Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisidagi nutqi

    Hukumat 19 Noyabr 2024 2742

    Avvalo, siz, azizlarni yuksak ishonchga sazovor bo‘lib, Oliy Majlis Senati a’zosi etib saylanganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

    Assalomu alaykum, hurmatli Senat a’zolari!

    Qadrli do‘stlar!

    Avvalo, siz, azizlarni yuksak ishonchga sazovor bo‘lib, Oliy Majlis Senati a’zosi etib saylanganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

    Albatta, senator degan nom – yuksak va sharafli maqom, shu bilan birga, ulkan mas’uliyat ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz.

    Sizlar Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimiz uchun tinch va osoyishta, erkin va farovon hayot yaratish yo‘lida bor bilim va tajribangizni, kuch va salohiyatingizni ishga solib, xalqimiz ishonchini oqlaysiz, deb umid qilaman.

    Kuchli raqobat, adolat va oshkoralik ruhida o‘tgan saylovlar natijasida beshinchi chaqiriq Senatning tarkibi sifat jihatidan yuqori darajada shakllandi. Bugun sizlarning timsolingizda ko‘plab yetakchi soha va tarmoqlar vakillarini, taniqli siyosat, iqtisodiyot, ilm-fan va madaniyat namoyandalarini ko‘rib turganimdan xursandman.

    Senatorlarimizning intellektual salohiyati haqida gapirganda, ularning har 3 nafaridan biri ilmiy darajaga ega ekanini alohida ta’kidlash kerak.

    E’tiborlisi, Senat a’zolarining qariyb 27 foizi yoki 16 nafari xotin-qizlardir. Bu esa oila, onalik va bolalik, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, umuman, ijtimoiy masalalar bo‘yicha qonunchilik faoliyati hamda parlament nazoratini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi, albatta.

    Mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan saylovlar davlatimiz va jamiyatimiz rivojida ham, mahalliy Kengashlar faoliyatida ham yangi davrni boshlab bermoqda, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

    Yangi saylangan mahalliy Kengashlar tarkibi va maqomiga ko‘ra oldingi holatdan mutlaqo farq qiladi. Ularning tarkibi qariyb 60 foizga yangilanib, 3 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz ilk bor deputat bo‘lgani ham shundan dalolat beradi.

    Ayniqsa, mahalliy Kengashlarda ayol deputatlar ulushi 32 foizga yetgani, 30 yoshgacha bo‘lgan deputatlar soni 3,5 karra oshib, 266 nafarni tashkil etgani Senat faoliyatini yangicha yondashuv va qarashlar asosida tashkil etishda muhim rol o‘ynaydi.

    Bugungi majlisda ishtirok etayotgan senatorlarning aksariyati bir vaqtning o‘zida mahalliy Kengash deputatlari hamdir.

    Barchamiz yaxshi tushunamiz, dunyo miqyosidagi vaziyat misli ko‘rilmagan darajada keskin va murakkab bo‘lib borayotgan hozirgi sharoitda yurtimiz tinchligi va ravnaqini ta’minlash har qachongidan ham ustuvor vazifaga aylanmoqda.

    Buyuk shoir va mutafakkir Pahlavon Mahmud bobomiz aytganlaridek, qadimgi ajdodlar bitta to‘fon ko‘rgan bo‘lsa, bugun biz mingta to‘fon ko‘rmoqdamiz. Chindan ham, biz duch kelayotgan global muammolarning har biri bitta to‘fon emasmi?

    Turli mintaqalardagi qonli to‘qnashuvlar, ekologik va texnogen fojialar, iqlim o‘zgarishlari, iqtisodiy inqirozlar, terrorizm va ekstremizm tahdidlari, qochoqlar muammolari tobora kuchayib borayotganini barchamiz ko‘rib-bilib turibmiz.

