Bu borada Hukumatning 2025-yil 22-oktyabrdagi 668-son qarori qabul qilindi.
“Jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman (shahar)larda mahalliy boshqaruv organlarini optimal joylashtirish orqali ularning bino va inshootlari oʻrnida biznes loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida ”gi Hukumat qarori (668-son, 22.10.2025-y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman (shahar)larda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish toʻgʻrisida” 2025-yil 1-apreldagi PQ–132-son qaroriga muvofiq:
- tegishli tuman (shaharlar)ning 2025-2026-yillarda jadal kompleks rivojlantirish dasturlari;
- bir joyda optimal joylashtiriladigan tuman (shahar) mahalliy boshqaruv organlari roʻyxati tasdiqlandi.
Yangi maʼmuriy binolar foydalanishga qabul qilingandan soʻng ularning 1 va 2-qavatlari ustuvor ravishda savdo va servis faoliyatini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga beriladi.
Tuman (shahar)lar mahalliy boshqaruv organlari uchun yangi maʼmuriy binolarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish-montaj va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish doirasida:
- buyurtmachilar etib – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari belgilandi;
- bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi.
Bunda yangi maʼmuriy binolarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish-montaj va obodonlashtirish ishlarini 2026-yil 1-dekabrga qadar yakunlash belgilab qoʻyildi.