Uy-joylar qurilishini va qurilish materiallari sanoatini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida

    Hujjatlar 22 Fevral 2022 7370

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Respublikada qurilish sohasini va qurilish materiallarini ishlab chiqarish kompleksini yanada rivojlantirish, hududlarda aholi uchun arzon uy-joylar qurilishini taʼminlash, uy-joy qurilishi bozorida talab va taklif nomutanosibligini qisqartirish maqsadida:

    1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-iyundagi “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6244-son farmoniga muvofiq respublikaning 24 ta tuman va shaharlari qurilish materiallarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

    2. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Qurilish vazirligi, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining:

    1-ilovaga muvofiq respublikaning 8 ta tumanida xomashyoni qazib olishdan uni qayta ishlash, laboratoriya tekshiruvidan oʻtkazish, tayyor qurilish va pardozbop materiallar ishlab chiqarishgacha qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratuvchi qurilish materiallari klasterlarini tashkil etish;

    2-ilovaga muvofiq respublikaning 16 ta tuman va shaharlarida boshqa hududlar bilan sanoat kooperatsiyasini tashkil qilish orqali qurilish materiallari ishlab chiqarilishini yoʻlga qoʻyish;

    har bir hududda kamida bittadan qurilish materiallarini ishlab chiqarishdan qurilish obyektlarini loyihalashtirish va tayyor koʻp qavatli uy-joylar qurishgacha qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratuvchi uy-joy qurilishi klasterlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

    3. 2022-yilda yangi tashkil etiladigan qurilish materiallari va uy-joy qurilishi klasterlarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    4. Belgilansinki, 2022-yil 1-martdan boshlab:

    barcha yuridik shaxslarga respublikada ishlab chiqariladigan sement, sement klinkeri va qurilish oynasini cheklovlarsiz toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida (kvotasiz) eksport qilishga ruxsat beriladi;

    2024-yil 1-yanvarga qadar Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga (ularning vakolatli vakillariga) qurilish materiallarini barcha mamlakatlarga, shu jumladan, chegaradosh davlatlarga avtomobil, temir yoʻl va havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha miqdorini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi.

    5. Moliya vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB bilan birgalikda:

    2022-yil yakuniga qadar kapital bozorlari konyunkturasidan kelib chiqib, qurilish materiallarini ishlab chiqarish loyihalarini moliyalashtirish uchun “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning 300 million AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan miqdorda xalqaro korporativ obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish hamda uy-joy qurilishi klasterlarini qoʻllab-quvvatlash uchun 150 million AQSH dollari miqdorida Hukumat kafolatisiz xorijiy kredit liniyalari mablagʻlarini jalb qilish;

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-iyundagi “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6244-son farmoniga koʻra Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBga ajratilgan kredit liniyasini 5 yil muddatga subordinar qarz sifatida qayta rasmiylashtirish choralarini koʻrsin.

    6. Qurilish vazirligi qurilishda energiya tejamkor materiallarni keng joriy etish orqali uy-joy qurilishi vaqti va tannarxini pasaytirish maqsadida:

    “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda va keyinchalik doimiy ravishda koʻp qavatli uy-joylar qurilishida mazkur qarorga 4-ilovadagi roʻyxatda keltirilgan energiya tejamkor devorbop qurilish materiallardan foydalanishning afzalliklari yuzasidan keng targʻibot qilib borsin;

    “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK va uning filiallari tomonidan koʻp qavatli uy-joylar qurilishi boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish jarayonida ularda energiya tejamkor devorbop qurilish materiallari qoʻllanganligiga alohida eʼtibor qaratilishini taʼminlasin.

    7. 2022-2023-yillarda yangi noruda konlarini shakllantirish uchun geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirishning manzilli rejasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Belgilab qoʻyilsinki, mazkur qarorga 5-ilovaga muvofiq geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun 2022-2023-yillarda Davlat byudjetidan Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga geologiya-qidiruv ishlari uchun ajratiladigan mablagʻlar doirasida 100 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratiladi.

    8. Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda 400 ta foydali qazilma kon uchastkalari auksion savdolariga chiqarilishini taʼminlasin.

    9. Xorazm viloyati uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-avgustdagi “Investitsiya loyihalarini tashqi infratuzilma bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5233-son qaroriga muvofiq zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan taʼminlanadigan investitsiya loyihalari qiymati kamida 50 milliard soʻm miqdorida belgilansin.

    Bunda, ushbu tartibga koʻra qiymati 50 milliard soʻmdan 200 milliard soʻmgacha boʻlgan investitsiya loyihalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash xarajatlari ushbu loyihalar qiymatining 20 foizidan oshmasligi lozim.

    10. Uy-joylar qurilishini va qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

    12. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Qurilish vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    13. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari A.B.Voitov, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi huzuridagi Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha kengash raisi S.S.Annaklichev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

    Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,

    2022-yil 21-fevral