Toshkent viloyatida kambag'allikni qisqartirish bo'yicha Xitoy tajribasi qo'llanilmoqda

    Viloyatda kambag'allik darajasi 14,6 foizdan 11,1 foizga tushirilib, 17 mingga yaqin oila kambag'allikdan chiqarildi.

    Tibbiyotda aniq tashxis qo'ymasdan turib kasallikni davolash vaziyatni yanada og'irlashtiradi. Jamiyatdagi aksariyat muammolar ham shunday. Masalan, kambag'allik darajasini olaylik, mamlakatimizda bu boradagi raqamlar uzoq yillar davomida sir saqlab kelingan. Ammo bu bilan muammo hal bo'lib qolmadi, aksincha, kattarib bordi. Shuning uchun bundan bir necha yil oldin yurtimizda ilk bor kambag'allik darajasi e'lon qilinganida, ko'pchilik uchun kutilmagan voqelik bo'ldi.

    Avval hayrat bilan qabul qilingan ko'rsatkich va aytilgan raqamlar, keyinroq tanqidiy tahlil etila boshladi. Biroq raqamlarni ochiqlashdan maqsad shunchaki xabardor qilish emas, balki kambag'allikka qarshi qat'iy kurashishdan iborat edi. Shunday bo'ldi ham. Yurtimizning har bir burchagida faollik bilan boshlangan harakat, aniq chora-tadbirlar natijasida 2022-yil yakunlariga ko'ra kambag'allik darajasi 17 foizdan 14 foizga kamaygani qayd etildi.

    Kambag'allikni qisqartirish tez va oson kechadigan jarayon emasligini ko'plar yaxshi tushunadi. Bu hududlarda aholi bandligini ta'minlash, kasb-hunarga o'qitish, iqtisodiy rivojlanish, turmush farovonligini oshirish kabi bir qancha yo'nalishlarni qamrab oladigan komleks jarayondir. Agar harakatlar samarador bo'lmasa, ajratilayotgan katta mablag'lar ham o'zini oqlamasligi mumkin. Shu bois, har bir hudud mas'ullari zimmasiga aniq vazifalar yuklatilib, tizimli ishlar amalga oshirilyapti.

    Birgina Toshkent viloyati misolida oladigan bo'lsak, ayni kez hududda 116,7 ming nafar ishsiz, 142 ming nafar mamlakatimizdan tashqariga yoki chet davlatlarga ishlashga ketganlar, 10,9 ming nafar oliy ta'lim, 16,5 ming nafar kasb-hunar ta'limi va 28,6 ming nafar maktab bitiruvchilari mavjud. Shulardan kelib chiqib, joriy yilning o'n oyi davomida 481 mingdan ortiq aholi bandligi ta'minlandi. Bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan 87 ming 278 nafarga ko'p. Jumladan, doimiy ish joylariga 153 mingdan ortiq, mavsumiy va vaqtinchalik ishlarda 262 mingdan ziyod hamda legallashtirish va bo'sh ish o'rinlari hisobiga 65 ming aholi bandligi ta'minlangan. Buning ortidan viloyatda kambag'allik darajasi 14,6 foizdan 11,1 foizga tushirilib, 17 mingga yaqin oila kambag'allikdan chiqarildi.

    Usullar ham, tajriba ham o'xshash

    Kambag'allik global muammo bo'lib, unga qarshi kurash BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarining asosiy yo'nalishlaridan hisoblanadi. Oxirgi yillarda biz kambag'allik darajasi haqida ko'p gapiryapmiz, ammo uni belgilovchi aniq mexanizmlar to'g'risida har doim ham tasavvurga ega emasmiz. Gap shundaki, kambag'allik tushunchasiga yagona ta'rif mavjud emas. Uni aniqlashda ham asosan aholining daromad darajasiga e'tibor qaratiladi. Biroq xorij tajribasi va olib borilgan tadqiqotlarimiz kambag'allik darajasini faqat daromad bilan bog'lash va nafaqalar ajratilishida “tayinlanish” hamda “rad etilish” xatoliklariga yo'l qo'yilishi mumkinligini ko'rsatdi.

