“Tomorqa xizmati”ga ajratiladigan kreditlarning imtiyozli davri uzaytirilmoqda

    Agrosektor 8 Sentabr 2021 3575

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga, ularning samarali faoliyat yuritishlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berishga, kerak boʻlsa, ikkita ish oʻrni yaratgan tadbirkorni boshida koʻtarishga tayyor ekanligini koʻp bora tilga olib kelmoqdalar. Shu bois ham oʻtgan 5 yilda bir qancha farmon va qarorlar qabul qilindi. Oʻtkazilayotgan tub islohotlar natijasida Oʻzbekiston Doing business xalqaro indeksida 2015-yildagi 146-oʻrindan 2020-yilda 69-oʻringacha yuqoriladi.

    Joriy yil 20-avgust kuni Prezident tarixiy uchrashuv - mamlakatimiz tadbirkorlari bilan yuzma-yuz, ochiq muloqot oʻtkazdi. Bunday formatdagi uchrashuv mustaqil Oʻzbekiston tarixida birinchi bor oʻtkazildi va unda bevosita zaldan va videokonferensiya shaklida hududlardan 10 mingdan ortiq turli soha tadbirkorlari ishtirok etdi.

    Taʼkidlash joizki, mazkur uchrashuv juda samimiy ruhda oʻtdi. Unda hududlardan oʻnlab tadbirkorlar soʻzga chiqib, amaliyotda biznesni yoʻlga qoʻyishda mavjud toʻsiqlar, yechimini kutib turgan dolzarb muammolar toʻgʻrisidagi fikr-mulohazalarini Davlat rahbarining shaxsan oʻziga bildirdi.

    Qariyb 6 soatdan ortiq davom etgan muloqotda Prezidentimiz yurtimiz tadbirkorlari uchun kelgusida yanada qulay sharoitlar, imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilishini bildirdi. Shunday imtiyozlardan biri joylarda aholi tomorqalariga haqiqiy maʼnoda koʻmakchi boʻlayotgan “Tomorqa xizmati” MCHJlarga joriy etiladigan boʻldi.

    Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-apreldagi qarori bilan qishloq tumanlarida “Tomorqa xizmati” MCHJlar tashkil etildi. Ular asosiy faoliyati doirasida 3 yil muddatga qoʻshilgan qiymat soligʻidan tashqari barcha turdagi soliqlardan ozod etilgan boʻlib, quyidagilar ularning asosiy vazifasi hisoblanadi:

    fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalariga shartnoma asosida zarur moddiy resurslar, shu jumladan, urugʻlar, koʻchatlar, taralar, texnika, chorva mollari, parranda, quyon, asalari uyasi, baliq, qishloq xoʻjalik texnikalari hamda ehtiyot qismlari, omixta yem, mineral oʻgʻitlar, oʻsimliklarni himoya qilish uchun kimyoviy vositalar va asbob uskunalar yetkazib berish, shuningdek, issiqxonalar qurib berish;

    fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalaridan xarid qilingan, shuningdek, oʻz maydonlarida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saralash, tayyorlash, saqlash, qayta ishlash, quritish, qadoqlash, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni ichki va tashqi bozorlarda sotish hamda eksport qilish.

    Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-iyundagi qaroriga asosan tashkil etilgan Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi “Tomorqa xizmati” MCHJlarga yuqoridagi tadbirlarni amalga oshirishlari uchun imtiyozli shartlarda (Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida, bugungi kunda 14%) kredit resurslari ajratib kelmoqda. Oʻtgan davrda respublika boʻyicha 220 dan ortiq MCHJlarga Jamgʻarma hisobidan 253 mlrd.soʻmdan ortiq moliyaviy koʻmak koʻrsatildi.

    Biroq soʻnggi vaqtlarda mazkur kreditlarning muddati qisqaligi yaʼni 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha “Tomorqa xizmati” MCHJlarga, ayniqsa aholiga klaster usulida xizmat koʻrsatuvchi jamiyatlarga faoliyatlarini toʻlaqonli yoʻlga qoʻyishlarida qiyinchiliklar tugʻdirmoqda edi. Tadbirda soʻz olgan Surxondaryo viloyati Muzrobod tumanidagi “Muzrobod tomorqa xizmati” MCHJ rahbari bildirgan va Prezident qoʻllab-quvvatlagan taklifga asosan endilikda “Tomorqa xizmati” MCHJlarga ajratiladigan kreditlarning muddati 3 yildan 5 yilga, imtiyozli davri 6 oydan 12 oygacha etib belgilanishi koʻzda tutilmoqda.

    Shu bois Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida qaror loyihalari ishlab chiqilmoqda.

    Mazkur imtiyozning amaliyotga tatbiq etilishi Jamgʻarma mablagʻlaridan yanada samaraliroq foydalanilishiga, “Tomorqa xizmati” MCHJlar moddiy-texnik bazasini kuchaytirilishiga, aholi tomorqalaridan yanada koʻproq hosil va daromad olinishiga, yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini nest-nobud qilmay ichki va tashqi bozorga koʻproq chiqarilishiga zamin yaratadi.

    Elmurod Bozorov,

    Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash

    jamgʻarmasi ijro etuvchi direktor oʻrinbosari