O'zbekiston qishloq xo'jaligi o'tgan besh yil davomida davlatni rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasining eng muhim nuqtalaridan biri sifatida taraqqiy etib, o'zining yangi bosqichiga ko'tarildi. Zamonaviy va yangicha yondashuvlar, qabul qilingan qonunlar, muhim farmon va qarorlar, davlat dasturlari tarmoqni serdaromad, qishloq joylarda odamlarni ish bilan ta'minlaydigan tizim sifatida shakllanishini ta'minlab berdi.
Bugun bozorlarimizga yetkazib berilayotgan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirishda nafaqat dehqon va fermerlar, balki aholining ham bevosita hissasi ortib boryapti. So'nggi yillarda mamlakatimizda dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalariga ajratilgan maydonlardan samarali foydalanish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq aholisining bandligi va turmush darajasini oshirish bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada o'z tomorqasida ekin-tekin ekib, undan foyda olish ko'pchilik yurtdoshlarimizning asosiy daromad manbaiga aylandi.
Jumladan, ayni kez 5,5 milliondan ortiq tomorqa yer egalari o'z ixtiyoridagi 508 ming gektar yer maydonlarida dehqonchilik qilmoqda. Yurtimizda yetishtirilayotgan kartoshkaning 84 foizi, sabzavot mahsulotlarining 71 foizi, poliz, uzum va mevalarning 55-60 foizi, chorvachilik mahsulotlarining 94 foizidan ortig'i aholi xonadonlari hissasiga to'g'ri kelyapti.
Tomorqada dehqonchilikni boshlagan inson tajriba kamligi sabab birdaniga yuqori hosil va daromad olishi qiyin. Ammo hududlarda tomorqa bilan ishlaydigan, aholiga moddiy resurslarni etkazib beradigan, moliyalashtiradigan va ekin ekishni nazorat qiladigan tizim yaratilib, “Tomorqa xizmati” MCHJlar faoliyatining yo'lga qo'yilishi bu borada aholiga katta ko'mak bermoqda. Tomorqachilikdan xabari bo'lmagan kishi ham unga ko'rsatilayotgan yordamlar tufayli yaxshigina daromad olishga erishyapti.
2018-yilda sinov tariqasida ilk bor tashkil etilgan “Tomorqa xizmati” korxonalariga yil sayin talab ortib borayotgani ham shu vajdan. 2021-yil 16-dekabrda qabul qilingan “Tomorqalardan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo'llab-quvvatlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Prezident qarori bilan respublikamiz bo'ylab 1457 ta “Tomorqa xizmati” MCHJlar faoliyati yo'lga qo'yildi.
Bunday korxonalar ish boshlagan ilk kunidanoq aholiga ko'makchi bo'lib, odamlarning tomorqalarga ekin ekish, olingan hosilni xaridorga yetkazguniga qadar ularga ko'makdosh bo'lib kelmoqda. Joylarda aholi tomorqa yerlarini shudgorlash, zarur urug'lik va ko'chat yetkazib berish, xonadonlarga ixcham issiqxona qurib berish, echki, qo'y, parranda, asalari uyalari, quyon yetkazib berish shuningdek, aholi tomorqalarida yetishtirilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ichki va tashqi bozorga sotish kabi xizmatlarni “Tomorqa xizmati” korxonalari orqali tashkil etish yo'lga qo'yildi.
Aniq ma'lumotlarga to'xtaladigan bo'lsak, joriy yilning birinchi chorak davomida “Tomorqa xizmati” MCHJlar tomonidan 49,2 ming aholi xonadoning yerlari shudgorlandi, aholi tomorqalariga 304 tonna urug'lik yetkazib berildi, 4,7 mln dona mevali ko'chat etkazib berildi hamda 14,2 ming xonadonga piyoz va sarimsoqpiyoz urug'lari etkazib berildi hamda ekishiga ko'maklashildi. Shuningdek, 10,7 ming xonadonga ixcham issiqxona qurib berilib, 638 xonadonga asalari uyalari, 980 ta xonadonga quyon, 1200 ta xonadonga kurka, 8750 ta xonadonga parranda, 299 ta xonadonga echki, 4870 ta xonadonga qoramol va qo'y yetkazib berildi.
