Turli yot shoular, ortiqcha va dabdabali tadbirlar oilaviy nizolarni keltirib chiqaradi

    Hududdagi oilalar holatini oʻrganish, notinch oilalarni aniqlash, ular bilan profilaktik ishlar olib borish profilaktika inspektorining asosiy vazifalaridan biri boʻlib turibdi.

    Jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, xususan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash hamda oldini olishda profilaktika inspektorlarining oʻrni katta. Bugungi kunda profilaktika inspektorlari faoliyatining huquqiy asoslari, shu jumladan, ularning huquqiy maqomi 2016-yil 16-sentyabrda qabul qilingan “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunida oʻz aksini topdi.

    Shu bilan birga, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlariga amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha profilaktika(katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida hukumatimizning bir qator qarorlari qabul qilingan. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-martdagi qarori bilan “Profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilari faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom tasdiqlangan.

    Prezidentimizning 2020-yil 18-fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yanada qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan mahalla fuqarolar yigʻini raisining huquq-tartibot masalalari boʻyicha oʻrinbosari vazifasini bajarish profilaktika inspektori zimmasiga yuklatildi. Bu bilan profilaktika inspektorining maqomi yanada kuchaytirildi.

    Soʻnggi yillarda qabul qilingan qonun hujjatlarida mavjud huquqbuzarliklar bilan kurashish barobarida oilaviy nizolarni hal qilishda ham profilaktika inspektorining oʻrni va masʼuliyati belgilab berildi. Chunki oiladagi turli kelishmoqchiliklar, noodatiy udumlar, farzandlar bilan toʻgʻri muloqotning yoʻlga qoʻyilmagani, maishiy zoʻravonlik, axloqsizlik, ilmsizlik, ishsizlik, notoʻgʻri tartib va boshqa illatlar oilani barbod etadi. Milliy qadriyatlarni yemiradi va oxir oqibat turli huquqbuzarlik va hatto jinoyatlarning kelib chiqishiga omil boʻladi. Voyaga yetmagan farzandlar turli ijtimoiy guruhlarga aloqador boʻlib, nazoratsiz qoladi.

    Shunga koʻra, profilaktika inspektorining faoliyati kengayib, asosiy eʼtibor notinch oilalar, yaʼni oilaviy nizolarni aniqlash va huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilmoqda. Avvalo, profilaktika inspektori oilaviy-maishiy sabablarga koʻra sodir etilgan huquqbuzarliklar, ularga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini koʻradi, voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyalar bilan hamkorlikni hamda bu boradagi ishlarning muvofiqlashtirilishini taʼminlaydi.

    Xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar oʻrtasida erta nikoh, oʻz joniga qasd qilish, jinoyatlar va huquqbuzarliklarning sababi, shart-sharoitlarini oʻrganadi. Shuningdek, ularga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha profilaktika choralarini koʻradi.

    Maʼlumki, milliy anʼanalarga yot, odob-axloq qoidalariga zid boʻlgan turli shoular, ortiqcha va dabdabali tadbirlarni oʻtkazish holatlari oilaviy nizolarning kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda. Hududdagi oilalar holatini oʻrganish, notinch oilalarni aniqlash, ular bilan profilaktik ishlar olib borish profilaktika inspektorining asosiy vazifalaridan biri boʻlib turibdi.

    Profilaktika inspektori oiladagi maishiy axloqsizlikka qarshi kurashishda pornografik mazmundagi mahsulotlar, fohishabozlik va OITSning, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlar oʻrtasida yoyilishi hamda fohishaxonalarning saqlanishiga chek qoʻyish, ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlarining ushbu yoʻnalishdagi ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha tadbirlar oʻtkazadi.

    Profilaktika inspektorining qobiliyati, kasbiy koʻnikmalarining mustahkamligi, mahallada oilalar haqida haqqoniy axborotlarga ega boʻlishi, turli profilaktik tadbirlarni amalga oshirishi oʻz-oʻzidan oilaviy nizolarning oldini olish va oiladagi maishiy axloqsizlarga qarshi turish imkonini beradi. Shuningdek, oilani jamoat nazoratiga olish orqali hududda barqarorlikni taʼminlashga koʻmaklashadi.

    Gulnora Xudayberdiyeva,

    Toshkent davlat yuridik universiteti

    Ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti,

    yuridik fanlar nomzodi