    Mana shunday g‘oyat tahlikali vaziyatda biz faqat kuchli iroda, birlik va hamjihatlik, qattiq mehnat bilangina yurtimizda tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashga erisha olamiz. Hurmatli senatorlarimiz, mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlarimiz ana shu o‘tkir haqiqatni, o‘z zimmalaridagi ulkan mas’uliyatni chuqur anglab ish olib boradilar, deb ishonaman.

    Qadrli do‘stlar!

    Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ulug‘vor vazifalarni amalga oshirishda yuqori palataning avvalgi tarkibi munosib hissa qo‘shdi. Ayniqsa, ayollar huquqlarini ishonchli ta’minlash, xotin-qizlar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish masalalarida Senat alohida faollik ko‘rsatdi. Oxirgi besh yilda yuqori palata tomonidan 106 marta hisobotlar eshitilgani, ijro organlariga 1 ming 300 ta so‘rov kiritilgani ham muhim ijobiy natijadir.

    Parlamentning xalqaro maydondagi nufuzi ham sezilarli darajada oshib bormoqda. O‘tgan davrda xorijiy davlatlar bilan parlamentlararo do‘stlik guruhlari soni 26 tadan 73 taga yetdi. Senatimiz Osiyo xotin-qizlar forumi, Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlararo forumi kabi yirik xalqaro tadbirlarga mezbonlik qildi.

    Parlamentlararo Ittifoq assambleyasining 150-sessiyasi, ya’ni yubiley anjumani kelgusi yili poytaxtimizda o‘tkazilishi ham alohida e’tiborga loyiq. Senat ushbu nufuzli xalqaro forumni ham yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishga boshchilik qilsa, o‘ylaymanki, ayni muddao bo‘ladi.

    Shu o‘rinda Senatda davlatlararo kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini ta’minlash bo‘yicha ilk bor ijobiy amaliyot yo‘lga qo‘yilganini ham ta’kidlash joiz.

    Muhtaram senatorlar!

    Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida Senat tarkibi ixchamlashib, uning a’zolari soni 100 nafardan 65 nafarga qisqardi. Ayni vaqtda senatorlarning vakolatlari va mas’uliyati bir necha barobar oshdi. Xususan, yuqori palataning parlament nazorati va bir qator muhim davlat organlarini shakllantirishdagi ishtiroki sezilarli ravishda kengaytirildi.

    Yana bir muhim masala. Ilgari senatorlarimiz nazorat tadbirlarida yoki saylovchilar bilan uchrashuvlarda qonunlarda aniqlangan muammolarni hal etish bo‘yicha aniq vakolatga ega emas edi. Yangilangan Konstitutsiyamizda Senatga qonunchilik taklifini kiritish huquqi berilishi bilan masala o‘z yechimini topdi. Yangi saylangan senatorlarimiz bu jarayonlarda endi faol bo‘ladilar, deb ishonaman.

    Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

    Endi, yuqori palata o‘z faoliyatida to‘liq ishga solishi lozim bo‘lgan imkoniyat va yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tsak.

    Konstitutsiyada Senat hududiy vakillik palatasi ekani belgilab qo‘yilgan. Shu bilan birga, oldingi chaqiriqda Senat mahalliy Kengashlar bilan muloqot va hamkorlik borasida faqat dastlabki qadamlarni qo‘yganini tan olish lozim. Masalan, mahalliy Kengashlar 15 dan ortiq masalalar bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘lsa-da, ularni tayyorlash, kelishish va tasdiqlash bo‘yicha yagona tartib haligacha ishlab chiqilmagan.

    Yana bir masala. Mahalliy Kengashlarga ko‘p vakolatlar berib, maqomini ancha oshirdik. Lekin, afsuski, Kengash deputatlari tajriba almashadigan, malaka va amaliy ko‘nikmasini oshirib boradigan tizim yo‘lga qo‘yilmadi. O‘ylaymanki, ushbu masala ham Senatning yangi tarkibi e’tiboridan chetda qolmaydi.