O'z navbatida, xalqqa xizmat qilib, ularning mushkulini oson qilayotgan bunday korxonalar O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan qo'llab-quvvatlab kelinmoqda. O'tgan davr mobaynida Kengash huzuridagi Jamg'arma mablag'lari, tijorat banklarining imtiyozli kreditlari hisobidan ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi.
Xususan, joriy yilning o'tgan birinchi chorak davomida “Tomorqa xizmati” korxonalarida 39,9 ming tonna sig'imli 131 ta meva-sabzavotlarni sovutish omborlari, 71,9 ming tonna sig'imli 275 ta meva sabzavotni saqlash omborlari hamda 158 ming tonna yillik quvvatga ega bo'lgan 128 ta mevani saralash, quritish, qayta ishlash liniyalari tashkil qilindi. Mazkur yo'nalishlar uchun Kengash huzuridagi Jamg'armadan 28,8 milliard so'm imtiyozli kredit mablag'lari ajratildi.
Shu bilan birga, Jamg'armadan 1145 nafar fuqarolarga 33 milliard 680 million so'm kredit mablag'lari ajratilishi hisobiga, respublikaning 162 ta tumanidagi mahallalarning aholi gavjum joylarida 3350 ta kichik sig'imli muzlatkichga ega bo'lgan engil konstruktsiyali “dala do'konlari” tashkil etildi. Mazkur do'konlar aholi tomorqalarida yetishtirilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini odamlarga qulay joylarda, arzon narhlarda sotishni tashkil qilishga xizmat qilmoqda.
Yangi tizim — zamonaviy yondashuv
Xalqimiz yildan-yilga tomorqa qo'shimcha daromad manbai ekanligini anglab etmoqda. Yiliga 2-3 marta hosil olishni ko'zlab ish yuritayotgan mirishkor dehqonlarimiz kichik erdan ham mo'l daromad olyapti. Bu boradagi bilimlari ham ortib boryapti. Tajribadan ma'lumki, qishloq xo'jalik mahsulotlarini oddiy omborlarda saqlagandan ko'ra, sun'iy sovutiladigan omborxonalarda saqlash orqali mahsulot vaznini maksimal darajada saqlab qolish imkoniyati oshadi. Shunday omillarni hisobga olgan holda yetishtirilgan mahsulotni yil davomida halqimiz dasturxoniga yetkazib berish uchun yetarli sharoit yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Shu jihatdan, tomorqalarda yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash, do'konlarga yetkazib berish, meva-sabzavotlarni qayta ishlash tsexlarini tashkil etish jarayonlarini umumlashtiradigan “Tomorqa xizmati” klasterlari faoliyatini yo'lga qo'yishni davrning o'zi talab qilmoqda. O'tgan yilning o'tgan davrida 32 ta “Tomorqa xizmati” MCHJlar negizida bir nechta faoliyat turini o'zida qamrab olgan tomorqa xizmati klasteri faoliyati yo'lga qo'yildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-dekbaridagi “Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo'llab-quvvatlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-54-son qarorining 1 ilovasi bilan tasdiqlangan 36 ta “Tomorqa xizmati” MCHJlar negizida bir nechta faoliyat turini o'zida qamrab olgan tomorqa xizmati klasterini tashkil etish bo'yicha viloyat hokimliklari bilan birglikda “Yo'l xaritalar” ishlab chiqildi.
Shuningdek, ularning faoliyatini yo'lga qo'yish uchun Kengash huzuridagi Jamg'armadan 180 mlrd so'm kredit ajratish belgilangan bo'lib, birinchi bosqichda 7 ta Tomorqa xizmati klasterlariga 10,3 mlrd. so'm mablag' ajratildi.
