Uygʻonish, birlashish onlari muborak boʻlsin!

    Poytaxtimizda “Jadidlar: milliy oʻzlik, istiqlol va davlatchilik gʻoyalari” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Tadbir Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashabbusi bilan Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va Turkiy davlatlar tashkiloti koʻmagida tashkil etildi.

    Davlatimiz rahbari xalqaro konferensiya ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi.

    “Oʻz mohiyat eʼtiboriga koʻra noyob ijtimoiy-siyosiy fenomen boʻlgan jadidchilik gʻoyasining shakllanishi va taraqqiyotiga doir dunyoning bir qator mamlakatlarida koʻplab tadqiqotlar yaratilgan boʻlsa-da, ushbu harakat namoyandalarining Markaziy Osiyo hududida milliy davlatchilik va mintaqaviy oʻziga xoslikni, fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga qoʻshgan ulkan hissasini konseptual va tizimli asosda atroflicha oʻrganish dolzarb masala boʻlib qolmoqda. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, taraqqiyparvar ajdodlarimizning ilgʻor gʻoya va qarashlarini tadqiq etish va tizimlashtirish, Turkiston jadidlarining milliy davlatchilik rivojidagi oʻrni va taʼsirini oʻrganish, XX asrning birinchi choragida ular tomonidan barpo etilgan davlat tuzilmalarining qonunchilik bazasini tahlil qilish, dunyoviy, huquqiy va demokratik jamiyat qurishga qaratilgan faoliyatiga tarixiy baho berish, yangi Oʻzbekiston va Uchinchi Renessansni bunyod etishda ushbu merosning mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilishi bilan bogʻliq masalalar bugungi konferensiyaning asosiy muhokama mavzulari etib belgilangani alohida ahamiyatga ega”, deyiladi murojaatda.

    Darhaqiqat, jadid bobolarimiz xalqlarimizni jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, ularni gʻaflat botqogʻidan qutqarishning asosiy yoʻli bilim va maʼrifatda, dunyoviy taraqqiyotni egallashda, deb bildilar. Ular ana shu ezgu maqsad yoʻlda fidoyilik koʻrsatib, yangi usul maktablari, teatr va kutubxonalar, nashriyotlar ochdilar. Jamiyat aʼzolarining dunyoqarashi va turmush tarzini oʻzgartirish maqsadida gazeta va jurnallar nashr etdilar. Yoshlarni ilgʻor davlatlarga oʻqishga yubordilar.

    Shu bilan birga, davlat boshqaruvi, sud-huquq, moliya, soliq tizimlari, yer masalalarini tadrijiy asosda tubdan isloh qilish uchun gʻoyaviy va amaliy harakatlar qildilar. Bir soʻz bilan aytganda, ular milliy uygʻonish, milliy taraqqiyot gʻoyasini roʻyobga chiqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdilar. Afsuski, oʻsha davrdagi mavjud vaziyat, ijtimoiy tuzum bu ulugʻvor maqsadlarni amalga oshirishga yoʻl bermadi.

    – Hozirgi kunda Oʻzbekiston Prezidentining inson qadri ulugʻlanadigan adolatli, erkin va obod jamiyat, xalqparvar davlat, farovon hayot barpo etishga qaratilgan islohotlari jadid bobolarimizning ezgu gʻoya va dasturlariga har jihatdan uygʻun va hamohangdir, – dedi Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Qubanichbek Omuraliyev. – Oʻzbekiston turkiy tilli davlatlar tashkilotiga asos solingan davrda uning nafaqat faol ishtirokchisi, balki tashabbuskorlaridan biri ham boʻlgan edi. Shavkat Mirziyoyevning qoʻshni, qardosh davlatlar va qator mintaqaviy tashkilotlar bilan ochiq va konstruktiv hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan oqilona tashqi siyosati Turkiy kengash doirasidagi aloqalarda ham hal qiluvchi rol oʻynadi. Jadidlarning gʻoyalari, oʻzaro birdamlik borasidagi orzu-intilishlari Oʻzbekiston rahbarining ayni paytdagi siyosatida oʻz aksini topmoqda, desak adashmagan boʻlaman. Yangi Oʻzbekiston, jadid bobolar orzu qilganidek, dunyoviy huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini bunyod etish, sifatli taʼlim tizimini yaratish, soʻz erkinligi va ochiqlikni taʼminlash yoʻlidan dadil odimlayotgani quvonarlidir.

