Avvalgi qishloq aholisi bilan bugungi qishloq odamlari haqida gap borganida, ularning hayot tarzi, yashash darajasi, daromadida sezilarli farq yuzaga kelgani ko'zga tashlanadi. Avvalo, xalqimizda bo'sh yer maydonlaridan unumli foydalanish, kichik tomorqadan ham yaxshigina daromad olish ko'nikmasi shakllandi. Bu o'z-o'zidan sodir bo'lgani yo'q, albatta. So'nggi yillarda mamlakatimizda dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalariga ajratilgan maydonlardan samarali foydalanish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq aholisining bandligi va turmush darajasini oshirish bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada o'z tomorqasida ekin-tekin ekib, undan foyda olish ko'pchilik yurtdoshlarimizning asosiy daromad manbaiga aylandi.
Yurtimizda 5,5 milliondan ortiq tomorqa yer egalari 509 ming gektar yer maydonlarida dehqonchilik qilmoqda. Xonadon tomorqasida har kim o'z imkoniyati, ixtiyoriga qarab mahsulot yetishtiradi. Talabgorlar orasida meva-sabzavotchilikka qiziqadiganlar ham ko'pchilik. Ayrimlari bu ish bilan avvaldan shug'ullanib kelgan bo'lsa, ba'zilar tajribali dehqonlardan ishning hadisini olib, so'ng jarayonga kirishadi. Asosiysi, vaqtini ham, hovlidagi yer maydonini ham bo'sh qoldirmay, oilasi daromadiga hissa qo'shadi.
Respublikaning barcha hududlarida aholi tomorqalaridan 2-3 marta hosil olishni yo'lga qo'yish bo'yicha Surxondaryo tajribasi asosida ishlar tashkil etilmoqda. Jumladan, fermerlar kengashi, qishloq xo'jaligi tashkilotlari mutaxassislari va agronomlari mahallalarga birma-bir biriktirilib, “mahalla yettiligi” bilan faol hamkorlik qilishmoqda.
Xususan, har bir mahallada hokim yordamchilari tomonidan mahalladagi xonadonlar soni, ekin yeri, mahsulotlarga bo'lgan talabi va uni qondirilish darajasini aniqlash imkonini beruvchi elektron bazaga xonadonbay ma'lumotlarni kiritib borish yo'lga qo'yildi, fuqarolarga ko'maklashilmoqda.
Misol uchun, Uychi tumani Xizraobod MFYdagi hokim yordamchisi Otabek Murodov tomonidan mahallasidagi talabgorlarga 4 sotix maydonida issiqxona tashkil etish, 1 ta motokultivator olish hamda quvvati 1000 dona bo'lgan inkubator tashkil etish uchun zarur bo'lgan kredit resursi ajratishga ko'maklashgan, mahalladagi 151 nafar tomorqa yer egalari tomorqasida o'z-o'zini band bo'lishi ta'minlangan.
Shuningdek, yoshlar yetakchilari tomonidan mahalladagi uyushmagan yoshlar dehqonlarga biriktirilgan bo'lsa, Soliq idorasi xodimlari tomonidan tomorqa xo'jaliklarida fuqarolarning bandligini ta'minlash, ish stajiga ega bo'lishini ta'minlashga qaratilgan tizimli ishlar tashkil etilmoqda.
Yer olib, ekin ekkan bilan hosil mo'l bo'lavermaydi. Yaxshi natijaga erishish uchun bilim, tajriba zarur. Hududlarda mahallabay ishlash tizimi, uyma-uy yurish orqali targ'ibot ishlarini olib borish, mahallalarda “Bir maxalla — bir maxsulot” tamoyili asosida ishlarning tizimli yo'lga qo'yilishi aholiga qulaylik yaratyapti. Ushbu tizim natijasida respublika bo'yicha 5 mingdan ortiq mahallalar muayyan bir turdagi mahsulot etishtirishga iqtisoslashtirildi. Shu tariqa, sabzavotchilik, kartoshkachilik, mevachilik va bog'dorchilik, chorvachilik, parrandachilik va boshqa yo'nalishlar mahallalar miqyosida rivojlantirilyapti.
Masalan, Urganch tumani “G'oybu” MFYda 6134 nafar tomorqachi tomonidan 439 gektar tomorqa maydonida sabzavotchilik mahsulotlari yetishtirish hisobiga 12-13 ming tonna mahsulot yetishtirilib, 50-52 mlrd so'm daromad olmoqda.