    Bundan tashqari, mahalliy Kengashlarning eng yaxshi tajribalarini boshqa hududlarda ham ommalashtirish, namunali Kengashlarni e’tirof etish ham yo‘lga qo‘yilsa, albatta, ishimizning samarasi yanada oshadi.

    Asosiy qonunimizga muvofiq, Senat 10 dan ziyod yuqori martabali mansabdor shaxslarning hisobotlarini eshitadi. O‘tgan besh yilda bunday hisobotlar 100 martadan ortiq eshitilgan. Lekin hisobotlar ko‘p hollarda chuqur tahlillar o‘tkazmasdan ko‘rib chiqilmoqda. Masalan, jinoyatchilik masalasini olaylik. 2024 yilning 9 oyida mamlakatimiz bo‘yicha 45 mingdan ziyod shaxs jinoyatga qo‘l urgan. Andijon, Jizzax, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida o‘g‘rilik, Navoiy, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida firibgarlik, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida giyohvandlik jinoyatlari boshqa hududlarga nisbatan ko‘proq sodir etilgan.

    Senat parlament nazorati doirasida mavjud ahvolni puxta tahlil qilib, “qizil” hududlardagi vaziyatni nazoratga olsa, bu borada qat’iy so‘rov o‘tkazsa, o‘ylaymanki, vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish mumkin.

    Qadrli yurtdoshlar!

    So‘nggi yillarda keng ko‘lamli demokratik islohotlarimiz tufayli O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni yaxshilanib bormoqda. Mamlakatimiz reytingi qonun ustuvorligi bo‘yicha 8 pog‘ona, elektron hukumat bo‘yicha 18 pog‘ona, iqtisodiy erkinlik bo‘yicha 49 pog‘ona, logistika va innovatsiya bo‘yicha 10 pog‘ona yuqori ko‘tarildi.

    Bunday muhim yutuqlarni e’tirof etgan holda, biz ayni vaqtda bu yo‘nalishlarda hali yana ko‘p ish qilishimiz zarurligini yaxshi tushunamiz.

    Bugungi kunda O‘zbekiston nufuzli xalqaro minbarlardan katta-katta tashabbuslarni ilgari surmoqda. Albatta, ularning mazmun-mohiyatini xalqimizga, xorijiy va mahalliy ekspertlarga yetkazishda senatorlarimiz faol bo‘lishlarini barchamiz istaymiz. Ammo, afsuski, ularning bu boradagi roli yetarli darajada sezilmayapti. Senatdagi xalqaro ishlarga mas’ul qo‘mita ham ushbu masalada ancha sust ishlayapti. Umid qilamanki, yuqori palatamizning yangi tarkibi mazkur yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilaydi.

    Hurmatli majlis qatnashchilari!

    Bugungi tahlikali zamon barchamizdan o‘z ishimizni tanqidiy baholab, uni butunlay yangicha tashkil etishni taqozo etmoqda. Shu munosabat bilan Senat oldida turgan dolzarb vazifalarga qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

    Birinchidan, yangilangan Konstitutsiyamizda Senat bilan Qonunchilik palatasi vakolatlaridagi takroriy holatlar bartaraf etilib, ularning har biriga tegishli vazifalar aniq ko‘rsatildi.

    Endi Senat qonunlarni muhokama qilishda yangicha mexanizmlarni joriy etishi zarur. Ayniqsa, qonun ijodkorligi jarayoniga mahalliy Kengashlarni keng jalb etish, har bir qonun bo‘yicha ularning fikrini olish amaliyotini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega.

    E’tibor bering, Kengashlar deputatlari bu yil fuqarolar bilan uchrashuvlarda 22 mingdan ortiq muammolarni aniqlagan. Ya’ni, joylardagi haqiqiy ahvolni ular yaxshi biladi. Shunday ekan, qonunlarni parlament qo‘mitalarida ko‘rib chiqishda, vazirlik va idoralar vakillari bilan emas, balki mahalliy Kengashlar deputatlari bilan ko‘proq ish olib borilsa, albatta adolatdan bo‘ladi. Chunki, hududlarning o‘ziga xos xususiyat va imkoniyatlari hisobga olinmagan qonunlar quyi bo‘g‘inda samarali ishlamaydi.

