Ustoz berilib she’r o‘qiydi:
“Vodiylarni yayov kezganda,
Bir ajib his bor edi manda...”.
Uning jiddiy qiyofasi qarshisida hayratdan qotib o‘tirardik. Ko‘z oldimizda vatan kengliklari jonlanar, tabiatga shaydolik, hayotga muhabbat tuyg‘usi aqlimizu ruhimizga ko‘chardi. Darslar juda qiziqarli va sokin o‘tar, hayotdan saboq berilardi go‘yo.
Bugun muallimning mavqei, o‘qituvchilik kasbi nufuzini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda, hurmat-ehtirom ko‘rsatilib, mehnati munosib e’tirof etilayotir. Pedagoglar turli yumushlar, ortiqcha qog‘ozbozlikdan ozod
etilishi, oylik maoshlari oshirilgani, ustoz degan ulug‘ maqomga munosib
ko‘rilayotgani samarasini bir mahallar turli sabablarga ko‘ra, maktabni tark etgan erkak o‘qituvchilarning o‘z ishiga qayta boshlagani misolida ham ko‘rish mumkin.
O‘g‘il bola sinfdoshlarimiz ustozimizdan hayiqar, o‘yinqaroq bolalar ham adabiyot fanida tartibli va intizomli o‘quvchiga aylanib, kitobga, mutolaaga oshno tutinardi.
Yodimda, 5-sinfda o‘qib yurgan kezlarim ilk she’rimni muallimga qo‘rqa-pisa ko‘rsatar ekanman, o‘ychan qiyofasiga bir zum quvonch inganini ko‘rdim. Ana shu quvonch kelajakka umid berdi. Ustozimning ishonchi va qo‘llab-quvvatlovi bilan maqolalarim, she’rlarim dastlab tuman, so‘ng markaziy nashrlarda chop etila boshlandi. Shu tariqa o‘z yo‘limni tanladim.
Ustoz o‘shanda har birimizdagi yashirin iqtidorni ilg‘agan, shunga qarab yondashganini keyinroq angladik. Oradan yillar, fasllar o‘tdi. Birimiz muhandis, birimiz o‘qituvchi, yana kimdir shifokor bo‘ldi. Ortga nazar tashlar ekanmiz, bugungi darajamizda adabiyot muallimining nechog‘liq mehnati va
salohiyati yotganini yaxshi tushunamiz. Talabchan va qattiqqo‘l, mehridaryo muallim siymosi ko‘z oldimizda gavdalanarkan, qalbimizda minnatdorlik, chuqur hurmat hislarini tuyishimiz bor gap.
Raqamlar yetarlimi?
Bugun muallimning mavqei, o‘qituvchilik kasbi nufuzini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda, hurmat-ehtirom ko‘rsatilib, mehnati munosib e’tirof etilayotir. Pedagoglar turli yumushlar, ortiqcha qog‘ozbozlikdan ozod etilishi, oylik maoshlari oshirilgani, ustoz degan ulug‘ maqomga munosib ko‘rilayotgani samarasini bir mahallar turli sabablarga ko‘ra, maktabni tark etgan erkak o‘qituvchilarning o‘z ishiga qayta boshlagani misolida ham ko‘rish mumkin.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2019 yilda jami o‘qituvchilar soni 481 ming 604, shundan 148 ming 695 nafarini erkak o‘qituvchilar tashkil etgan bo‘lsa, 2024/2025 o‘quv yilida 538 mingdan ortiq pedagogning 161 ming 432 nafari erkaklardir.
Lekin maktablarda erkak o‘qituvchilar soni yanada ko‘payishiga ma’naviy ehtiyoj bor. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarning ustozini mensimaslik, hurmat qilmaslik yoki mutlaqo bir-birini tushunmaslik kabi holatlarga bot-bot ko‘zimiz tushyapti.