    Anjumanda Oʻzbekiston Prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva turli mamlakatlardan kelgan ishtirokchilarga minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz uchun eng muhim mavzulardan biri – millat taʼlim-tarbiyasi masalasini muhokama qilish va Oʻzbekistonda jadidlar boshlagan ishlarni davom ettirish vaqti allaqachon yetib kelganini taʼkidladi.

    Saida Mirziyoyeva alifboni isloh qilish masalasiga ham eʼtibor qaratib, oʻtgan yillar davomida bu borada koʻplab fikr-mulohazalar bildirilgani, qizgʻin bahs-munozaralar boʻlib oʻtgani, ammo masala hamon ochiq turganini qayd etdi.

    – Bu yil Oʻzbekistonga bir necha bor taba keldim, – dedi Michigan universiteti faxriy professori, jadidshunos olim Temur Xoʻja oʻgʻli. – Oxirgi marta Sharqshunoslik institutidagi doktorlik dissertatsiyasi himoyasida qatnashish uchun kelgandim. Bu safar “Jadidlar: milliy oʻzlik, istiqlol va davlatchilik gʻoyalari” mavzusidagi konferensiyada ilmiy izlanishlarimni taqdim etish va tadqiqotchilarning jadid bobolarimiz borasidagi eʼtiborga molik mulohazalaridan bahramand boʻlish uchun keldim. Bu juda katta xalqaro qurultoy. Albatta, bu Oʻzbekiston Prezidentining jadid bobolarimizning qilgan ishlarini oʻrganish va hayotga tatbiq etish siyosatini yuritayotgani bilan bevosita bogʻliq.

    Taʼkidlanganidek, jadidlar Markaziy Osiyoda Uchinchi Uygʻonish poydevoriga birinchi gʻishtni qoʻygan edilar. Chunki butun turkiy millatning taraqqiy etishida aynan jadidlarning gʻoyalari muhim ahamiyatga ega.

    – Men Turkiyadan keldim, – deydi tadqiqotchi Ahmed Biyjan Erjulasun. – Maʼruzamning mavzusi “Jadidchilik harakati va Turkiya”. Jadidlar dunyoni koʻrmoq istadilar. Buxoro, Samarqanddan chiqib, Qrim, Moskva va Istanbulga qadar ketdilar. Istanbulda bu harakat aʼzolarining faoliyati ijtimoiy hayotimizda kuzatildi va 1910-yilda gazetalarda ularning faoliyati haqida xabarlar boʻy koʻrsatdi. 1920-yilda esa Mustafo Kamol Buxoroga Ibrohim Subhiy degan odamni yuboradi. Zero, Mustafo Kamolning tarixiy qarashlari aks etgan kitoblarini jadidchilar hozirlagan. Ularni qozonlik jadidchi Ismoil Gaspirali oilasining kuyovi Yusufak Chura tayyorlaydi. Oʻz vaqtida bu kitoblar jadidchilik harakatini oʻrganishda turk oʻquvchilariga dastak boʻldi. Keyinchalik maʼrifatparvar jadidchi Munavvarqorining talabasi Ibrohim Yorqinning 1960-70 yillarda chop etilgan yozma manbalaridan maʼlumotlar oʻrgandik. Shoir Choʻlponning “Yigʻlagan menman” sheʼrini ham ilk dafʼa shu majmuadan oʻqidik. Jadidchilik harakati hozir AQSH, Germaniya va boshqa mamlakatlarda ham oʻrganilayotgani eʼtiborga molik. Aytish lozimki, bu harakat butun turkiy zaminning birlashuvi azaliy ekanini koʻrsatadi.