    Eng muhimi, qonunlarda hududiy va umumdavlat manfaatlari uyg‘un bo‘lishiga erishish lozim. Qonunlar ijrosini ta’minlashda mahalliy hokimlik yoki Kengashning imkoniyat va resursi qay darajada ekani doimo Senatning e’tibor markazida bo‘lishi zarur.

    Ikkinchidan, mahalliy Kengashlar faoliyatiga har tomonlama ko‘maklashish Senatning ustuvor vazifasi bo‘lishi kerak.

    Mahalliy boshqaruvda sifat jihatidan yangi model joriy etilayotgan hozirgi vaqtda bu ayniqsa muhimdir. Xabaringiz bor, endi Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga hokimlar emas, balki deputatlar orasidan saylangan Kengash raislari boshchilik qiladi. Biz ushbu siyosiy islohot orqali xalqimizning 30 yillik orzusini ro‘yobga chiqardik, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

    Fursatdan foydalanib, bugungi majlisda ishtirok etayotgan hududiy Kengashlar raislarini qutlab, ularga kelgusi faoliyatlarida yutuqlar tilayman.

    Bu yil hokimlarning 33 ta vakolati Kengashlarga olib berildi, yana 17 ta vakolatni o‘tkazishni reja qilyapmiz. Misol uchun, ichimlik suvi tarifiga ustama, davlat ob’ektlari va bozorlarda ijara to‘lovlari kabi jami 7 turdagi mahalliy yig‘imlar miqdorini tasdiqlash vakolati ham mahalliy Kengashlarga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

    Shuningdek, Kengash so‘rovi va Kengash tekshiruvi kabi yangi mexanizmlar orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazorat kuchaytiriladi. Mahalliy Kengashlar tomonidan har yarim yilda qilingan ishlar bo‘yicha matbuot anjumanlari o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsa, o‘ylaymanki, bu ularning faoliyatida oshkoralik va hisobdorlikni kuchaytiradi.

    Ushbu chora-tadbirlarning barchasi mamlakatimizda davlat boshqaruvini quyi bo‘g‘inga tushirish, ularni aholiga yaqinlashtirish jarayonlari ortga qaytmas tus olganidan dalolat beradi.

    Shu o‘rinda g‘oyat muhim bir jihatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. 1992 yilgacha mamlakatimizda bir muddat mahalliy davlat hokimiyatiga ikki rahbar boshchilik qilgan holatlar ham bo‘lgan. Buni bugungi majlisda qatnashayotgan yoshi ulug‘ insonlar yaxshi eslaydi. O‘sha vaqtda ayrim rahbarlar dolzarb muammolarni hal qilib, hududni rivojlantirish o‘rniga obro‘ talashishdan ortmay qolgani ham bor gap.

    Yaqin o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan bunday xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz va ularni takrorlashga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. Umuman, hokim ham, Kengash raisi ham, avvalo, o‘z hududida yashayotgan aholi manfaatlarini yetakchi o‘ringa qo‘yib, bir jamoa bo‘lib ishlashi lozim.

    Ayni paytda Konstitutsiyada belgilanganidek, tuman, shahar va viloyatlar miqyosida qonun hujjatlarini so‘zsiz ijro etish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirish uchun hokimlar mas’ul va javobgar ekanini alohida ta’kidlab aytmoqchiman.

    Bu fikrlarni siz, hurmatli senatorlar bilan uchrashuvda bayon etayotganim bejiz emas. Chunki, sizlar, bir tomondan, mahalliy Kengash deputatisiz, ikkinchi tomondan, Senat a’zosi sifatida zimmangizga mahalliy vakillik idoralariga ko‘maklashish vazifasi ham yuklatilgan.

