Ayni savolga javob topish maqsadida Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari 2018-2022-yillarda sitrus mevalar (kivi, mandarin, apelsin), keshyu yongʻogʻi va xurmo importini tahlil qildi.
Tahlil natijalariga koʻra, 2022-yilda yurtimizga ushbu mevalar importi 2018-yildagiga qaraganda sezilarli darajada oshgan. Bunga bir qancha omillar sabab boʻlgan.
Birinchidan, respublikamiz iqtisodiyotining barqaror oʻsishi va aholi sonining ortishi. Xususan, 2018-2022-yillarda yalpi ichki mahsulotning oʻrtacha oʻsish surʼati 5,3 foizni, aholi sonining oʻsish surʼati esa 1,9 foizni tashkil etdi.
Ikkinchidan, qulay makroiqtisodiy sharoit. Yalpi ichki mahsulotning aholi jon boshiga ulushi 2018-yildagi 1604 dollardan 2022-yilda 2255 dollarga koʻtarildi. Bu ham 2018-2022-yillarda aholi real umumiy daromadlarining 32,1 foiz oshishiga zamin yaratdi.
Uchinchidan, import bojxona toʻlovlarini nolga tushirish. Jumladan, 2021-yilning oktyabr oyidan boshlab Oʻzbekistonda sitrus mevalarni olib kirishda nol bojxona stavkasi tartibi joriy qilindi va bu muddat bir necha bor uzaytirildi. Ayni chogʻda nolga teng stavka 2024-yilning 1-yanvarigacha amal qiladi.
Toʻrtinchidan, oziq-ovqat chakana savdosini rivojlantirish. Marketing tadqiqotlariga koʻra, 2015–2021-yillarda respublikaning zamonaviy chakana savdo bozori yiliga oʻrtacha 17 foizga oʻsgan. Savdo hajmining 58 foizdan ortigʻi chakana oziq-ovqat savdosining ulushiga toʻgʻri kelgan. 2026-yilga borib, Oʻzbekiston bozoridagi zamonaviy chakana savdoning ulushi deyarli ikki barobar oshishi mumkin.
2022-yilda sitrus mevalar va yongʻoqlar importi hajmi 2018-yildagiga nisbatan quyidagicha oshgan:
Keshyu yongʻogʻi - 8,2 barobar;
Xurmo - 7,6 barobar;
Mandarin - 6,6 barobar;
Kivi - 4,7 barobar;
Apelsin - 3,9 barobar.
➖ Garvard universiteti Jamoatchilik sogʻligini saqlash maktabi tadqiqotiga koʻra, sitrus mevalar salomatlik uchun koʻplab foydali xususiyatlarga ega. Jumladan, ularning tarkibida S vitamini, shuningdek, yurak qon-tomir tizimiga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan va surunkali yurak va qon-tomir kasalliklarining rivojlanishiga toʻsqinlik qiluvchi flavonoidlar katta miqdorda mavjud.
➖ Keshyu yongʻogʻi mis va magniyga boy boʻlib, suyak mustahkamligini oshiradi.
➖ Xurmo tarkibida koʻp miqdorda polifenollar (antioksidantning bir turi) mavjud boʻlib, ular tanani saratonning ayrim turlaridan, shuningdek, diabet va yurak - qon-tomir kasalliklaridan himoya qiladi.