«Mamlakatlar platformasi» – bu jahon bankining xalqaro moliya institutlari, donorlar va taraqqiyot hamkorlari bilan yordamni qabul qiluvchi mamlakatlar o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid dastur hamda loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda muvofiqlashtirilgan hamkorligini yo‘lga qo‘yishga karatilgan yangi tashabbusidir. O‘zbekiston ushbu tashabbusni sinab ko‘rish uchun tanlangan 11 pilot davlatdan biridir.

Ushbu mexanizm mamlakatlarga taraqqiyot yo‘lidagi ustuvorliklarni belgilash, istiqbolli loyihalarda ishtirok etishga rivojlanish bo‘yicha hamkorlarni, shu jumladan, noan'anaviy donorlar va xususiy sektor vakillarini jalb qilish qilish uchun zamin yaratadi. Shuningdek, yordamni qabul qiluvchi mamlakatlarda islohotlarni amalga oshirishda donorlik ko‘magidan foydalanishning samarali tashkil etilishini ta'minlash imkonini beradi.

Tadbirda Jahon bankining yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti A.Berde, Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Sh.Chen, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining investitsiyaviy amaliyotlar bo‘yicha vitse-prezidenti K.Limitovskiy, Islom taraqqiyot banki vitse-prezidenti M.Muxtor, Xalqaro moliya korporatsiyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori K.Kolbert, yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori J.Xargitay, yevropa investitsiyaviy bankining Markaziy Osiyoda kredit amaliyotlari bo‘yicha bosh maslahatchisi A.Bruun, shuningdek, OPeK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi, yevropa investitsiya banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi, Fransiya taraqqiyot agentligi, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi, BMTTD, «USAID», «KfW» Banki, Koreya Eksimbanki va Quvayt Arab iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasi rahbariyati ishtirok etdi.

S.Umurzakov tadbirni ochib berar ekan, O‘zbekiston oxirgi 5 yil mobaynida erkin bozor iqtisodiyotini yaratish va jamiyatni demokratlashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli va ortga qaytmas iqtisodiy islohotlar hamda tarkibiy o‘zgarishlar yo‘lidan borayotganini ta'kidladi. Xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlat tashkilotlari ko‘magida O‘zbekiston davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, milliy transport tizimini modernizatsiya qilish, bank sektorini transformatsiyalash, mikromoliyaviy tashkilotlarni isloh etish, to‘qimachilik sanoatida xalqaro standartlarni joriy qilish, energetika sohasini rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlarda muhim loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.

O‘zbekistonda maslahat va ekspertlar yordami hamda ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni moliyalashtirish orqali hamkorlikni yanada rivojlantirish va loyihalarni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma rejani shakllantirishning ahamiyati qayd etildi. Uning doirasida hamkorlikning aniq yo‘nalishlari va ish ko‘lami belgilanadi.

Yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish agentligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va taraqqiyot agentligining taqdimotlari o‘tkazildi. Jumladan, Agentliklarning maqsad va vazifalari hamda xalqaro moliya institutlari, xorijiy davlat tashkilotlari va taraqqiyot hamkorlari bilan muvofiqlashtirilgan hamkorlikni tashkil etish doirasidagi salohiyati ochib berildi. Strategik rivojlanish agentligi kompleks ijtimoiy-iqtisodiy va sanoat rivojlanish, investitsiyalarni jalb qilish va istiqbolli sohalarda loyihalarni amalga oshirish, mamlakatda investitsiya muhitini va tashqi savdo faoliyatini takomillashtirish, tarmoqlar va hududlarning raqobatbardoshligini oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish, bank sohasi, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha keng ko‘lamli strategiyalar va chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha asosiy tuzilmaga aylanishi ta'kidlandi.

Shuningdek, Strategik rivojlanish agentligi bilan birgalikda O‘zbekistonda islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratiladigan grant mablag‘larni jamlaydigan qo‘shma jamg‘arma tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, har bir loyiha sikli doirasida xalqaro va ichki tartibotlarni uyg‘unlashtirish va sinxronlashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish uchun donor tuzilmalar ishtirokida joriy etilgan va ishlab chiqilayotgan barcha loyihalar tahlili ham amalga oshiriladi. Natijada xarid qilish tizimini takomillashtirish va oshkora va samarali tenderlar o‘tkazishga erishiladi. Bu jarayonda muvofiqlashtiruvchi vazifani Xalqaro hamkorlik va taraqqiyot agentligi bajarishiga kelishib olindi.

Xalqaro moliya tashkilotlari rahbarlari Strategik rivojlanish agentligi hamda Xalqaro hamkorlik va taraqqiyot agentligining institutsional rivojlanishi va salohiyatini oshirishda faol ishtirok etishga hamda o‘z vazifalarini hal etishda texnik va maslahat yordam ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Tadbir yakunida tomonlar ushbu agentliklar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun xalqaro moliya institutlari va donor tuzilmalar vakillaridan iborat ikkita ishchi guruh tuzishga kelishib oldilar. Ishchi guruhlar aniq tadbir va dasturlarni o‘z ichiga olgan tegishli «Yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqadilar.

Ma’lumot uchun: «Mamlakatlar platformasi» tashabbusi 2019-yil oktyabr oyida Vashington shahrida Jahon banki Guruhi boshqaruvchilari Kengashi hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasi Yillik yig‘ilishlari doirasida joriy etilgan, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.