    Senat mahalliy hokimlik va Kengashlar hamjihat faoliyat yuritishi, o‘zaro munosabatlarini to‘g‘ri tashkil etishi uchun ularga yaqindan yordam berishi lozim.

    2026 yildan boshlab tuman va shahar Kengashlariga ham hokimlar raislik qilmaydi. Bu ham muhim demokratik jarayon. Yuqori palatamiz bu islohotga ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi kerak.

    Uchinchidan, yangilangan Konstitutsiya talabi asosida mahalliy Kengashlar yaqinda hokimlarni lavozimga tasdiqlashda, ularning hududni rivojlantirishga oid dasturlarini ilk bor ko‘rib chiqib, ma’qulladi.

    Xalqimiz deputatlardan bu dasturlardagi vazifalar ijrosi bo‘yicha deputatlik va Kengash nazoratini amalga oshirishda faol va tashabbuskor bo‘lishni kutmoqda.

    Misol uchun, so‘nggi besh yilda yo‘l qurilishi sohasiga 48 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa-da, yo‘llarning 32 foizi yoki 66 ming kilometri hanuz ta’mirtalab ahvolda. Ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimiga esa 23 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan, lekin 747 ta mahalladagi qariyb 8 million aholi hali ham markazlashgan tarmoqqa ulanmagan. Markazlashgan isitish qozonlarining 8 foizi hamda issiqlik tarmoqlarining 14 foizi yaroqsiz ahvolda.

    Shahar va shaharchalarning 826 tasi yoki 70 foizi, qishloq aholi punktlarining 5 ming 859 tasida yoki 78 foizida bosh reja yo‘q. Oqibatda, joylarda pala-partish va noqonuniy qurilishlar ko‘payib bormoqda. O‘tgan yili ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan qurilish boshlangan 1 ming 600 ta ob’ekt aniqlangan bo‘lsa, joriy yilning olti oyida bu ko‘rsatkich 1 ming 900 tadan oshgani ham buning dalilidir.

    Bu esa mahalliy Kengashlar vazirlik va idoralarning quyi bo‘g‘inlari, ayniqsa, tuman va shahar bo‘linmalari bilan joylarda yangicha yondashuv asosida ishlashini taqozo etmoqda.

    Aziz do‘stlar!

    Ma’lumki, byudjet munosabatlari sohasida mahalliy Kengashlar juda katta vakolatlarga ega. Biz 2025 yilda yer, mol-mulk va aylanma soliqlarini to‘liq, daromad solig‘ining esa kamida 50 foizini tuman va shaharlarning o‘zida qoldirish bo‘yicha qaror qabul qilamiz. Bu orqali mahalliy Kengashlarning ushbu sohadagi roli yanada ortadi. Natijada 2025 yilda tuman va shaharlar byudjetlari daromadi 9,4 trillion so‘m yoki 47 foizga oshadi.

    Misol uchun, birgina Xatirchi tumanining byudjetida daromadlar 69,4 milliard so‘m yoki salkam 2 barobar, Buxoro tumanida 29 milliard so‘m yoki 1,3 barobarga ko‘payadi.

    Bu islohotlarimiz tuman va shaharlardagi mas’ul va mutasaddi shaxslar o‘z hududlaridagi muammolarni mustaqil hal etishi uchun imkoniyatni tubdan oshirish barobarida mahalliy Kengashlardan yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, aholini qiynayotgan masalalar yechimi bo‘yicha asosli tashabbuslarni ilgari surishni ham talab etadi.

    Senat esa bu yo‘nalishlarda mahalliy Kengashlar faoliyatini tizimli tahlil qilib, ularga ko‘maklashib borishi zarur.

    To‘rtinchidan, yangilangan Konstitutsiyamizda Senatga mahalliy Kengashlarning qarorlari qonunchilikka muvofiq bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha katta mas’uliyat yuklangan.