Jamiyatdagi bu kabi illat ildizi bolalar hech kimdan hayiqmasligi, ma’naviy muhit sayozligiga borib taqaladi. Farzand zarur ta’lim-tarbiyani, avvalo, oilada oladi. Otaning o‘rni mustahkam oilada o‘g‘il-qiz bag‘ri butun, tartibli va oriyatli bo‘lib voyaga yetishi sir emas. Xuddi shu kabi maktab muhitida ham erkak o‘qituvchining ta’siri bolaning g‘ururli, mard, jasur bo‘lib rivojlanishiga ko‘mak beradi. Bu esa ayni o‘smirlik davrida ta’lim-tarbiyada erkak o‘qituvchining o‘rni nechog‘liq muhimligiga yaqqol dalildir.
Bugun ta’lim tizimida erkak o‘qituvchilar salmog‘i ortib borayotgani bolalarda ana shu ijobiy fazilatlarning shakllanishiga ko‘mak beryaptimi?
Bolalar intizomi bilan bog‘liq muammolar kamaygan.
Mardlik, jasurlik, elu yurt ravnaqi yo‘lida kamarbastalik azaldan yigitlarga xos fazilat bo‘lib kelgan. Oila, vatan atalmish qo‘rg‘onning himoyasi, osoyishtaligi ham ular bilan. Bugun yoshlarda ana shu fazilatlar yanada bo‘y ko‘rsatishi uchun ta’lim-tarbiyaga har qachongidan ko‘proq ahamiyat qaratilmoqda. Bunda esa erkak o‘qituvchilarning o‘rni muhim. Ular bor joyda ijobiy muhit, tartib hukmron. Javobgarlik, intizom va iroda kabi xususiyatlar aynan erkak o‘qituvchilar tufayli yana yuzaga chiqayotgani, o‘g‘il bolalar uchun muhim sanalgan o‘z-o‘zini boshqarish, mustaqil va mas’uliyatli qarorlar qabul qilish, murakkab vaziyatlarda sabrli bo‘lish qobiliyati farzandlarimizda shakllanib borayotgani quvonarli. Zero, bu fazilatlar ertaga bir oilaning ustuni, jamiyat hayotida yetakchi, tirgak bo‘lguvchi yigitlarga hayotning har bir qadamida kerak. Ustozning biror muammoni hal qilish bo‘yicha bergan maslahat va yo‘l-yo‘rig‘i qaysidir nuqtalarda o‘quvchi hayotini yaxshi o‘zanga burib yuborishi mumkin. Shunday bo‘lyapti ham.
Murakkab hayotiy holatlarga tayyor bo‘lish, ulkan maqsadlarga erishishda muhim bo‘lgan sabr, kuchli iroda va qat’iyat kabi ko‘nikmalar shakllanishida erkak o‘qituvchilarning ta’siri beqiyos ekani ko‘zga tashlanmoqda.
O‘qituvchi uchun oriyat masalasi jo‘n emas. O‘quvchilar ustoziga namuna sifatida qaraydi. Muallimning kasbiga, darsiga va fikrlariga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatilishi, bilimiga nisbatan shubha bilan qaralishi yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi.
Oriyati mustahkam o‘qituvchi bunga nisbatan darhol chora ko‘ra oladi. Shu tariqa bolalarda ustozga hurmat, tizginsiz xatti-harakatlardan chekinish hissi yuzaga keladi.
Maktablardagi holatni kuzatar ekanmiz, pedagogning bilimi va salohiyati bolalarni maqsad sari dadil intilishiga katta turtki berishi shubhasiz ekaniga yana bir bor guvoh bo‘ldik.
— 6 yildan beri o‘quvchilarga ona tili va adabiyot fanidan saboq berib kelyapman, — deydi Farg‘ona shahridagi 19-maktab o‘qituvchisi Bahodirxon Jo‘rayev. — Maktabga birinchi marta o‘qituvchi bo‘lib kelganimda o‘quvchilarning ba’zilari meni qattiqqo‘l deb o‘ylagan, ayrimlari esa maktabga dars berish uchun kelgan talaba sifatida ko‘rgan. Ammo biz darhol umumiy til topishdik. Bir oz tartibsiz bolalar ham uchradi. Ular bilan qat’iy suhbatlashdim, o‘zini tutishi, kelajagiga daxldor holatlar haqida zarur tavsiya va o‘gitlar berdim.