    – Faxr bilan aytib oʻtishimiz mumkinki, atoqli maʼrifatparvarlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanmoqda, – deydi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi rahbari Baxtiyor Hasanov. – Ularning aziz nomlari bilan ataladigan yodgorlik majmualari, taʼlim muassasalari, muzeylar, bogʻ va xiyobonlar barpo etilmoqda. Oʻzbekiston Oliy sudi mustabid tuzum qatagʻoniga uchragan 1030 dan ziyod vatandoshimizni oqlangani tarixiy adolatni tiklash yoʻlidagi yangi qadam boʻldi. Yurtimizda har yili avgust oyini “Qatagʻon qurbonlarini yod etish oyi” sifatida oʻtkazish, fidoyi vatandoshlarimiz va ularning avlodlari yashagan va yashayotgan xonadonlarga yodgorlik lavhalari oʻrnatish, vorislari hamda yaqin kishilariga hurmat-eʼtibor koʻrsatish boʻyicha chora-tadbirlar belgilanmoqda.

    Ayni paytda yurtimiz mahallalari idoralarida “Qatagʻon qurbonlari xotirasi burchaklari” va “Mahalla xotira kitoblari”ni tashkil etish, har yili kamida 100 nafar qatagʻon qurboni hamda jadid bobolarimiz hayoti va faoliyatini aks ettiradigan toʻplam tayyorlash rejalashtirilgan. Ushbu muhim mavzuda arxiv hujjatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ilmiy tadqiqot ishlari uchun maqsadli grantlar eʼlon qilish, yangi badiiy va publitsistik asarlar yaratish, xorijiy ilm-fan markazlari, fondlar va muzeylar, kutubxonalar bilan hamkorlikni rivojlantirish choralari koʻrilayotgani ham aytib oʻtildi.

    – Tojikistonda ham Oʻzbekistonda boʻlayotgan oʻzgarishlarga katta qiziqish bor, – deydi Panjikent shahridagi Tojikiston pedagogika instituti prorektori, tarix fanlari doktori, professor Shodmon Vohidov. – Tarixiy voqeliklarni shu ikki xalq birgalikda boshdan kechirgan. Azaldan yonma-yon yashab ijod qilgan, birgalikda kurashgan, quvongan. Mana, hozir ilmiy tahlil jarayonida Ibrohimbek haqida gap boʻldi. Keyingi yillarda Janubiy Tojikistonda – Afgʻoniston chegarasida jang olib borgan qoʻrboshilar hayotiga oid koʻplab tadqiqotlar qilindi. Meni hamisha Abdurauf Fitrat hayoti va ijodi qiziqtirib kelgan. Keyingi paytlarda uning asarlari haqida koʻplab maqolalar eʼlon qilinayotgani, kirill va lotin yozuvida kitoblar chop etilayotganini koʻrib quvonaman. Bundoq olib qarasak, biz ham jadidmiz, yaʼni neojadidmiz. Ular oʻz gʻoyalari uchun jonlarini tikkanlar, kurashganlar, biz esa oʻsha kurashlarning nazariy asoslarini tiklab, yosh avlod qalbiga olib kirishga harakat qilamiz. Izlanishlarim asnosida Sadriddin Ayniy yozgan mana bu soʻzlarni oʻqib titrab ketdim: “1917-yil mart oyida mendan jadid kim, deb soʻradilar. Kim gazeta oʻqisa, tugmali qora kiyim va xorij poyabzalidan kiysa, haftada bir Toshkent yoki Samarqandga borib kelsa, oʻsha odam jadid, deb javob berdim. Afsuski, ikki hafta ichida shunday odamlarning bir yarim ming nafari qatl qilindi”.