    Birgina o‘tgan yilning o‘zida ushbu Kengashlar 34 ming 400 ta qaror qabul qilganini hisobga oladigan bo‘lsak, bu qanchalik muhim vazifa ekani yaqqol ayon bo‘ladi. Senat bu borada ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha samarali tizim yaratishi kerak. Bu yo‘nalishda yuqori palata huzurida yaqinda tashkil etilgan Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi imkoniyatlaridan unumli foydalanish lozim bo‘ladi.

    Beshinchidan, Senat qo‘mitalari – yuqori palataning yuragi, harakatlantiruvchi kuchidir.

    Har bir qo‘mita joylardagi muammolarni o‘rganish va ularning yechimi yuzasidan o‘tgan besh yil davomida o‘rtacha 37 tadan nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazgan. Albatta, bu ko‘rsatkich va raqamlar yaxshi. Lekin nazorat tadbirlari kutilgan natija beryaptimi, ulardan keyin joylarda aniq bir muammo o‘z yechimini topyaptimi, degan savol senatorlarimizni o‘ylantirishi kerak.

    Shu bois, qo‘mitalardagi eshituv instituti asoslarini qonun darajasida mustahkamlab qo‘yish vaqti keldi, deb hisoblayman. Har bir qo‘mita o‘z yo‘nalishi bo‘yicha mahalliy Kengashlarga ko‘maklashib borsa, tabiiyki, ularning faoliyati ham sezilarli darajada kuchayadi.

    Oltinchidan, biz kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish borasida katta dasturlarni amalga oshirmoqdamiz.

    To‘rt yil avval 23 foiz yoki 7,5 million nafar aholimizning daromadi kambag‘allik chegarasiga ham yetmas edi. O‘tgan davrda 3,5 million fuqaro uchun daromad olish imkoniyatini yaratib, kambag‘allikni 11 foizga tushirishga erishdik. Kelgusi uch yilda uni 7 foizga tushirishni reja qilganmiz.

    Kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida kelgusi yili byudjetdan 500 milliard so‘m yo‘naltiramiz. Yana bir yangilik – yangi yildan 65 turdagi ijtimoiy xizmat va yordamlar, 50 ga yaqin imtiyozlarni o‘zida mujassam etadigan yagona “Ijtimoiy karta” tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

    Daromadi va sog‘lig‘ini yo‘qotib, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash ko‘lami bosqichma-bosqich kengaytiriladi. Buning uchun “Ijtimoiy sug‘urta to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga moslashuvini ta’minlash uchun ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘lami kengaytiriladi.

    Xabaringiz bor, bugungi kunda imkoniyati cheklangan bolalarning aksariyati ijtimoiy muhitdan ajralgan holda ta’lim olmoqda. Ularning umumta’lim maktablariga qatnashi uchun to‘siqsiz muhit va zarur sharoit yaratiladi, maxsus pedagog va psixologlar jalb qilinadi.

    Yana bir muhim masalaga alohida to‘xtalmoqchiman. Jamiyatimizda bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari uchrayotganidan xabarim bor. Biz milliy madaniyatimizga xos bo‘lmagan bunday illatlarga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishimiz va ayovsiz kurashishimiz shart. Bu masala shaxsan Prezidentning nazoratida bo‘ladi.

    Shu bois, yaqinda bolaning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz qilinadigan, jismoniy va ruhiy azob yetkazishi mumkin bo‘lgan barcha holatlarda davlat tomonidan tegishli huquqiy va ijtimoiy choralar ko‘rilishini qonun bilan mustahkamlab qo‘ydik.

    Prokuratura organlari zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ta’sirchan choralarni yanada kuchaytirishi kerak.

    Ana shunday reja va tashabbuslarimizni to‘liq ro‘yobga chiqarishda senatorlarning ishtiroki, hech shubhasiz, juda muhim.

    Yettinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida milliy kengash faoliyati yo‘lga qo‘yilib, Senat raisi unga rahbarlik qilishi to‘g‘ri bo‘lganini hayotning o‘zi tasdiqladi.

    So‘nggi besh yilda “Korrupsiyaning mavjud emasligi” ko‘rsatkichida O‘zbekiston 23 pog‘ona yuqori ko‘tarilib, 2023 yilda 140 ta mamlakat orasida 66-o‘rinni egalladi va Markaziy Osiyo mintaqasida bu yo‘nalishda sezilarli ijobiy ko‘rsatkichni namoyish etdi.

    Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining shaffofligini baholash bo‘yicha “Ochiqlik indeksi” joriy etildi. Baholash natijalariga ko‘ra, qoniqarsiz deb topilgan davlat tashkilotlari rahbarlarining hisobotlari Milliy kengash yig‘ilishlarida eshitib borilmoqda. Biroq, bu borada hali yechimini kutayotgan masalalar ham yetarli. O‘tgan yili korrupsiyaga oid jinoyatlar 12 foizga kamaygan bo‘lsa-da, 6 ming 500 nafar shaxs korrupsiyada ayblanib, javobgarlikka tortilgan.

    Umuman, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha parlament nazoratini, butun jamiyatimiz ishtirokini yanada kuchaytirish zarur, deb hisoblayman.

    Senat aholi va davlat xizmatchilarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish, yosh avlod ongiga qonunga hurmat, to‘g‘rilik va halol mehnat tushunchalarini singdirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishi kerak.

    Sakkizinchidan, Senat tomonidan Sudyalar oliy kengashining barcha a’zolarini saylash tizimi yo‘lga qo‘yilgani sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi.

    Shu o‘rinda bir fikrga urg‘u berib aytmoqchiman: Senatning ushbu konstitutsiyaviy vakolati faqat nomzodlarni tasdiqlash bilan cheklanib qolmasligi kerak. Yuqori palata qo‘mitalarida nomzodlarning faoliyati bilan tanishish va baho berish, ular haqida xulosa bildirish amaliyotini yo‘lga qo‘yish zarur.

    Shu bilan birga, sudyalarning maqomi va sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining huquqiy asosini, sud tizimini moliyalashtirish uchun mablag‘lar ajratishda ushbu hamjamiyatning ishtirok etish kafolatlarini alohida qonunlar bilan belgilaydigan vaqt keldi, deb hisoblayman.

    Muhtaram do‘stlar!

    Bugun sizlar bilan birga kun tartibiga kiritilgan tashkiliy masala – Senat Raisi va uning o‘rinbosarlarini saylash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishimiz zarur.

    Konstitutsiyamizning 101-moddasiga muvofiq, ko‘pchilik, jumladan, tajribali senatorlar bilan maslahatlashgan holda, men Oliy Majlis Senati Raisi lavozimiga hurmatli senatorimiz Tanzila Kamalovna Norboyeva nomzodini taqdim etmoqchiman.

    Ushbu nomzodni barchangiz yaxshi taniysiz. Tanzila Kamalovna davlat va jamoat boshqaruvida boy tajribaga ega. O‘tgan davrda uning Oliy Majlis Senati Raisi sifatidagi samarali faoliyati natijasida mamlakatimizda xotin-qizlar, bolalar huquqlarini ta’minlash va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vaziyat sezilarli ravishda yaxshilandi. Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari borasida ilgari surilgan ko‘plab tashabbuslar bugungi kunda o‘z natijasini bermoqda.

    Hurmatli Tanzila Kamalovna yuksak lavozimda sizlar bilan yaqin hamkorlikda yanada muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatishiga ishonaman.

    Senat Raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga hurmatli senatorimiz Sodiq Solihovich Safoyev nomzodini tavsiya etaman.

