Unda ikki mamlakat 250 dan ortiq yirik kompaniyalari, xoldinglari va sanoat korxonalari, banklari, vazirliklari, idoralari va sanoat birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev o‘z qutlov nutqida so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar faol rivojlanib borayotganini, bunga ikki davlat rahbarlarining ishonchi va siyosiy irodasi tufayli erishilganini alohida ta’kidladi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining o‘sishi kuzatildi, so‘nggi 5 yil ichida bu ko‘rsatkich ikki baravar oshdi. 2022-yil yakuniga ko‘ra ikki tomonlama savdo ko‘rsatkichlari yana 50 foizga ko‘paydi va birinchi marta 1 milliard yevrodan oshdi.
Sarmoyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasida ham izchil dinamika kuzatilmoqda. O‘zbekistonda Germaniya kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni bir necha yil ichida qariyb 3 barobar ko‘payib, 200 tadan oshdi. 2017-yildan beri o‘zlashtirilgan nemis investitsiyalarining umumiy miqdori 11 barobar o‘sdi va bugungi kunda 4 milliard yevrodan ortiqni tashkil etmoqda. Germaniyaning MAN, CLAAS, Knauf, GP Papenburg, Viessmann, Deutsche Kabel, LEMKEN kabi ko‘plab kompaniyalari O‘zbekistonda allaqachon faol va juda muvaffaqiyatli biznes yuritib, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirmoqda.
Germaniya ishbilarmon doiralarining e’tibori mamlakatimizda xorijiy investorlarning qulay mehnat qilishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, O‘zbekiston iqtisodiyotining kuchli tomonlariga qaratildi. Jumladan, kadrlarning salohiyati, mamlakatimizning strategik geografik joylashuvi, MDH davlatlari bilan erkin savdo rejimlari, GSP+ benefisiari maqomi, Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha faollik bilan olib borilayotgan ishlar, boy xomashyo resurslari hamda mamlakatimiz Rahbariyati va hukumatining qo'shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni bevosita qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi.
Energetika, kimyo, oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati, metallurgiya, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika, shuningdek, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohalari uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning eng istiqbolli yo‘nalishlari sifatida taklif etildi.
Germaniya biznesi vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar samarasini, jumladan, mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun qulay mehnat sharoitlari yaratilganini yuqori baholadi. Hamkorlikni oshirish, yangi qoʻshma loyihalarni ishlab chiqishga qatʼiy niyatlari borligi bildirildi.
Forum dasturi “B2B” muzokaralari hamda O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlari kesimidagi aniq misollar va loyihalar taqdimoti bilan davom etdi.