Orzusi amalga oshishiga ko‘makdosh bo‘lishimni aytganimda holat o‘zgarardi. Ozgina yaxshilik va e’tibor ularning qalbiga nur va cheksiz quvonch olib kirishiga ko‘p bor amin bo‘ldim.
O‘z ustida ishlagan, mehnat va mashaqqatdan qo‘rqmagan pedagog shogirdlariga namuna bo‘la olyapti. Bahodir yaqinda 2024 yilning “Eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi”, deya e’tirof etilib, bolalarga o‘rnak ko‘rsata oldi. Uning xayoli doim o‘zlashtirishi past o‘quvchilar saviyasini ko‘tarish yoki qobiliyatli o‘quvchilar iqtidorini to‘g‘ri yo‘naltirish bilan band. O‘quvchilari fan olimpiadalarida faxrli o‘rinlarni egallab kelayotgani ham pedagogning mehnati besamar ketmayotganidan dalolat beradi.
— Darsdan so‘ng o‘quvchilar bilan muloqot qilishga intilaman, — deydi B.Jo‘rayev. — Loyihalar ustida ishlashda ularga yordam beraman. Bolalar nafaqat diqqatni, balki g‘amxo‘rlik, mehr va har bir qalb kalitini topish qobiliyatini talab qiladi.
Biz shunday davrda yashayapmizki, darslik va o‘qituvchining shaxsiyati yagona axborot manbai emas. Pedagogning vazifasi shunchaki o‘quv materialini taqdim etish va bolani uni o‘rganishga majburlash emas, balki darsni boshqa, muqobil ma’lumot manbalaridan kam bo‘lmagan tarzda taqdim etishdir. Ajo-
yib va esda qolarli mashg‘ulot o‘qituvchi obro‘yini oshiradi. Ayniqsa, erkak o‘qituvchidagi qat’iyat va yaxshi ma’nodagi qattiqqo‘llik bolalarning dars sabog‘ini jiddiy o‘zlashtirishiga sabab bo‘layotgani, bunday ustoz qo‘lida ta’lim olayotgan bolalar intizom bilan bog‘liq muammolarga kamdan-kam duch kelayotgani ko‘zga tashlanayotir.
Stereotiplarni sindirib...
— Bugun maktablarda erkak va ayol o‘qituvchilar mutanosibligi sezilarli ta’minlanmoqda. Son jihatidan mutanosiblik esa gender tenglikni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu bolalarga jamiyatda har ikki jinsning tengligini anglashga va kelajakda professional tanlovlarda gender bilan bog‘liq stereotiplardan xoli bo‘lishga yordam beradi. Chunki o‘quvchi ayol ustozidan mehr, g‘amxo‘rlik olsa, erkak muallimning qo‘lida unda o‘zgacha mardonavorlik, qat’iyat, iroda shakllanadi, — deydi pedagogika fanlari doktori Umid
Xo‘jamqulov.
Erkaklarning o‘qituvchilikka qaytishi “ushbu kasb faqat ayollarga xos”, degan stereotipni yo‘qqa chiqarmoqda. Bu esa mazkur kasb hamma uchun qadrli ekanini ko‘rsatyapti. Erkak va ayol o‘qituvchilar birga ishlashi maktabda muvozanatli, har tomonlama rivojlanishga mos muhit yaratadi. Bu, o‘z navbatida, yoshlar o‘rtasida o‘qituvchilikka qiziqishni orttirmoqda. Har ikki ustoz ham o‘quvchilarga turli ijtimoiy va emosional qo‘llab-quvvatlashni berishi mumkinligi ko‘zga tashlanyapti.