    Bu rahbarni mamlakatimizda va xalqaro maydonda tanilgan yirik diplomat, jamoat arbobi sifatida yaxshi taniysiz. Sodiq Solihovichni barchangiz yaqindan bilganingiz tufayli u kishining mehnat faoliyati haqida uzoq to‘xtalib o‘tirmayman.

    Senat Raisi o‘rinbosari lavozimiga hurmatli senatorimiz Amanbay Tleubayevich Orinbayev nomzodini tavsiya etaman.

    Bu inson xalqimizning fidoyi farzandi bo‘lib, 2022 yil 26 avgustdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, o‘sha yilning 13 sentyabridan bir paytning o‘zida Senat Raisi o‘rinbosari sifatida ham samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

    Amanbay Tleubayevich ko‘p yillar ichki ishlar organlari tizimida mas’ul lavozimlarda samarali xizmat qilgan. Mehnat faoliyati davomida o‘zini mas’uliyatli, Vatanga, kasbiga sadoqatli, sinovli damlarda odamlarni jipslashtira oladigan jonkuyar rahbar sifatida ko‘rsatdi.

    Sizlardan Amanbay Orinbayev nomzodini qo‘llab-quvvatlashingizni so‘rayman.

    Hurmatli Senat a’zolari!

    Senat Raisi va uning o‘rinbosarlari etib saylangan Tanzila Norboyeva, Sodiq Safoyev, Amanbay Orinbayevni bugungi yuksak ishonch bilan shaxsan o‘z nomimdan va sizlarning nomingizdan chin qalbimdan tabriklab, ularning kelgusi faoliyatida yutuq va muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilayman.

    Aziz do‘stlar!

    Sohibqiron Amir Temur bobomizning “Saltanat to‘nini kiygach, tanimdan halovat ketdi”, degan ta’sirchan so‘zlarini ko‘pchiligingiz o‘qigansiz, albatta. Ulug‘ ajdodimizning ushbu so‘zlarida davlatchilik ishiga, el-yurt xizmatiga bel bog‘lagan inson amal qilishi zarur bo‘lgan oliy mezon nazarda tutilganini hammamiz yaxshi tushunamiz.

    Chindan ham, davlat va xalq xizmatchisining – u senator yoki deputat bo‘ladimi, hokim yoki vazir bo‘ladimi – rahbarlik mas’uliyatini o‘z zimmasiga olganidan so‘ng beg‘am-beparvo, loqayd bo‘lib yurishga, huzur-halovatga berilib yashashga ma’naviy haqqi yo‘q.

    O‘zingiz tasavvur qiling, 37 millionlik xalqdan faqatgina 65 nafar insonga senator bo‘lishdek yuksak sharaf va baxt nasib etdi. Bu ulkan ishonch va mas’uliyatning qadriga yetish, uni halol va sodiq xizmat bilan oqlash barchamizning muqaddas burchimizdir.

    Donishmandlar aytganlaridek, vijdonan qilingan mehnatdan – najot, adolatdan – yutuq va zafar hosil bo‘ladi.

    Sizlar Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishga munosib hissa qo‘shasizlar, xalqchil va adolatli qonunlar qabul qilib, barchaga o‘rnak bo‘lasizlar, deb tilak bildiraman.

    Men siz, muhtaram senatorlar timsolida ana shunday katta ishlarga qodir, O‘zbekiston oldida turgan strategik vazifalarni chuqur anglaydigan, Vatan va xalq manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yadigan fidoyi insonlarni – o‘zimning eng yaqin maslakdoshlarimni ko‘raman.

    Sizlar bor bilim va tajribangiz, kuch va imkoniyatingizni ishga solib, mamlakatimiz hayotida, Senat faoliyatida yangi, yorqin sahifa ochasiz, deb ishonaman.

    Ana shunday sharafli yo‘lda barchangizga sihat-salomatlik, ulkan kuch-g‘ayrat, omad va zafarlar tilayman.