    Tadqiqotchi olimlar munozara jarayonida jadidlar haqidagi hamma maʼlumotlar ham haqiqatga yaqin emasligini, shu bois ularni oʻrganayotganda nihoyatda hushyorlik va zukkolik bilan yondashish zarurligini aytib oʻtishdi. Zero, arxiv hujjatlarida hamon oqlanmay kelayotgan bobolarimiz nomlari anchagina. Xoʻsh, bugungi kun olimlari arxiv hujjatlarini oʻrganishda qanday muammolarga duch kelmoqdalar?

    Ushbu savolimizga Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tarix instituti boʻlim boshligʻi Mashhura Darmonova bunday javob berdi:

    – Biz “jadidlar.uz” elektron platformasini yaratish borasida ishladik. Shu kungacha 230 nafardan oshiq yangi jadid maʼrifatparvarini aniqladik. Endi Abduvahob Ibodiy, Fayzulla Usmonov, Moʻyinjon Aminjonov, Shokirjon Rahimiy, Otaulli Xoʻjayev, Muhammir Burhonov kabi millatparvar yurtdoshlarimiz nomlari tarix sahifalariga yoziladigan boʻldi. Ularning barchasi ham ijod qilmagan boʻlishi mumkin. Lekin siyosiy chiqishlari, zamonaviy qarashlari va dadil harakatlari bilan vatanimiz ozodligi uchun kurashishgan. Mana shu jarayonda muammolarga duch keldik. Afsuski, koʻplab arxivlarda hali bu hujjatlar maxfiylik doirasidan chiqarilmaganini aytishadi. Prezidentimiz farmoyishiga koʻra, 1865-yildan to shu kungacha boʻlgan qatagʻon qurbonlari haqida xotira kitobini yaratish ustida tadqiqot oʻtkazdik. Davr va zamon mezonlari oʻzgarishi bilan oqlangan boʻlsa-da, huquqiy jihatdan oqlanmagan, hujjatlari toʻgʻrilanmay maxfiyligicha qolib ketgan koʻplab yurtdoshlarimiz borligi bizni tashvishga soldi. Shu bois, arxiv xodimlaridan zamonga mos fikrlab, hushyor faoliyat yuritishni soʻragan boʻlardim. Qarindoshlari qatagʻon qilingan insonlar esa hujjatlarni izlab astoydil izlanishini, ota-bobolari nomlari oqlanishida oxirigacha jonbozlik koʻrsatishini soʻragan boʻlardim.

    AQSHning Michigan universiteti doktoranti Kristofer Fort bilan suhbatlashar ekanmiz, mazkur konferensiya uni koʻplab jadid maʼrifatparvarlari bilan tanishtirayotganidan quvonib soʻzladi.

    – Bu anjuman izlab yurgan koʻplab olimlar va tadqiqotchilarni jamlay olgani uchun ham xursandman. Shu yerda men bilmagan koʻplab turk olimlari bilan tanishdim. Ularning maʼruzalarini chanqoqlik bilan tinglayapman. Men Hamza Hakimzoda Niyoziyning qarashlari va ijodi haqida maʼruza tayyorlaganman. Bu siz eshitgan boshqa maʼruzalardan shunisi bilan farq qiladiki, Hamza aslida bolshevik boʻlmagan, uni dramaturg Komil Yashin bolsheviklashtirgan. Agar soʻzimga eʼtiroz qilmoqchi boʻlsangiz, uning ijodini yaxshilab oʻrganing. U, asosan, jadidlar gʻoyalarini targʻib qilgan. Men konferensiyadagi munozaralar maydonida jadid Marjoniy nomini kashf qildim. Shuningdek, suhbatdoshlarimga tarjimalarim haqida soʻzlab berdim. Choʻlponning “Kecha va kunduz”, Isajon Sultonning “Navoiy” romanini tarjima qilganman. Ayni paytda esa Choʻlponning “Zamon xotini” pyesasi, Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romani hamda Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” qissasini ingliz tiliga oʻgirdim. Menga turkiy xalqlar tili va oʻziga xos talaffuzi juda yoqadi. Tarjima jarayonida bildimki, jadidlar oʻz asarlarida ilgari surgan gʻoyalar bugungi kunimiz uchun ham nihoyatda dolzarbdir.