Mahallalarning bir mahsulotni yetishtirishga ixtisoslashishi qator afzalliklarga ega. Avvalo, “Tomorqa xizmati” MCHJlar tomonidan bitta mahallaga bir mahsulot urug'i yoki ko'chati yetkazib berilishi hisobiga xonadonlar egalarining ham vaqti, ham naqdi tejaladi. Mahsulot pishib yetilganidan keyin ham xaridor topishda muammolar bo'lmaydi. Bir mahsulotni katta hajmda oluvchi xaridorlar doim topiladi.
Birgina Samarqand viloyatining Tayloq, Bulung'ur va Urgut tumanlaring “Elobod”, “Saxovat”, “Olmazor”, “Galabotir”, “Uzun” va “Vatak” MFYdagi 2800 dan ortiq xonadon kartoshkachilikka ixtisoslashtirilib, bu yerda yiliga ikki marta hosil etishtirilyapti. Ertaki kartoshkaning plyonka ostiga ekilishi hisobiga mahsulot narxi o'sishining oldi olinmoqda. Muhimi, avvaldan kartoshkachilik bilan shug'ullangan xonadon egalari ham yangicha tizim ortidan ko'proq daromad ola boshladi.
Xonadonda tomorqalaridan foydalanishning yana bir samarali usuli issiqxonalar tashkil etish hisoblanadi. Bu orqali ham yaxshigina daromad, ham yiliga 2-3 marta hosil olish mumkin. Hatto, oila a'zolardan tashqari, qo'shimcha bir necha kishini ish bilan ta'minlash imkoniyati ham bor.
Yangi ish o'rinlari yaratish, ayrim insonlardagi boqimandalik kafiyatini yo'qotish, ularni tadbirkorlik sohasiga, aholini shaxsiy tomorqadan samarali foydalanishga keng yo'naltirish maqsadida joriy yilning o'tgan davrida 133,6 ming xonadondagi jami 1925 gektar maydonga ixcham issiqxonalar qurib berildi. Ayni paytda respublikamizdagi 747 mingdan ziyod xonadonda ihcham issiqxonalar mavjud bo'lib, aholi ularda mehnat qilib, ro'zg'origa qo'shimcha daromad qirityapti.
Jumladan, Paxtachi tumanida istiqomat qiluvchi Nodira egamberdieva, Zokir Eshtanov, Berdulla Egamberdiev, Vaxob Norqulovlar ixcham issiqxonada mahsulot yetishtirib, o'rtacha 45-50 million so'mdan daromad olmoqda. Ahamiyatlisi, bunday issiqxonalarni imtiyozli kreditlar asosida qurib, aholiga topshirishda “Tomorqa xizmati” MCHJlarning hissasi katta bo'lyapti.
Hududlarda tomorqa bilan ishlaydigan, aholiga moddiy resurslarni yetkazib beradigan, moliyalashtiradigan va ekin ekishni nazorat qiladigan tizim yaratilib, “Tomorqa xizmati” MCHJlar faoliyatining yo'lga qo'yilishi aholiga dehqonchilik ishlarini boshlashda katta ko'mak bermoqda.
2018-yilda sinov tariqasida ilk bor tashkil etilgan “Tomorqa xizmati” korxonalariga yil sayin talab ortib borayotgani ham shu vajdan. 2020-yil 30-iyunda qabul qilingan “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo'shimcha chora tadbirlari to'g'risida”gi Prezident qarori bilan respublikamiz bo'ylab 3 mingdan ortiq “Tomorqa xizmati” MCHJlar faoliyati yo'lga qo'yildi.
Bunday korxonalar ish boshlagan ilk kunidanoq aholiga ko'makchi bo'lib, odamlarning tomorqalarga ekin ekish, olingan hosilni xaridorga yetkazguniga qadar ularga ko'makdosh bo'lib kelmoqda. Joylarda aholi tomorqa yerlarini shudgorlash, zarur urug'lik va ko'chat yetkazib berish, xonadonlarga ixcham issiqxona qurib berish, echki, quy, parranda, asalari uyalari, quyon yetkazib berish kabi xizmatlarni “Tomorqa xizmati” korxonalari orqali tashkil etish yo'lga qo'yilmoqda.
O'z navbatida, xalqqa xizmat qilib, ularning mushkulini oson qilayotgan bunday korxonalar O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan qo'llab-quvvatlab kelinmoqda. Xususan, joriy yil davomida 3 105 ta “Tomorqa xizmati” jamiyatlari tomonidan 865 mingdan ortiq xonadonga xizmat ko'rsatildi.
Yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash va qayta ishlashni kengaytirish maqsadida, respublika hududida jami 703 ta (34 ming tn) sovutkichli omborxona va 413 ta (72 ming tn) quritish liniyalari ishga tushirildi. Misol uchun, Koson tumani “O'rta ovron” mahallasida tadbirkor tomonidan 30 tonnalik sovutkich tashkil etilib, unda sabzi va olmani saqlash hisobiga 60 mln so'm qo'shimcha daromad oldi.
