das­turiga asosan sohaga 1 trln 223 mlrd soʻm mablagʻ ajratildi. Yil yakuni bilan jami 1,3 mln nafar aholi ichimlik suv bilan taʼminlanishi va 2,9 mln nafar aholining ichimlik suv taʼminoti yaxshilanishi rejalashtirilgan, xususan aholining markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlanganlik darajasi 80,9 foizga yetkaziladi. Bu esa odamlar salomatligini asrashda muhim omil va yurtimizda inson qadri ulugʻligining amaldagi koʻrinishi boʻladi.


    Zulxumor Akbarova