Toshkent shahrining bosh rejasini ishlab chiqish uchun birinchi bosqichda 40 milliard soʻm ajratildi

    Urbanizatsiya 7 Dekabr 2023 503

    Toshkent shahrining bosh rejasini ishlab chiqish uchun poytaxt mahalliy byudjetidan 40 milliard soʻm ajratiladi. Xalq deputatlari shahar kengashi 2023-yil 4-dekabrda ushbu moliyalashtirishni tasdiqladi.

    Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqovning joriy yil 10-iyuldagi qarorida hokimlik va “ToshkentboshplanLITI” DUK oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzilgan. Unga koʻra, birinchi bosqichda mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan 40 milliard soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan.

    “Yangi Toshkent”ning bosh rejasini inobatga olgan holda, loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish va xorijiy loyiha kompaniyalarini tanlash boʻyicha tender tashkil etish bilan bogʻliq tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

    Kengash vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, xoʻjalik birlashmalari, banklar va direksiyalarning ishini muvofiqlashtiradi va vazifalarini belgilaydi, investorlarning loyiha takliflarini koʻrib chiqadi va “Yangi Toshkent” bosh rejasini tasdiqlaydi. Unga oʻzgartirishlar kiritadi, shuningdek, yer uchastkalarini bosqichma-bosqich oʻzlashtirish masalalarini koʻrib chiqadi va kimoshdi savdosiga qoʻyiladigan yer uchastkalarining dastlabki qiymatini belgilaydi. Bundan tashqari, organ toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish orqali loyiha-pudrat tashkilotlari va boshqa mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatiga ega boʻladi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Oʻrta Chirchiq tumanlaridan 19 ming 720 gektar yer tanlab olingan. Birinchi bosqichda 2,5 ming gektarda 100 ming aholi uchun uy-joylar va infratuzilma obyektlari qurish rejalashtirilgan.

    Yangi Toshkent “aqlli” va “bogʻ shahar” boʻlishi nazarda tutilmoqda. Maʼmuriy markazda davlat idoralari, Yangi Oʻzbekiston universiteti, kutubxona, Tarix muzeyi, madaniyat saroylari joylashadi. Shuningdek, shaharda ishbilarmonlik va innovatsiya tumanlari, taʼlim, tibbiyot va turizm klasterlari boʻladi.

    420 gektar maydonda markaziy bogʻ, mavzelar orasida sunʼiy kanal va koʻllar, Chirchiq va Qorasuv daryolari boʻyida sayilgohlar tashkil qilinib, odamlarning dam olishi uchun soʻlim sharoitlar yaratiladi. “Toshkentning yashil belbogʻi” loyihasi shu joydan boshlanadi.