UzAuto Motors mijozlardan shartnomalarni “sotib olish” boʻyicha shubhali takliflarga rozi boʻlmaslikni soʻradi

    Sanoat 8 Avgust 2023 1250

    Shu kunlarda turli savdo platformalarida “avtomobil nomingizga qayta rasmiylashtiriladi” kabi vaʼdalar bilan toʻlovi amalga oshirilmagan shartnomalarni “sotib olish” takliflari paydo boʻldi.

    UzAuto Motors kompaniyasining maʼlum qilishicha, shartnoma “UzAvtoSavdo” tizimi tomonidan avtomatik tarzda tuziladi. Undagi maʼlumotlarni na xaridor na diler tomonidan oʻzgartirishning imkoni yoʻq. Qolaversa, avtomobilni olgandan soʻng, tizim xaridorning ishtirokida davlat raqamini roʻyxatdan oʻtkazish uchun Yoʻl-harakati xavfsizligi davlat xizmatiga (YHXDX) elektron hisob-fakturani yuboradi.

    Oldindan toʻlovning kamaytirilganligi, shuningdek, shartnomani onlayn rasmiylashtirish imkonini beruvchi qulay tizimning joriy etilishi avtomobilni shaxsiy foydalanish uchun emas, balki faqat tijorat maqsadlarida (qayta sotish) sotib olish uchun ishlatila boshlandi.

    Agar bir shaxs nomiga yiliga bir xil model uchun 2 tadan ortiq avtomobil xarid qilinsa, har bir keyingi avtomobil navbatning oxiriga oʻtadi hamda avtomobillarni yetkazib berish muddati 120 kunga oshadi.

    Keyinchalik bir kishi tomonidan bir nechta avtomobillarni sotib olish amaliyoti takrorlangan taqdirda kompaniya isteʼmolchilar uchun avtomobillar mavjudligini taʼminlash maqsadida ushbu muddatni 270 kungacha uzaytirishni koʻrib chiqmoqda.