Tizimda korrupsiyaga o‘rin qoldirilmaydi

    Vazirlikning 2023-yilda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalari 82 ball bilan baholanib, yashil hududdan o‘rin oldi. 2022-yilda bu ko‘rsatkich 52 ball bo‘lib, faoliyat qoniqarsiz va qizil hududda edi.

    Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash doirasida maktabgacha va maktab ta’limi tizimida ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida maktabgacha ta’lim tizimida byudjet mablag‘larining maqsadli va samarali sarflanishini ta’minlash belgilangan.

    Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurash va huquqiy nazorat boshqarmasi boshlig‘i Shavkat HAMRAYEV tizimda bu borada qilinayotgan ishlar xususida quyidagilarni so‘zlab berdi:

    – Sohaga oid mavjud qonun hujjatlari bilan birga vazirlik markaziy apparati, uning hududiy va tarkibiy bo‘linmalari hamda tizim tashkilotlari xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida 15 ta ichki hujjat yangi tahrirda qabul qilinib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

    Vazirlik faoliyatida, xususan, kadrlarni tanlash, tayinlash va joy-joyiga qo‘yish, nodavlat ta’lim muassasalarining lisenziya talablari va shartlariga rioya etishini tekshirish, byudjet intizomini mustahkamlash va byudjet to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilishiga qarshi profilaktika tizimli kechmoqda. Byudjet xarajatlari samaradorligi va natijadorligini baholash hamda ichki audit faoliyati sohasidagi hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkaziladigan o‘rganishlarda korrupsiyaviy holatlar va xavf-xatarlar aniqlanib, vazirlikning birlashgan korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi, korrupsiyaga eng ko‘p moyil bo‘lgan funksiya va lavozimlar ro‘yxati, korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi “yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, ijrosi ta’minlanmoqda.

    Ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishda inson omilini kamaytirish maqsadida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlari tasdiqlanib, elektron platforma (my.gov.uz, my.maktab.uz) orqali xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilishi natijasida davlat tashkilotlarining 2023-yil uchun raqamli transformatsiya holati reyting natijalariga ko‘ra, vazirlik davlat boshqaruvi organlari orasida 77,51 ball bilan 11-o‘rinda bo‘lib, “yashil” hududdan joy oldi. Bu natijani yana yaxshilash choralarini ko‘ryapmiz.

    Ishga qabul qilish uchun 810 nomzod tekshirilib, xulosalar tayyorlandi, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish maqsadida 2023-yilning o‘n bir oyida 181 nafar xodim bo‘yicha to‘ldirilgan deklaratsiyalar tekshirildi.

    Maktab ta’limida eng ko‘p korrupsiyaviy holatlar va ota-onalarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan jarayon maktabga qabul yoki farzandlarini bir maktabdan boshqasiga ko‘chirish bilan bog‘liq. Shuning uchun viloyatlar markazlari hamda Toshkent shahridagi maktablarga qabul yoki bir maktabdan boshqasiga ko‘chirishning elektron xizmati joriy etilgan bo‘lib, shu kunga qadar 57 445 fuqaro mazkur xizmatdan foydalangan.

    Bunda o‘quvchilarni 1-sinfga qabul qilish yoki maktabdan maktabga ko‘chirish uchun ota-onalar onlayn shaklda ariza beradi, elektron tizim avtomatik ravishda uni maktabga yuboradi, o‘quvchi maktabga qabul qilinadi yoki ko‘chiriladi.

    1-sinfga qabulda yaqin hududda yashayotganlar manfaatlarini kafolatlash maqsadida tizim orqali, birinchi navbatda, mikrohududdagi bolalar qamrab olinadi. Shu kunga qadar 150 mingdan ziyod fuqaro ushbu xizmatdan foydalangan.

    2022-yil 1 noyabrdan boshlab chet el fuqarolari farzandlari umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilinishi uchun elektron tizim orqali ro‘yxatdan o‘tib, ariza yubordi va ularning yashash manziliga yaqin bo‘lgan hududdagi maktabda joylanishi kafolatlandi. Bunda topshiriladigan hujjatlar soni 5 tadan 3 taga, muddati esa 14 kundan 7 kunga qisqartirildi.

    2019-yil sentyabrdan xorijda ta’lim olganlik ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatni nostrifikatsiya qilish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilib, muddatini 7 kundan 4 kunga, talab etiladigan hujjatlarni esa 5 tadan 2 taga qisqartirishga erishildi. Bunda fuqarolar elektron tizim orqali ro‘yxatdan o‘tib, ariza va tegishli hujjatlarni elektron yuboradi va ta’lim to‘g‘risidagi hujjati tan olingani bo‘yicha ma’lumotnomani portal orqali yuklab oladi. Shu kunga qadar mingdan ziyod fuqaro ushbu xizmatdan foydalandi.

    Ichki audit va moliyaviy nazorat departamenti bilan hamkorlikda maktabgacha va maktab ta’limi sohasiga ajratilgan mablag‘ni samarali va maqsadli ishlatish bo‘yicha 155 ta nazorat va monitoring tadbiri o‘tkazilgan. Bunda 5724 tashkilot va muassasa qamrab olindi, aniqlangan xato va kamchiliklar yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar qonuniy baho berish uchun huquq-tartibot idoralariga tegishli tartibda yuborildi.

    Vazirlikning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati korrupsiyaviy harakatlarni o‘z vaqtida aniqlash, oqibatlari, keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaviy harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi tamoyilini ta’minlash orqali tizimda davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘ maqsadli sarflanishini ta’minlash, byudjet qonunchiligiga rioya etilishini profilaktika qilish, monitoring va nazorat o‘rnatish, shuningdek, davlat xaridlari jarayonida qonunchilik hujjatlari talablariga qat’iy rioya etishga qaratilgan.

    Ayni shu talablar asosida o‘tkazilayotgan o‘rganishlar jarayonida qator qonunbuzarliklar aniqlanmoqda.

    Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi 43-DMTT o‘rganilganda, 2023-yil sentyabr oyi uchun yuritilgan “qora daftar”ga ko‘ra, shu yil sentyabr, oktyabr oyi davomida 21 bola yo‘llanmasiz, ro‘yxatga kiritilmasdan tashkilotga qatnagani ma’lum bo‘ldi. Sentyabr oyida to‘rt bola yo‘llanma chiqqan sanadan oldin ro‘yxatga kiritilib tarbiyalangan.

    Sentyabr, oktyabr oyi uchun 10 nafar bola uchun ota-onalardan yig‘ilgan 1 million 556 ming so‘m badal puli direktorga, 2 boladan yig‘ilgan 184 ming so‘m tarbiyachiga berilgan. Jami 12 bola uchun yig‘ilgan 1 million 740 ming so‘m badal puli tashkilot hisob-raqamiga kirim qilinmagan.

    Afsuski, bu kabi holatlar boshqa viloyatlarda ham ko‘zga tashlanmoqda. Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanidagi 23 va 30-DMTTlarida tarbiyalanuvchilarga berilishi rejalashtirilgan murabboli buterbrot o‘rniga non berilgan, berilmagan oziq-ovqat mahsulotlari esa xarajatga chiqarilib, o‘zlashtirilgan, shuningdek, 30-DMTTda 2023 yilning sentyabr oydan buyon nonushtaga sariyog‘ va pishloq mahsulotlari berilmagan.

    Mazkur korrupsion holatlar va moliya xo‘jalik sohasiga oid qonunbuzilishlar bo‘yicha rasmiylashtirilgan ma’lumotnoma hamda boshqa tegishli hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborildi.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qilingan ishlar va tegishli hujjatlar “e-anticor.uz” platformasiga joylashtirib borilmoqda.

    Vazirlikning 2023-yilda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalari 82 ball bilan baholanib, yashil hududdan o‘rin oldi. 2022 yilda bu ko‘rsatkich 52 ball bo‘lib, faoliyat qoniqarsiz va qizil hududda edi.

    2024-yilga rejalashtirilgan vazifalarimiz ko‘p. Vazirlik tizimidagi barcha xarajatlar monitoringini yo‘lga qo‘yish, aniqlangan xavf-xatarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida joylarda tezkor nazorat tadbirlarini o‘tkazish, shuningdek, tizim tashkilotlarida ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni amalga oshirishda amaldagi me’yorlarga rioya etilishi, ortiqcha to‘lovlarga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rish, xarid jarayonini qat’iy nazoratga olish kabilarga jiddiy e’tibor qaratiladi. Hududlarga chiqqan holda faoliyatdagi korrupsiyaviy holatlar va xavf-xatarlar aniqlanadi. Vazirlikda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi xavfni aniqlash va boshqarish bo‘yicha takliflar, tovar-moddiy boyliklar adolatli taqsimlanishini ta’minlash mexanizmlarini ishlab chiqish, xodimlarning ijtimoiy ahvolini o‘rganib borish tizimini joriy etish, bunda xodimlarning ish hajmi va extiyojidan kelib chiqib moddiy boyliklardan foydalanish tartibini belgilash, davlat xaridlari bo‘yicha har bir tovar pozisiyasi kesimida xarid narxlarini respublika bo‘yicha tahlil qilib borish, narxlarni eng maqbul bo‘lishiga erishish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.

    Mazkur chora-tadbirlar orqali korrupsiya, manfaatlar to‘qnashuvi va boshqa huquqbuzarliklarning oldi olinishi, faoliyatning ochiqligiga erishilishi va zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosiga nisbatan xodimlar mas’uliyatining yanada ortishi, xodimlarning kasbiy hamda xizmatdan tashqari faoliyatdagi odob-axloqi yuksalib borishi, faoliyatida korrupsiyaning oldini olishga doir tadbirlarning samaradorligini ta’minlashga erishiladi.

    “Yangi O‘zbekiston” muxbiri

    Risolat MADIYEVA yozib oldi.