Soha rivojida klasterlar faoliyati muhim drayverga aylanayotgani sir emas. Qishloq xo'jaligining turli yo'nalishlari qatorida o'tgan yildan boshlab “Tomorqa xizmati” klasterlari ham tashkil etilyapti. Xususan, ayni vaqtda meva-sabzavot ko'p yetishtiriladigan tumanlar 12 ta yo'nalish bo'yicha 72 ta tomorqa xizmati klasterlari ish olib bormoqda. Ular tomorqalarda yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash, do'konlarga etkazib berish, meva-sabzavotlarni qayta ishlash tsexlarini tashkil etish jarayonlarini umumlashtiradi.
Joriy yilning o'tgan davrida Kengash huzuridagi Jamg'arma tomonidan tomorqachilikni rivojlantirish uchun jami 564 mlrd so'm, jumladan, tomorqa yer egalariga 410 mlrd so'm, “Tomorqa xizmati” MCHJlarga 40 mlrd so'm, kooperativlar va yirik tadbirkorlarga 25 mlrd so'm, fermer va dehqon xo'jaliklariga imtiyozli kredit uchun 20 mlrd so'm, artezian quduqlar qazishga subsidiya uchun 53 mlrd so'm mablag'lar ajratildi.
Yaratib berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan “Tomorqa xizmati” MCHJlar aholi tomorqalarida etishtirilgan hamda klasterlar tomonidan qayta ishlangan qishloq xo'jaligi maxsulotlarini ichki bozorlarimizdan tashqari, xorijga eksport qilishga erishyapti. Jumladan, joriy yilning 9 oyi davomida 21 ta “Tomorqa xizmati” korxonalari tomonidan 26 million dollarlik 32,6 ming tonna mahsulot Qozog'iston, Tojikiston, Qirg'iziston, Afg'oniston, Rossiya, Ukraina, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Eron, Pokiston, Xitoy, Malayziya va bir qator Yevropa malakatlariga eksportga yo'naltirildi.
Tomorqa yerlaridan samarali foydalanish bo'yicha amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda echimini kutayotgan muommolar ham mavjud. Masalan, suv ta'minotidagi muommolar sabab yillar davomida tomorqa yerlariga ekin ekish, dehqonchilik qilish imkoniyati bo'lmagan mahallalar soni ham talaygina edi. Davlatimiz tomonidan ko'rilgan zaruriy choralar sababli suv ta'minoti og'ir bo'lgan ko'plab mahallalarga suv chiqarib berildi.
Jumladan, suv ta'minoti og'ir bo'lgan 1 115 ta mahallada tomorqalarni sug'orish uchun 2 163 ta artezian quduqlari qazish harajatlarini qoplab berish uchun byudjet mablag'lari hisobidan 200 mlrd so'm subsidiya ajratildi. Natijada 5 134 ta xonadonning 2,5 ming gektar tomorqa yer maydonlarida ekin ekish va daromad olish imkoniyati yaratildi.
Tomorqadan yaxshi daromad olish uchun yetarli bilim va ko'nikmalarga ega bo'lish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada ham tizimli ishlar yo'lga qo'yilmoqda. Jumladan, hududlardagi “Tomorqachilikni rivojlantirish markazlari”da o'quv mashg'ulot maydonlarida qishloq xo'jaligi olimlari, soha mutaxassislari, ko'p yillik tajribaga ega usta-dehqonlarni jalb qilgan holda jami 7 mingdan ortiq tomorqa yer egalariga shu soha bo'yicha keng tushuncha va tavsiyalar berib kelinmoqda.
Bundan tashqari, o'z tomorqasida mehnat qilib, yerga mehr berib elda aziz bo'layotgan, shaxsiy tomorqa yer uchastkalaridan samarali va oqilona foydalanib, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda yuksak natijalarga erishayotgan, sohaga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etgan holda ekologik va organik toza va sifatli mahsulotlarni etishtirayotgan dehqonlarimiz soni yildan yilga ko'payib bormoqda.
Joriy yil “Qishloq xo'jaligi xodimlari kuni” bayrami arafasida 809 nafar namunali tomorqa yer egalari O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining “Namunali tomorqachi” ko'krak nishoni bilan taqdirlandi.
Yaratib berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, tomorqada qishloq xo'jaligi ishlari bilan shug'ullanib kelayotgan 286 ming nafar fuqarolar Soliq qo'mitasida o'zini-o'zi band qilgan shaxs sifatida ro'yxatdan o'tgan.
Faxriddin SUYUNOV,
O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va
tomorqa yer egalari kengashi bo'lim boshlig'i