    Darhaqiqat, buyuk maʼrifatparvar bobolarimiz tomonidan olgʻa surilgan gʻoyaviy-siyosiy, ijtimoiy-maʼrifiy va huquqiy-axloqiy qarashlar, turli millat va elatlar oʻrtasida bagʻrikenglik va hamjihatlik tamoyillarini qaror toptirish, milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan intilishlar ayni global dunyoda ulgʻayayotgan hozirgi avlod uchun chinakam ibrat namunasidir. Ularning hayoti va jasorati bugungi tinch va osoyishta kunlarga osonlik bilan erishilmaganini eslatib, milliy istiqlolimizni, jonajon Vatanimizni koʻz qorachigʻiday asrashga doimo daʼvat etib turadi.

    Bu kabi mulohazalar bir qancha maʼruzalarda taʼsirli yoritib berildi.

    – Ilmiy anjuman ahliga yuzlanib, faxr bilan aytmoqchimanki, men uch buyuk siymo – Fayzulla Xoʻja, Usmon Xoʻja, Atoullo Xoʻjaga taalluqli oilada dunyoga kelganman, – deydi buxorolik olim Inoyatullo Sulaymonov. – Uzoq yillar “xalq dushmani” degan tamgʻani olib yurgan insonlarning biriman. Har safar Toshkentga kelganimda bobolarim qabrini ziyorat qilish istagida qoʻlimda gul bilan yigʻlab-yigʻlab Boʻzsuv kanali boʻylariga boraman. Ularning qachon va qayerda otilganiyu koʻmilganini hozirgacha aniqlay olganim yoʻq. Nihoyat Fayzulla Xoʻjayev otilgan va koʻmilgan joyni borib koʻrish menga nasib etdi. Moskvada Kommunarka degan joydagi qabristonga bordim. Rossiya Prezidenti taklifi bilan oʻsha joyda otilgan 6600 kishining nomi yozib qoʻyilibdi. Ana shu roʻyxatda Fayzulla Xoʻjayev nomi borligini koʻrib, cheksiz quvondim va yigʻlab-yigʻlab duo oʻqib, ziyorat qilib qaytdim. Prezidentimiz 2016-yilda Buxoroga tashrif buyurganida “Biz Fayzulla Xoʻjayev va uning safdoshlari oldida qarzdormiz!” degan edi. Shundan soʻng men bor salohiyatimni ishga solib, jadid bobolarim haqida uchta kitobni chop ettirdim. Ushbu kitoblarni Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyiga taqdim etaman.

    Xalqaro konferensiya oʻz ishini yakunladi. Anjuman Markaziy Osiyo mintaqasidagi koʻhna tarix qaʼrida yongan ozodlik gulxanlari oʻz qahramonlarini yosh avlod koʻz oʻngida, qalbida tiriltira olgani, yuksak ilmiy loyihalarni oʻrtaga tashlagani bilan ishtirokchilar koʻnglini ravshan qildi. Dam koʻzimizga yosh oldirib, dam quvontirgan ushbu nufuzli anjumanda yuzaga kelgan samimiy muhit va birdamlik shuʼlalari Uchinchi Uygʻonishning yorqin sahifalari sifatida tarix sahifalariga yoziladi.

    Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon aytganidek: “Ey, koʻhna Turon, arslonlar oʻlkasi! Uygʻonish, birlashish onlari muborak boʻlsin!”

    Muxtasar TOJIMAMATOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri