Videomuloqotda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Rejalashtirish va inson resurslarini rivojlantirish departamenti boshlig‘i Shuhrat Isakulov hamda Turizm sohasida kadrlarni tayyorlash va ilm-fan rivojlanishiga ko‘maklashish boshqarmasi boshlig‘i Alisher Eshtayev so‘zga chiqdi.

Qo‘mita vakillari bugungi kunda Respublikamizda turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi 25 ta oliy taʼlim muassasasida 187 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat olib borayotgani, biroq nazariya va amaliyot o‘rtasida uzilishlar mavjudligi, yaʼni soha bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy ishlar va innovatsion loyihalarni amaliyotga joriy etish, turizm sohasini innovatsion rivojlantirishda ilm-fan hamda innovatsiya yutuqlaridan foydalanish samaradorligining pastligi taʼkidlandi.

Muloqot davomida nazariya va amaliyot o‘rtasida integratsion aloqalarni yo‘lga qo‘yish, turizm sohasida innovatsion loyihalarni amalga oshirish, turizm sohasi bo‘yicha fan va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, taʼlim muassasalarini xalqaro grantlarda, ilmiy stajirovkalarda ishtirok etishi, ilmiy laboratoriya uskunalarini xarid qilish kabi masalalar muhokama qilindi.

Bundan tashqari, videomuloqot ishtirokchilarining turizm sohasida ilm-fan va innovatsion loyihalarda oliy taʼlim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilarining ishtirokini taʼminlash bo‘yicha qiziqtirgan savollariga mutasaddilar tomonidan javob berildi.

Videomuloqot yakuniga ko‘ra, tadbir ishtirokchilari tomonidan sohaga doir eng dolzarb mavular bo‘yicha hamkorlikda faoliyat olib borish, nazariya va amaliyot integratsiyasini faol yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.