“Tunda mobil kompaniyalar beradigan bepul internetdan foydalanib IT oʻrganardim»

    Navoiy pedagogika universitetining magistratura bosqichini Axborot texnologiyalar yoʻnalishida tamomlagan Shaxzod uyida turib frilanserlik faoliyati bilan shugʻullanadi.

    Butunlay sogʻlom va hech kimga qaramligi boʻlmagan odamlar uchun salomatligida muammosi boʻlgan insonlarning muammolari koʻpincha juda uzoq va begona koʻrinadi. Buning sababi shundaki, oʻziga xos ehtiyojlari boʻlgan insonga qiyinchilik bilan beriladigan imkoniyatlar toʻlaqonli sogʻlom insonlar odatdagidek qabul qiladi. Biz yurishga, eshitishga va oʻzimiz sevgan ishga har kuni borib kelishga oʻrganib qolganmiz.

    Bugungi qahramonimiz Full-Stack dasturchisi 28 yoshli Shahzod Aktamov boʻladi. U Navoiy viloyati Xatirchi tumani Yovi qishlogʻida yashaydi. Bugungi kunda oilali 1 farzandning otasi.

    Navoiy pedagogika universitetining magistratura bosqichini Axborot texnologiyalar yoʻnalishida tamomlagan Shaxzod uyida turib frilanserlik faoliyati bilan shugʻullanadi.

    Shaxzodda mushaklar yemirilishi bilan bogʻliq xastalik mavjud. U tengdoshlari singari jismoniy faol hayot tarzini olib bora olmaydi.

    Axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasida oliy taʻlim muassasida oʻqigan boʻlsada ITʻni asosan mustaqil ravishda oʻz ustida ishlab oʻrgangan.

    “Shiddat bilan hayotimizga kirib kelayotgan yangi tendensiyalardan oliy taʻlim muassasasida dars beradigan ustozlarimiz ham xabardor boʻlmasliklari mumkin edi, shu sababdan ular bizga asosan uni oʻrganishga toʻgʻri yoʻnalish berishardi. Oʻsha paytlarda internetdan sohani oʻrganaman deb kirishgan paytlarim internetda video darslar koʻrish qimmat boʻlgani sababli koʻrishga qiynalardim, shu boisdan haftaning dam olish kunlari tunda mobil kompaniyalar beradigan bepul internetdan foydalanib, darslarni yuklab olardim, hamda boshqa kunlari ushbu darsliklardan oʻzimni rivojlantirish uchun foydalanardim.
    Karantin davrida internet orqali Front-end dasturchi kursini sotib olib, loyihalar qilishga kirishdim. Keyinchalik shu yoʻnalishda qiziqqan bolalar hamda maktab oʻqituvchilariga qoʻshimcha darslar oʻtish orqali daromad topishga kirishdim”,

    — deydi u.

    Shaxzodning soʻnggi loyihalaridan biri turizm yoʻnalishida boʻlib, maqsadi Navoiy viloyatiga sayohatchilar oqimini koʻpaytirishga qaratilgan.

    Shaxzod uylangan bir farzandning otasi. Uning rafiqasi tikuvchilik va sartaroshlik yoʻnalishida hunarlari bor, biroq Shaxzodning maqsadi rafiqasini oliy maʻlumotli qilish.

    Daromadi haqida...

    Shaxzod topayotgan daromadi haqida gapirishni istamagan boʻlsada, 6 kun ishga qatnab ishlaydigan atrofidagi doʻstlaridan koʻproq daromad topayotganini aytdi.

    “Men ish tartibimni oʻzimga qulay vaqtga rejalarimga qarab taqsimlay olaman. Aytaylik tushlikkacha ishlamagan ishimni kechki payt yoki aksincha qilishim mumkin. Kelgusida til borasida oʻz ustimda ishlab xorijga ham IT xizmatlarini eksport qilish niyatim bor.
    Inson mehnatiga va intilishiga yarasha oladi. Barcha sharoit shaharda, chekka qishloqdan turib, nima ham qilsa boʻlardi deganlarga javoban, insonda intilish boʻlsa u eng chekka qishloqdan turib ham orzulariga erishishi mumkin. Otam dehqon, davlat ishida ishlamaydi, onam esa uy bekasi. Nimaiki niyatim boʻlsa harakatlarim va oʻz mehnatim orqali erishmoqchiman”,

    — deydi u.

    Biz esa shu oʻrinda Shaxzodning keyingi ishlarida omad va zafarlar yor boʻlishini tilab qolamiz.