Mamlakatimizda o'zida 12 ta faoliyat yo'nalishini mujassamlashtirgan “Tomorqa xizmati” klasterlari faoliyatini yo'lga qo'yish tajribasi amaliyotga o'tgan yildan boshlab joriy etildi. “Klaster” atamasi so'zma-so'z tarjima qilinganda “birgalikda o'sish”, degan ma'noni anglatadi. Mazkur tizimga “yagona zanjirda aylanadigan taraqqiyot” ta'rifi ham beriladi. O'tgan asrda paydo bo'lgan klaster usulida ishlarni tashkil etish vaqt o'tishi bilan korxonalar o'rtasida raqobat muhitini yaratib, aholining turmush darajasi o'sishiga xizmat qila boshladi.
Yurtimizda klasterlar faoliyatining yo'lga qo'yilishi fuqarolarga qator qulayliklar yaratmoqda. Korxona-klasterlar har biri 12-15 ming aholi xonadonlari bilan shartnoma tuzgan holda, dehqon xo'jaliklari va aholi tomorqalarida yetishtirilgan maxsulotlarning o'z iste'molidan ortgan qismini sotishga ko'maklashish, saqlash, qayta ishlab, ichki bozorlarda sotish hamda eksportga chiqarish bo'yicha fuqarolarga yaqindan ko'mak bermoqda. Bunday korxonalar aholi davromadlarini oshirish bilan birga, odamlarni ish bilan ta'minlashga hissa qo'shmoqda. Xususan, har bir klasterda o'rta hisobda 40-45 ta doimiy, 350-400 ta mavsumiy ish o'rinlari yaratiladi.
Navoiy viloyatida tashkil etilgan “Nurota tomorqa xizmati” MCHJ ayni kez hududdda shu yo'nalishdagi eng ilg'or korxonalardan biriga aylangan. Bu yerda 2021-yilda aholi bilan 5 mingdan ortiq shartnoma tuzilib, ixcham issiqxonalar qurish, tik quduqlarini qazib berish, ko'chat, urug'liklarni yetkazib berish, tomorqalarni ekin ekishga tayyorlash kabi xizmatlarni ko'rsatib kelmoqda. Korxona tarkibida klaster tashkil etilgach, faoliyati yanada kengaydi. Aholiga ko'rsatiladigan xizmat turlari 12 ta yo'nalishga etdi. Sutni qabul qilish punkti, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini saralash va qadoqlash sexi kabi yirik loyihalar ishga tushirilib, buning uchun Jamg'arma tomonidan kredit mablag'lari ajratildi. Hozirda “Tomorqa xizmat” MCHJ hisobida 12 ta bino, 8 ta yer osti tik qudug'ini burg'ulash agregati, 10 ta kimyoviy vositalar sepish uskunasi, 1 ta minitraktor, 6 ta motokultivatordan iborat texnika parki mavjud. Muhimi, klaster hududda yangi ish o'rinlari yaratib, aholiga tomorqa ishlarida yaqindan ko'mak berib kelmoqda.
Chust tumanida tashkil etilgan “Chust tomorqa xizmati” MCHJ ham o'z faoliyatini klaster tarzida davom ettiryapti. Korxona aholi xonadonlari va tomorqa yer maydonlariga xizmat ko'rsatish uchun 4 ta Labo avtomashinasi, 3 ta Isuzi avtomobili, 5 dona mini traktori, 7 dona motokultivator, 6 dona doripurkagichlar haydash, ishlov berish uchun motokultivator, mini traktorlar, doripurkagichli uskuna, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish uchun 1 dona O'simliklar klinikasi, 1 dona ko'chat va sabzavot urug'liklari sotish hamda 1 ta gul sotish do'konlari, 1 gektar maydonda ko'chat yetishtirishga ixtisoslashgan issiqxona, aholi va tomorqa yer egalari tomonidan yetishtirilgan mahsulotlarning 3600 tonnasini saralash, quritish va qadoqlash sexi, yetishtirilgan mahsulotlarni saqlashga mo'ljallangan 1000 tonnali muzlatgichli omborxona va 400 tonnali saqlash ombor, aholiga parranda yetkazib berish uchun 45 ming dona tuxum qo'yishga mo'ljallangan inkubator, chorva mollari yetkazib berish uchun molxona, aholining chorva hayvonlari sut mahsulotini qayta ishlash uchun kuniga 5 tonna sutni qabul qilish va qayta ishlash punkti yaratildi.