    Ya'ni, yurtimizda kambag'allikka qarshi kurashish barobarida, bu boradagi xorij tajribasi ham faol o'rganilyapti. Mahalliy sharoitimizga eng yaqin, mos keladigan davlatlarning tajribalari tanlanib, amaliyotga qo'llash ishlari ham boshlangan. Ana shunday davlatlardan biri Xitoy Xalq Respublikasi. Ushbu mamlakatning kambag'allikni qisqartirish bo'yicha samarali tajribasi yurtimizda asosiy namuna sifatida tanlab olingan. Davlatimiz rahbarining topshiriqlari bilan har bir viloyatda Xitoy tajribasi asosida aholini kambag'allikdan chiqarish bo'yicha alohida dastur amalga oshirilishi belgilangan. Bunda, kambag'allik yuqori bo'lgan tumanlarda yo'l-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va o'rta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga e'tibor qaratiladi.

    Xo'sh, biz e'tirof etayotgan Xitoy tajribasi qanday afzalliklarga ega? Bir milliarddan ortiq aholiga ega ushbu mamlakat o'z fuqarolarining farovon turmushini ta'minlash, kambag'allik ko'rsatkichlari ortmasligi uchun qanday choralarni qo'llaydi?

    Ana shu tajribani o'rganish maqsadida Toshkent viloyati delegatsiyasi joriy yilning noyabr` oyi boshida Xitoyning Guanchjou, Nan`kan, Yanszi, Tszinganshan va Nanchan shaharlarida bo'ldi. Mamlakat hududlaridagi yirik korxonalar, sanoat zonalari, tadbirkorlik markazlari, qishloq joylarda aholi bandligini ta'minlash borasidagi ishlar, bandlikka ko'maklashish markazlari faoliyati bilan tanishib, mavjud tajribani o'rganib qaytdik. Bu tajribalarning ko'pi yurtimizda qo'llanilyapti, endilikda, ularni yanada aniq mexanizmga solish lozim. Xususan, Toshkent viloyati hududlarida ham ularni faol qo'llash kutilgan natijalarni beradi.

    Masalan, Xitoyda tadbirkorlik qilish istagini bildirgan fuqarolarga davlat tomonidan bank krediti va boshqa ko'maklar berishda ularning tadbirkorlik salohiyati va amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihasi istiqboliga e'tibor qaratiladi. Buni o'rganish uchun alohida mutaxassislar ishlaydi, moddiy resurslar ko'r-ko'rona berilmaydi. Yurtimizda ham tadbirkorlik qilish istagidagi fuqarolarga davlat dasturlari asosida qator imtiyozli kreditlar ajratiladi. Endilikda, ularni talabgorning qobiliyati, salohiyatidan kelib chiqib ajratish orqali imtiyozli kreditlarning maqsadsiz sarflanishi hamda muammoli kreditlar ortishining oldini olish mumkin. Aniq loyiha taklifiga ega tadbirkorlar qo'llab-quvvatlanishi natijasida ishsiz fuqarolar va ijtimoiy himoyaga muxtoj aholi bandligi ta`minlanishiga ham erishiladi.

    Hozir mamlakatimizda tadbirkorlar uchun barcha eshiklar ochiq. Qo'llab-quvvatlashning qator usullari keng qo'llanilyapti. Imtiyozli kredit, subsidiyalar ajratish, faoliyat erkinligini qonuniy ta'minlash kabilar shular jumlasidan. Toshkent viloyatida ham tashabbuslar ko'lami keng. Xususan, joriy yilning shu davriga qadar aholini tadbirkorlikka jalb etish orqali bandligini ta'minlash uchun 2 ming 153 nafar fuqaroga 10 milliard 284 million so'm subsidiya mablag'lari ajratilgan. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida hokim yordamchilari tavsiyasi asosida shu yil yanvar`—oktyabr` oylarida 27 ming 969 nafar fuqaroga 688,5 milliard so'm, o'tgan yilning mos davriga nisbatan 152,7 milliard so'm ko'p kredit mablag'lari ajratildi.

    Xitoyda o'z faoliyatini boshlash istagida bo'lgan ishbilarmonlarni davlat tomonidan o'qitish ham yo'lga qo'yilgan. Bunda o'qitishning asosiy yo'nalishlari sifatida ekologiya va atrof-muhitga zarar etkazmaslik, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ishlab chiqarilgan mahsulotlarga xaridor topish, faoliyat yuritayotgan sohani mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib yanada rivojlantirish sohalari belgilangan. Jumladan, tadbirkor o'z faoliyati davomida hududdagi ekologik tizimga zarar yetkazmaslik, atrof-muhitni ifloslantirmaslik bo'yicha mahsus o'quv kurslarida tegishli ko'nikmalarga o'qitiladi. Ya'ni, ishbilarmon faqatgina o'z manfaati emas, balki jamiyat manfaatlariga ham e'tibor qaratishi talab etiladi. Ekologik muammolar esa hozirgi kunda sayyoramizni tashvishga solayotgan eng dolzarb masalalardan biri va uni asrash har birimizning burchimiz, aslida.

    O'quv kurslari davomida xitoylik tadbirkorlar bevosita sohaga oid bilimlarni ham oladi. Xususan, ularga ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish uchun xaridor topish, bozor iqtisodiyotida raqobatni engib o'tishda davlat tomonidan amaliy yordam ko'rsatiladi, o'z navbatida, tadbirkor mavjud ish o'rinlariga kambag'al, ijtimoiy himoyaga muxtoj va ishsiz fuqarolarni qabul qiladi. Ya'ni, sizdan ugina, bizdan bugina tamoyili asosida ish yurtilib, bundan uchala tomon ham birdek manfaat ko'radi.

    Mamlakatimiz sharoitida bu tajribani keng qo'llash imkoniyati mavjud. Hududlarimizda tadbirkorlikka o'qitish kurslari bepul yo'lga qo'yilib, aholi orasida ommalashtirilayotgani boisi shunda. Bilim, yo'l-yo'rig', davlatdan imtiyozli yordamlar olib o'z biznesini yo'lga qo'ygan bitta tadbirkor o'z hududidagi o'nlab odamlarni ish bilan ta'minlayotgani buning amaliy natijalaridan biri. Qolaversa, kichik va o'rta biznesning qo'llab-quvvatlanishi natijasida tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar soni ortmoqda.

    Odamlarga baliq emas, qarmoq beriladi

    Xitoyda “dangasa xech qachon boy bo'lmaydi”, degan oltin qoida bor. SHu bois, mamlakatda aholini kambag'allikdan chiqarish uchun barcha tashkilotlar mas'ul hisoblansada, boqimandalikka yo'l qo'yilmaydi. Odamlarga moddiy yordamlar ajratishdan ko'ra, bandligini ta'minlash, bo'sh ish o'rinlari yaratishga katta e'tibor qaratiladi.

    To'g'ri, kambag'allik ayb emas, ammo uni yuzaga keltirgan omillarga qarshi kurashmaslik katta xato. Ana shu omillarning biri, afsuski, dangasalik, boqimandalik bilan bog'liq. Vaholanki, har qaysi mehnat ham mashaqqatli va, albatta, halol, ter to'kib topilgan non uyga baraka bo'lib kiradi. Muhimi, inson ishsiz, daromadsiz qolmasin, to'rt muchasi sog' bo'la turib, boshqalarga boqimanda bo'lmasin. Bugun mamlakatimizda ana shu maqsad o'laroq xalq farovonligi, aholi bandligi, fuqarolarning munosib yashash sharoitiga ega bo'lishini ta'minlash asosiy vazifalardan biriga aylangani boisi shunda. Buning uchun yaqin yillarda yaratilgan va jahonda muqobili topilmaydigan “Mahallabay ishlash” tizimi eng muhim nuqtaga aylanib ulgurdi. Aholining yashash sharoiti va mavjud muammolari shu tizimning o'zida o'rganilib, zarur echimlar berilyapti. Jumladan, viloyatimizda joriy yil hokim yordamchilari ko'magida 660,5 milliard so'mlik 2 ming 527 ta loyihani amalga oshirish orqali 10 ming 356 ta ish o'rni tashkil etildi.

    Kambag'al, ishsiz fuqarolarga subsidiyalar yoki moddiy yordam mablag'lari ajratish o'rniga, ushbu fuqaroni o'z qiziqishiga asosan kasb-xunar yoki tadbirkorlikka o'qitish, ishga joylashtirish asosiy maqsadga aylangan. Birgina aholini kasb-hunarga o'qitish uchun har yili davlat tomonidan 200 milliard so'm ajratilyapti. Umuman, ishsiz, muhtoj aholini doimiy daromad manbaiga ega bo'lishi uchun barcha yo'nalishlarda aniq mexanizmlar ishlamoqda.

    Mahallalardagi kambag'al oilalarning aniq ro'yxatini shakllantirib, ularga tegishli yordam ko'rsatish borasida ham yurtimizda o'ziga xos tajriba yaratildi. Bu ro'yxat shunchaki tuzilmaydi. Unga kirgan har bir kambag'al oila davlatning doimiy e'tiborida bo'lib, oila a'zolarining har biriga o'qitish va ish bilan ta'minlashdan tortib barcha zarur yo'nalishda alohida manzilli yordam ko'rsatiladi, kambag'alliikdan chiqarish choralari ko'riladi. Bugungi kunda ayni shu yo'nalishda mahallalardagi hokim yordamchilari tomonidan “Online-mahalla” platformasida aholini kambag'allikdan chiqarish bo'yicha individual dasturlar ham tuzilmoqda. endilikda, ushbu dasturlarning tez, aniq va sifatli ishlab chiqilishi, manzilli yo'naltirilishini jadallashtirishimiz lozim.

    Xitoy tajribasida turizmni rivojlantirish orqali kambag'allikni qisqartirish ham yo'lga qo'yilib, keng ommalashtirilganiga guvoh bo'ldik. Chunki turizm bizning davrimizga kelib, eng serdaromad sohalardan biri bo'lishi barobarida, aholi bandligini ta'minlashga xizmat qiladigan katta tizimga aylangan. Hududlarda sayyohlik komplekslarini tashkil etish ommalashib boryapti. Odamlar dam olish uchun mablag'ini ayamaydigan bugungi davrda sayyohlarga xizmat ko'rsatish darajasi boshqa sohalar bilan teng o'sib bormoqda.

    Bu oddiy aholi uchun ham daromad topishning qo'shimcha manbaidir. Xitoyda ham go'zal manzarali, o'ziga xos iqlimga ega chekka joylar, sayyohlar ko'p boradigan manzillarda istiqomat qiladigan aholi turizmdan yaxshigina foyda topadi. Ayrimlari o'z xonadonlarini ijaraga bersa, boshqalari sayyohlarni mehmon sifatida qabul qilib, xizmatlar ko'rsatishni yo'lga qo'ygan. Ana shunday tajribalar asosida bir necha yil oldin yurtimizda ham mehmon uylari tashkil etish boshlangan edi. Bu borada qonuniy asoslar ham yaratildi. Qarabsizki, hozir hududlarimizda ish boshlagan mehmon uylaridan oddiy odamlar daromad topib, boshqalar bandligini ham ta'minlayapti.

    Bu tajribani Toshkent viloyati hududlarida yanada keng ommalashtirish imkoniyatlari bor. Ayniqsa, sayyohlar oqimi ortib borayotgan go'zal manzarali Angren shahri, Ohangaron, Parkent, va Bo'stonliq tumanlaridagi chekka qishloqlarda turizmni rivojlantirish bo'yicha katta ishlar amalga oshirilyapti. Tadbirkorlarga ham keng imkoniyatlar berilmoqda. Maqsad esa ko'proq dam olish maskanlari, sayyohlik komplekslarini ishga tushirish ortidan bo'sh ish o'rinlari yaratish, aholi farovonligini ta'minlash, hududlarning iqtisodiy rivojlanishini oshirishdan iborat. Bu borada hududlarni drayver sohalar asosida ixtisoslashtirish tizimi ham qo'shimcha imkoniyatlar yaratmoqda. Masalan, Bo'stonliq tumani turizmga ixtisoslashgan. Shu bois, hududni rivojlantirishda ko'proq ushbu yo'nalishga e'tibor qaratilyapti. Sanoat, qishloq xo'jaligi va boshqa yo'nalishlarda ortiqcha yuklamalar kamaytirilib, asosan xizmatlar sohasi rivojlantirilmoqda.

    Umuman, yurtimizda kambag'allikni qisqartirish borasida Xitoy tajribasi asos qilib olingani o'z samarasini beryapti. O'tgan qisqa davrda amalga oshirilgan ishlar va erishilayotgan natijalar buning yaqqol isboti. Natijalar qog'ozlardagi raqamlardagina emas, xalqning turmush darajasi ortib, odamlar ishli bo'layotgani, kambag'al oilalar soni qisqarganida ham yaqqol ko'rinayotgani yanada quvonarli.

    Ziyodbek YO'LDOSHEV,

    Toshkent viloyati Kambag'allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig'i

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 06.12.23-y, 254-sonida chop etilgan)