Anjumanda Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xoʻjayev, Qirgʻiziston madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Qayrat Imanaliyev, Turkiya Prezidenti Administratsiyasi aloqa boʻlimi boshligʻi Fahrettin Altun, Qozogʻiston axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirining oʻrinbosari Asxat Oralov, Vengriya Savdo vazirligining tashqi aloqalar va xavfsizlik siyosati boʻyicha davlat kotibi Peter Shtaray, Turkiy kengash bosh kotibi Bagʻdod Amreyev va boshqalar ishtirok etdi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi Turkiy kengashga aʼzo davlatlar bilan axborot va ommaviy axborot vositalari sohasida faol hamkorlik qilishdan manfaatdorligini bildirdi. Xususan, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo davlatlarning rasmiy axborot agentliklari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolash masalasini oʻrganish taklif qilindi. Ushbu hujjat maʼlumot tayyorlash va tarqatish boʻyicha tajriba almashish, jurnalistlarning Kengashga aʼzo mamlakatlarga axborot safarlarini tashkil etish, qoʻshma oʻquv kurslari oʻtkazish, umumiy axborot xavfsizligini taʼminlash, turli axborot tahdidlariga qarshi birgalikda kurashish uchun huquqiy asos yaratadi.
Ishtirokchilar Oʻzbekiston vakillari taklifini qoʻllab-quvvatladi.
Yigʻilish doirasida turkiy tilli davlatlarda boʻlib oʻtayotgan voqealar toʻgʻrisida maʼlumot berish boʻyicha qoʻshma tadbirlarni kuchaytirish, 2021-2022-yillarda axborot va ommaviy axborot vositalari sohasida harakat rejasi, turkiy tilli davlatlar tarixi va madaniyatiga bagʻishlangan badiiy va hujjatli filmlar suratga olish, media-ekspertlar uchun oʻquv kurslari va almashinuv dasturlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Dunyo hamjamiyatini Turkiy kengash mamlakatlarining boy tarixiy va madaniy merosi, oʻsib borayotgan savdo-iqtisodiy va sayyohlik salohiyati bilan tanishtirish, madaniyat va sanʼat sohasida hamkorlik qilish boʻyicha qoʻshma choralar koʻrish muhimligi taʼkidlandi. Joriy yil Turkiy kengashga aʼzo qator mamlakatlar mustaqilligi eʼlon qilinganining 30 yilligi nishonlanayotgani taʼkidlandi va ushbu yubiley sanasiga bagʻishlangan xalqaro media-forum oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.