Xalqaro Yer kuni BMT Bosh Assambleyasining 63-sessiyasida tasdiqlangan va har yili 22-aprel kuni dunyoning 50 dan ortiq mamlakatida nishonlanadi. Ushbu tadbir hozirgi va kelajak avlodlarning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik ehtiyojlari o'rtasidagi muvozanatga erishish uchun atrof-muhitni muhofaza qilish hamda tabiat bilan uyg'unlik muhimligini ta'kidlaydi.
Poytaxtimizda Xalqaro Yer kuniga bag'ishlangan "Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning intensiv va innovatsion yechimlari" mavzusida xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi. Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi va "O'zdaverloyiha" davlat ilmiy loyihalash instituti hamkorligida tashkil etildi.
So'nggi yillarda O'zbekistonda iqlim o'zgarishi sababli yanada kuchayib borayotgan er degradatsiyasiga qarshi kurashishga katta e'tibor qaratilmoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yilda "Yer degradatsiyasiga qarshi samarali kurash tizimini yaratish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori qabul qilinganligi bu boradagi muhim qadam bo'lib, mazkur qaror bilan yer degradatsiyasiga qarshi kurashish va uning salbiy oqibatlarini yumshatish, hududlarda cho'llanish va qurg'oqchilikning oldini olish, bioxilma-xillikni saqlash, tuproq unumdorligini oshirish, degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash, ilg'or ilmiy ishlanmalar va innovatsiyalardan keng foydalanish asosida hududlarning barqaror rivojlanishiga erishish bo'yicha bir qator muhim vazifalar belgilab berildi.
FAO O'zbekistonda ham ushbu yo'nalishda qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Global ekologik jamg'arma (GEF) tomonidan moliyalashtirilayotgan "O'zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga ta'sirini baholash dasturi" (“FOLUR”) va “O'zbekistonning qurg'oqchilikka uchragan ekotizimlarida yaylovlar va o'rmonlarni barqaror boshqarish" loyihalari shular jumlasidandir.
Xalqaro yer kuni munosabati bilan "FOLUR" loyihasi doirasida FAO va Qurg'oqchil mintaqalarda qishloq xo'jaligi ilmiy-tadqiqotlari xalqaro markazi (ICARDA) o'rtasida bug'doy yetishtirishda yer degradatsiyasining neytral muvozanati va iqlim uchun xavfsiz agrotexnik tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo'yicha kelishuv imzolandi.
Konferensiya doirasida, shuningdek, FAO/GeFning O'zbekistonda yer degradatsiyasining neytral muvozanatiga erishishga qaratilgan "O'zbekistonning qurg'oqchilikka uchragan ekotizimlarida o'rmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish" loyihasining texnik ishchi guruhining yig'ilishi ham bo'lib o'tdi. Ishchi guruh a'zolari O'zbekiston o'rmonlari, qishloq xo'jaligi yerlari va yaylovlar degradatsiyasining oldini olish va ularga qarshi kurashishga qaratilgan qator texnologiyalarni muhokama qilishdi. Yig'ilish yakunlari bo'yicha mahalliy tuproq-iqlim sharoitini hisobga olgan holda mutaxassislar tomonidan tanlab olingan agrotexnologiyalar ro'yxati ishlab chiqilib, mazkur texnologiyalar Buxoro va Navoiy viloyatlarining ikkita tumanida sinovdan o'tkaziladi va keyinchalik respublikaning boshqa hududlariga joriy etiladi.