Toshkent shahar yalpi hududiy mahsuloti 1,7 marotaba oshdi

    2017-2022-yillarda Toshkent shahri iqtisodiyotining yuqori oʻsish surʼati taʼminlandi.

    Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari 2017-2022-yillarda Toshkent shahri iqtisodiyotining rivojlanish surʼatini oʻrgandi.

    Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar uchun asos yaratgan 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi keyingi 6 yilda hududlarni uzluksiz rivojlantirishning muhim mexanizmi boʻldi.

    Ushbu davrni mamlakat va uning hududlari taraqqiyotida sifat jihatidan yangi bosqich deyish mumkin: makroiqtisodiy barqarorlik mustahkamlandi, iqtisodiy oʻsishning yuqori surʼati taʼminlanmoqda, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobiga tarmoqlarning samaradorligi va raqobatbardoshligi oshdi.

    Mazkur strategik hujjatni amalga oshirish doirasida Toshkent shahrida ham ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonida sezilarli ijobiy natijalarga erishildi.

    Belgilangan amaliy chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishi tufayli 2017-2022-yillarda Toshkent shahrida iqtisodiyotining yuqori oʻsish surʼatlari taʼminlandi. Jumladan:

    ➖ yalpi hududiy mahsulot (YAHM) 1,7 marotaba (147,4 trln. soʻm);

    ➖ sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 1,6 marotaba;

    ➖ chakana savdo 1,65 marotaba;

    ➖ xizmat koʻrsatish 2,3 marotaba;

    ➖ qurilish ishlari 2,8 marotaba;

    ➖ investitsiyalarni oʻzlashtirish 2,4 marotaba;

    ➖ eksport hajmi 1,8 marotaba oshdi.

    Tadqiqot davomida quyidagi tarmoqlar sanoat va xizmatlar sohasida iqtisodiy oʻsishning asosiy “drayver”lari ekanligi aniqlandi:

    ➖ sanoat: oziq-ovqat, elektrotexnika, kimyo, qurilish materiallari, metallurgiya, farmatsevtika, toʻqimachilik;

    ➖ xizmatlar: savdo, moliya, transport, aloqa va axborotlashtirish, turizm, qurilish va koʻchmas mulk bilan bogʻliq xizmatlar.

    Inson kapitali, ishlab chiqarish tarmoqlari va xizmatlar, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish hisobiga islohotlar izchilligi va barqaror yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlashga qaratilgan “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi” Toshkent shahri iqtisodiyotini yanada rivojlantirish uchun asos boʻlib xizmat qilmoqda.