Maktablarda jismoniy faollik va sportga qiziqish ortmoqda. Ular ko‘pincha sport va jismoniy mashg‘ulotlarni targ‘ib qiladi, bu o‘quvchilarning jismoniy salomatligini yaxshilashda muhimdir.
— Bolalarning ko‘ngliga yo‘l topish, muammolarini tinglashga harakat qilaman, — deydi Olmazor tumanidagi 242-maktab o‘qituvchisi Bahodir Qahhorov. — Ular turli oilalarda katta bo‘lyapti, fe’l-atvorlar, odatlar turlicha. Ba’zan ustozni nazarga ilishmaydi. Shunday paytda jismoniy tarbiya o‘qituvchisi ekanim qo‘l keladi. Bolalarni sport mashqlarini bajarishga undayman va shu orqali ruhiyatini tarbiyalashga harakat qilaman. Maktablardagi inspektor-psixologlar Ichki ishlar vazirligidan Milliy
gvardiya tizimiga o‘tkazildi. Ular bugun bizga yaqin ko‘makchi, tartibsizliklarni birgalikda bartaraf etib kelyapmiz. Maktabimizda erkak
o‘qituvchilar kamroq. Jami o‘qituvchilarning 10 foizini erkaklar tashkil qiladi, xolos. Ularsiz maktab to‘liq bo‘lmagan oilaga o‘xshaydi. Hamkasblarimiz soni ortsa, maktabda ta’lim sifati ham oshishi, tartib-intizom qat’iylashishiga ishonchim komil.
Erkak o‘qituvchilarning maktabdagi ishtiroki yosh o‘g‘il bolalar uchun o‘zlikni anglashda qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘layotgani, bolalar kelajakdagi shaxsiy va ijtimoiy maqsadlarini belgilashda ustozidan ilhom olayotgani rost. Erkak o‘qituvchilar ta’sirida bolalarning o‘ziga ishonchi ortib borayotganiga muloqotlar paytida ko‘p bor guvoh bo‘ldik.
Umidlar yo‘lida...
Katta yo‘l boshida turibmiz. Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yilayotgan shu kunlarda millatimizning tom ma’nodagi “oltin fondi”ga umid bog‘lanmoqda. Har jihatdan yetuk, fazilatli yoshlarni esa qadr-qimmati baland ustozlar tarbiyalaydi. Bunda qat’iyat va iroda sohibi, fe’li keng, mard va tanti, fidoyi erkak o‘qituvchilarning o‘rnini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, birgina joriy yil boshidan buyon 125 o‘quvchi-yosh nufuzli xalqaro olimpiadalarda yuqori natija ko‘rsatib, g‘olib bo‘ldi. Bu dunyo ta’limi sahnasida 125 marta yurtimiz sha’ni ulug‘langanidan dalolat beradi.
Olis va chekka hududlarga borib ishlayotgan o‘qituvchilarning aksariyatini erkak pedagoglar tashkil etyapti. Ko‘pgina maktablarning “qizil” toifadan “yashil”ga o‘tishida ham ularning hissasi katta. Ular bor joyda bilim va salohiyat, mas’uliyat, tartib hukmron bo‘layotgani kuzatilmoqda.
Kun kelib hozirgi bolalar orasidan yetishib chiqqan olimlar, ziyolilarning qalbida ularga ta’lim bergan muallim oldidagi qarzdorlik, chuqur hurmat tuyg‘ulari bo‘y ko‘rsatishi shubhasiz. Dunyoni o‘zgartirishga qodir go‘zal tuyg‘ular, ezgu g‘oyalarga turtki bergan ustozlar siymosi xotiralarda jonla-
narkan, oriyatli, mard, g‘amxo‘r otalar, akalar yodga tushadi. Bugun kasbining quvonchu zahmatiga esh, fidoyi ustoz — erkak o‘qituvchilar salmog‘i oshib borayotganini ko‘rib, ko‘ngilda ko‘p yaxshiliklarga umid uyg‘onmoqda.
Umidlar ro‘yobi esa hali oldinda!
Risolat MADIYEVA,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri