Ulug' allomaning qabri izlanmoqda

    Bu haqda Mahmudxo'ja Behbudiy tavalludining 149 yilligi munosabati bilan o'tkazilgan ilmiy-amaliy konferentsiyada ma'lum qilindi. 

    O'zbekiston Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag'on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda O'zRFA hamkorligida Mahmudxo'ja Behbudiy tavalludining 149 yilligi munosabati bilan “Mahmudxo'ja Behbudiy publitsistikasi va jadid matbuotida ijtimoiy-siyosiy masalalarning yoritilishi” mavzusida xalqaro miqyosda ilmiy-amaliy konferentsiya bo'lib o'tdi.

    Unda Turkiy tilli davlatlar jurnalistlar uyushmasi, Turkiya teleradio tashkiloti, Izmir Kotib Chalabiy Universiteti, Chanoqqal'a O'n Sakkizinchi Mart universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O'zRFA O'zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, O'zbekiston Milliy universiteti professor-o'qituvchilari, tadqiqotchi-mutaxassislari qatnashdi.

    – Tafakkuri uyg'oq, hur fikrli, ilmu-ma'rifatga intilgan millatning buguni porloq, kelajagi buyukdir. Ushbu fikrlarning g'oyaviy talqini XX asr boshlarida Turkiston ijtimoiy-siyosiy harakatining yorqin siymosi, taniqli dramaturg, publitsist, din va jamoat arbobi Mahmudxo'ja Behbudiyning hayot yo'li va qimmatli asarlarida o'z ifodasini topgan, – dedi O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo'ja. – Ulug' alloma Turkiston xalqining har bir a'zosini o'qimishli, milliy qadriyatlar jonkuyari, o'zligini anglagan, jahon ilm-fani va madaniyati yutuqlaridan bahramand, ular istifodasiga qodir, milliy taraqqiyotga monelik qiluvchi illatlardan xalos bo'lgan va ularga qarshi kurashuvchi shaxslardan iborat bir jamiyat, ya'ni yuksak madaniyatli va ma'naviyatli jamiyatni orzu qilgan. “Oh! Biz qanday keyin qolganmiz. Xalqi olam usuli jadid va ilmi zamoniy ila osmonlarga uchar, biz hanuz bir-birimizni takfir (kofirga chiqarish) va tal'in (la'natlash) ila vaqt o'tkarurmiz”, deydi u.

    Jadidchilik harakati namoyandalari, xususan, ulug' alloma Mahmudxo'ja Behbudiy xalq taqdiri, farovon hayoti hamda yurt taraqqiyoti uchun murakkab tarixiy davrda jaholatga qarshi ma'rifat, yangicha dunyoqarash bilan kurashdi. Shu bois, mamlakatimizda ma'rifatparvar ajdodlarimizning jasoratli hayot yo'llariga nazar tashlash, ular qoldirgan boy ma'naviy merosni o'rganishga, tavallud sanalarini nishonlashga alohida e'tibor qaratilib, alloma hayoti va ijodiga oid hujjatli filmlar, asarlar yaratish, zamonaviy spektakllarni sahnalashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

    – Jadidchilik odamlar ko'zini ochish, Turkistonni uyg'otish uchun boshlangan harakat edi, – deydi Qatag'on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori Baxtiyor Hasanov. – Shu bois ushbu harakat rahnamolari va a'zolari mustabid tuzum tomonidan yo'q qilindi. Ayni paytda muzeyimiz ilmiy xodimlari Maxmudxo'ja Behbudiyning nabirasi bilan hamkorlikda izlanishlar olib borishmoqda. Chunki shu paytgacha bu ulug' jadid namoyandasining asosiy qotili va qabri haqidagi ma'lumotlar aniqlanmagan.

    Mazkur ilmiy anjuman O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti “Media nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi tashabbusi bilan an'anaviy tarzda o'tkazilib kelinayotganligi e'tiborga molikdir. Bundan ko'zlangan maqsad yurtimizda mass-media sohasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarini sifati va samaradorligini oshirish, yosh olimlarni qo'llab-quvvatlash, o'z navbatida, milliy matbuotning etakchi siymosi Mahmudxo'ja Behbudiyning nodir manbaalarini o'rganishda mahalliy va xorijiy olimlar o'rtasida o'rnatilgan ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlashdan iboratdir.

    Konferentsiya so'ngida milliy g'urur, iftixor tuyg'usini qalblarda uyg'otgan, xalqni erk va ozodlik, ma'rifat va taraqqiyotga boshlagan teatrchi, noshir, jurnalist Mahmudxo'ja Behbudiyning hayot yo'llari va ijodiy faoliyatini yoritgan olimlar va yosh tadqiqotchilarga esdalik sovg'alari topshirildi.

    Yangi O'zbekiston” muxbiri

    Muxtasar TOJIMAMATOVA