Maqsad mamlakatimizning ijtimoiy, iqtisodiy hayotida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar va ularning samarali natijalari bilan yapon tomonini xabardor etish va oʻzaro fikr almashishdan iborat boʻldi.
Elchi Muxsinxoʻja Abdurahmonov tadbirning ochilish qismidagi nutqida “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim” yilida aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, farovonligini oshirish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada yuksaltirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va ularning samarali natijalari haqida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, tashqi siyosat yoʻnalishida erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflar va muloqotlar, mamlakatimizda oʻtkazilgan xalqaro miqyosdagi sammitlar, tadbirlar, ilmiy konferensiyalarning natijalari taʼkidlandi.
Markaziy Osiyo va Kavkaz tadqiqotlari instituti bosh direktori Tetsudji Tanaka oʻz maʼruzasida Oʻzbekiston rahbarining siyosiy irodasi tufayli Oʻzbekistonda majburiy mehnatning butunlay bekor qilingani, korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borilayotgani, iqtisodiyotni liberallashtirish jarayoni jadal kechayotganini taʼkidladi. Shuningdek, u Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan oʻzbek xalqi manfaatlari yoʻlida olib borilayotgan ochiq, pragmatik va proaktiv tashqi siyosat natijalarini doimiy ravishda kuzatib borishini maʼlum qildi.
Yaponiya rivojlanayotgan iqtisodiyotlar instituti faxriy professori Manabu Shimizu oʻz navbatida Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda davlatlari oʻrtasida doʻstona aloqalar yoʻlga qoʻyilgani yuqori baholadi.
“Bir necha yillar davom etib kelgan chegara, suvdan foydalanish bilan bogʻliq muammolar oʻzaro muloqotlar asosida yechim topib boryapti, dedi u. — Ushbu muloqotlarning samarasi sifatida mintaqa davlatlari oʻrtasida oʻzaro savdo hajmi va qoʻshma korxonalar soni oʻsib borayotgani hamda fuqarolarning qoʻshni mamlakatlar hududiga ortiqcha hujjatlarsiz oʻtish imkoni yaratildi”.
Yaponiyaning yetakchi Vaseda universiteti fakulteti dekani oʻrinbosari, professor Asushi Ogixara esa Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan soʻnggi yillarda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, ushbu sohani liberallashtirish, taʼlim sifatini oshirish, pedagoglarni qayta tayyorlash, sifatli darsliklarni ishlab chiqish boʻyicha tashabbuslarni juda yuqori baholashini bildirildi.
“Soʻnggi olti yilda maktabgacha taʼlimdagi qamrov 21 foizdan 70 foizga, oliy taʼlimda esa 9 foizdan 38 foizga yetganini ushbu sohaga davlat tomonidan strategik yoʻnalish sifatida qaralayotganining yaqqol ifodasidir”, dedi u.
Yaponiyaning Rossiya va yangi mustaqil davlatlar bilan savdo boʻyicha uyushmasi (ROTOBO) katta ilmiy tadqiqotchisi Ryota Saito oʻz maʼruzasida soʻnggi yillarda mamlakatimizda xorijiy investitsiyalarni jalb etish va qoʻllab-quvvatlash, tashqi savdoni liberallashtirish va diversifikatsiya qilish, valyuta bozorini erkinlashtirish boʻyicha amalga oshirilgan islohotlar natijalariga alohida eʼtibor qaratdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.