Hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash, yangi ishbilarmonlik imkoniyatlarini yaratish va iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida tashkil etilgan ushbu tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining 300 dan ortiq hukumat va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning forum ishtirokchilariga murojaati o‘qib eshittirildi. Unda davlatimiz rahbari ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur konferensiya Yevropa bilan o‘zaro savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va kooperatsiya aloqalarini yanada mustahkamlashga katta hissa qo‘shishiga, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mavjud salohiyatni yuzaga chiqarishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda Yevropa kapitali ishtirokida 1000 ga yaqin korxona faoliyat ko‘rsatyapti. Ular uchun elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo, tog‘-metallurgiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, turizm va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga eng qulay sharoitlar yaratib kelinyapti.
Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leen ishtirokchilarga yo‘llagan videomurojaatida O‘zbekistonning jahon savdo va investitsiyalardagi roli ortib borayotganini, shuningdek, o‘lkamizning muhim geosiyosiy mavqyei va hamkorlikning ulkan salohiyatiga ega ekanini ta’kidladi.
YeIning axborot texnologiyalari, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligi bildirildi. Bu, o‘z navbatida, yangi korxonalar ochish, ish o‘rinlari yaratish, birgalikda yangi transport va logistika yo‘laklarini tashkil etish imkonini beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov bir qator muhim ko‘rsatkichlarni, jumladan, Yevropa Ittifoqi kompaniyalari bilan umumiy qiymati 30 milliard dollardan ortiq qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani, III Toshkent Xalqaro Investitsiya forumida yevropa Ittifoqining 320 dan ortiq vakillari ishtirok etganini qayd etdi.
Ishtirokchilarga mamlakatimizda sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar taqdim etildi. Xususan, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, transchegaraviy transport yo‘laklarini rivojlantirish, elektronika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, farmatsevtika va kimyo sanoatida yangi ishbilarmonlik tashabbuslarini shakllantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligi ochib berildi.
O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toivo Klaar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas tusga ega islohotlarning natijalarini, iqtisodiyotning ochiqligi va investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni yuksak baholab, Yevropa Ittifoqi kompaniyalarini mamlakatimiz iqtisodiyotining turli sohalaridagi qo‘shma loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida «Xom ashyoning qo‘shilgan qiymatini yaratish barqaror zanjirlari sohasida strategik sheriklik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini amalga oshirishga doir «Yo‘l xaritasi» imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.