Aholi daromadini oshirish maqsadida mahalla fuqarolar yig'inlarining o'ziga xos xususiyatlari va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda 70 ta mahalla fuqarolar yig'inining o'sish nuqtalari aniqlanib, ixtisoslashtirish bo'yicha dastur ishlab chiqildi.
Jumladan,
- 8 ta mahalla fuqarolar yig'inida bog'dorchilik;
- 5 ta mahalla fuqarolar yig'inida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish;
- 34 ta mahalla fuqarolar yig'inida issiqxona, sabzavot, urug'chilik va gulchilikni rivojlantirish;
- 1 ta mahalla fuqarolar yig'inida pazzandachilik;
- 6 ta mahalla fuqarolar yig'inida parrandachilik va chorvachilik;
- 12 ta mahalla fuqarolar yig'inida xizmat ko'rsatish;
- 4 ta mahalla fuqarolar yig'inida hunarmandchilikni rivojlantirish.
Aholi xonadonlari va tomorqa yer egalariga kelgusida yanada qulaylik yaratish maqsadida faoliyati kengaytirilib, aholining daromadsiz qatlamini daromadga olib chiqish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinadi.
2021-yilda 94 ta aholiga 2068 mln so'mlik 542 bosh yirik va mayda tuyoqli xayvonlar yetkazib berilgan bo'lib, shundan 50 ta xonadonga 62 bosh (Smental, Qora angus, Qozoq oq boshi)zotli qoramollar va 44 ta aholiga 480 bosh (Xusori)zotli qo'ylar Qozog'iston Respublikasidan olib kelinib tarqatilgan.
Aholi xonadonlari bilan jami 2380 ta shartnoma imzolanib shundan 2200 xonadonlaridan 20 tonna sut mahsulotlari qabul kilingan (o'rtacha 8-10 litrdan xar bir xonadonlardan), 70 ta nafar fuqorolardan 15 tonna go'sht mahsulotlari sotib olingan (o'rtacha 1 nafar fuqorolardan 200-250 kg) va 50 aholi xonadonlariga 1500 dona (pres) yem-xashak yetkazib berilib (xar bir xonadonga o'rtacha 30 tadan), 60 dan ziyod xonadonga viterinariya xizmatlari ko'rsatildi.
Bugun ish faoliyatini olib borayotgan ko'pgina “Tomorqa xizmati” MCHJlar mavjud imkoniyatlardan foydalanib, aholi tomorqalarida yetishtirilgan hamda klasterlar tomonidan qayta ishlangan qishloq xo'jaligi maxsulotlarini ichki bozorlarimizdan tashqari, xorijga eksport qilishga erishyapti. Xususan, joriy yilning birinchi chorak davomida 13 ta yaqin “Tomorqa xizmati” korxonalari tomonidan 3,1 million dollarlik 3 ming tonna mahsulot Qog'ozig'ton, Tojikiston, Qirg'iziston, Afg'oniston, Rossiya, Ukraina, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Eron, Pokiston, Malayziya va bir qator Yevropa malakatlariga eksportga yo'naltirildi. Bu borada Samarqand viloyatidagi “Chelak tomorqa xizmati” MCHJ, Qashqadaryo viloyatidagi “Ko'hna voha tomorqa xizmati” MCHJ, Jizzax viloyatidagi "Paxtakor gold tomorqa"MCHJ, Navoiy viloyatidagi “Xatirchi tomorqa export” MCHJ, Surxondaryo viloyatidagi “Surxon bahor tomorqa xizmati”MCHJ, Xorazm viloyatidagi "Qo`shko`pir tamorqa xizmat" MCHJ korxonalari ayniqsa, yetakchilik qilmoqda.
Elmurod MAMARAHIMOV,
O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bo'lim boshlig'i