Bugungi oʻzbek yoshlari aynan Muhammad Yusuf sheʼriyatida kuylangan Vatan tuygʻusi, sogʻinchi, joʻshqin hayotni tarannum etish gʻoyalari asosida ulgʻaygan, desak hech qanday mubolagʻa boʻlmaydi. Shoir oʻz yurtini chinakamiga sevar edi va har bir qarichini muqaddas deb bilardi.

Muhammad Yusufning dastlabki sheʼrlari 1976-yilda “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” haftaligida bosilgan. Shundan boshlab respublika matbuotida uning sheʼr, ocherk va maqolalari muntazam ravishda chop etila boshladi. Ilk sheʼriy kitobi — “Tanish teraklar” 1985-yili chop etildi. Shundan soʻng uning “Bulbulga bir gapim bor” (1987), “Iltijo” (1988), “Uyqudagi qiz”, “Halima enam allalari” (1989), “Ishq kemasi” (1990), “Koʻnglimda bir yor” (1991), “Bevafo koʻp ekan”, “Yolgʻonchi yor” (1993), “Erka kiyik” (1995), “Osmonimga olib ketaman” (1998), “Ulugʻimsan, Vatanim” (2004), “Saylanma” (2007), “Xalq boʻl elim” (2009) kabi kitoblari birin-ketin nashr etilgan.

1989-yilda “Uyqudagi qiz” nomli sheʼriy toʻplami uchun u respublika Yoshlar tashkilotining mukofotiga sazovor boʻldi. Shoirning kitoblariga kirgan sheʼrlarida Muhammad Yusuf mansub boʻlgan avlodning eng olijanob va yuksak insoniy fazilatlari bilan birga yoshlik sururi, ishq va muhabbatning nafis navolari, oʻzbekona, sodda, ayni paytda ezgu, bokira va betakror tuygʻu hamda kechinmalar orqali oʻzining yorqin ifodasini topgan.

Soʻzning badiiy imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalanish, musiqiy ravonlik, tuygʻular tiniqligi, samimiylik va mayinlik, ruhiyat manzaralarini loʻnda va yaqqol ifodalay bilish Muhammad Yusuf sheʼriy uslubining yetakchi xususiyatlaridir. Shu jihatdan ham xalqchil shoirning sheʼriyati yosh avlodni taribyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ulugʻbek Akromov,

Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti