Toʻdakoʻl va Quyimozor suv omborlari Ramsar konvensiyasi roʻyxatiga kiritildi

    Yashil sayyora 17 Sentabr 2020 4111

    Oʻzbekiston Toʻdakoʻl va Quyimozor suv omborlarini xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoq hududlari sifatida belgilab oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

    Ular Qizilqum choʻlining Janubiy Gʻarbidagi Navoiy viloyatida joylashgan va biogeografik jihatdan Markaziy Osiyodagi qurgʻoqchil boʻlgan hududlar suvlarini saqlashga xizmat qiladi.

    Suv-botqoqlik hududlar toʻgʻrisidagi konvensiya 1971-yil 2-fevralda Eronning Ramsar shahrida 18 ta davlat tomonidan imzolangan boʻlib, ayni paytda unga dunyoning 170 dan ortiq davlati aʼzo boʻlib kirgan. Mamlakatimiz ushbu konvensiyaga 2001-yilda qoʻshilgan.

    Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, bugungi kungacha mamlakatimiz hududidagi ikkita, yaʼni Dengizkoʻl 2001-yili va Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi 2008-yilda xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoq yerlarning maʼlumot bazasi hisoblangan Ramsar roʻyxatiga kiritilgan.

    Quyimozor suv ombori Oʻzbekistonda kattaligi jihatidan beshinchi oʻrinda boʻlgan Buxoro shahri va unga yaqin Kogon shahri uchun asosiy ichimlik suvi manbaidir. Uning suvi qoʻshni Toʻdakoʻl suv ombori suviga qaraganda chuchukroq. Undan asosan dehqonchilik va qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda foydalaniladi.

    Umumiy maydoni qariyb 32 ming gektarni tashkil etadigan ushbu suvli-botqoq yer maydoni koʻchmanchi qushlar uchun ham muhim toʻxtab oʻtish joyi hisoblanadi. Maʼlumotlarga qaraganda, soʻnggi besh yilda ushbu hududda qoʻnib oʻtgan qushlarning oʻrtacha yillik soni 40 mingdan ortiq.

    Taxminan 229 ta qush turi, shu jumladan yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan oqbosh oʻrdak ham roʻyxatga olingan, biogeografik xilma-xillikni saqlab qolish uchun ularning 1 foizidan koʻprogʻi shu makonda qishlaydi. Suv havzalaridagi Amudaryo kurakburuni va baqra baligʻi esa yoʻqolib ketish xavfi ostida qolmoqda.