Yangiyoʻl tumanidagi Tomorqachilikni rivojlantirish milliy markazida tashkil etilgan 67 nafar ehtiyojmand ishsiz fuqarolarga motokultivator topshirildi.
Tadbirda Senat Raisi Tanzila Narbayeva, Toshkent viloyati hamda tuman hokimlari, hokim oʻrinbosarlari, “mahalla yettiligi”, mahalliy Kengash deputatlari, mahalla faxriylari, aholi vakillari ham qatnashdi.
T.Narbayeva aholi, ayniqsa, xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, tomorqa yerlaridan unumli foydalanish va bu orqali yuqori daromad koʻrishni taʼminlash asosiy maqsad qilinganini alohida taʼkidladi.
Jumladan, Senat Raisining soʻzlariga koʻra, motokultivatorlarning topshirilishi aholining boʻsh turgan tomorqalardan samarali foydalanishiga, oʻz oʻzini band qilishga, oʻz tomorqasidagi yerni haydashdan tashqari mahalladagi boshqa aholi vakillarining yerlarini haydab berish orqali qoʻshimcha daromadga ega boʻlishiga, bundan tashqari, tomorqalardan samarali foydalanish evaziga respublikamizda oziq-ovqat xavfsizligiga hissa qoʻshishga xizmat qiladi.
Minitexnikalar topshirish jarayonida ushbu ishlar tashkil etilishdan oldin vaziyat tubdan oʻrganilgani, xalqning xohish va istaklari inobatga olingan holda ushbu chora-tadbir amaliyotga joriy qilingani alohida qayd etildi.
Qayd etish joizki, dehqon va qishloq xoʻjaligi sohasida mehnat qiladigan har bir fidoyi yurtdoshimizning joniga oro kiradigan narsa bu uni kerakli texniklar bilan taʼminlashdir. Buni bugun ushbu minitexnikalarga ega boʻlgan aholi vakillarining oʻzlari ham alohida taʼkidlab oʻtdilar.
Shundan soʻng Senat Raisi mahallalarda boʻlib, “mahalla yettiligi”, aholi vakillari bilan suhbatlashdi. Ularning faoliyati, shart-sharoitlari bilan qiziqdi.
Jumladan, Yangiyoʻl tumanidagi “Niyozboshi” mahallasida “mahalla yettiligi” bilan suhbat jarayonida hududdagi holat, ishsiz xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish borasidagi ishlarga eʼtibor qaratildi. Bu boradagi ijobiy natijalar koʻlamini oshirish uchun zarur boʻlgan koʻrsatmalarini berdi.
Suhbat davomida qayd etildiki, mahalladagi 526 ta xonadondan 420 tasida aholi oʻz tomorqa yerlarida issiqxonalar tashkil etib, pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri va turli xildagi isteʼmolda talab yuqori boʻlgan koʻkatlarni yetishtirish orqali yilning toʻrt faslida ham oʻzi va oila aʼzolarini ish bilan band qilib, ham barqaror daromadga ega boʻlib kelmoqda.
Shundan soʻng Senat Raisi Zangiota tumanining “Olmazor” mahallasiga tashrif buyurib, “mahalla yettiligi” bilan suhbatlashdi. Mahalla fuqarolar yigʻinida tashkil etilgan kutubxonadagi shart-sharoitlar, nafaqat yoshlar, balki yoshi katta insonlarni ham kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishini oshirish yoʻlida qilinayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Mahalladagi xonadonlarga kirib, aholining turmush sharoiti bilan yaqindan tanishdi, xonadon egalari bilan samimiy suhbatlar oʻtkazdi.