Albatta u kishining vafotini milliy jurnalistikamizda baravj oʻsib kelayotgan azim bir chinorning kutilmaganda qulashiga oʻxshatgim keladi. Chindan ham uning sohada oʻz soʻzi va ovozi bor edi.
U halol mehnatdan hech qachon qochmagan. Roʻzgʻor tashvishida toʻy va konsertlarda boshlovchilik va hofizlik qilgan davrlarini ham oʻzi koʻp aytib bergan. Oliygohni tamomlagach, maktabda oʻqituvchilik, madaniyat klubida mudirlik, tuman “Maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi”da rahbarlik, imkon topildi deguncha dalada dehqonchilik qildi. Bogʻ yaratib, nihol parvarishladi. Juda mohir duradgor ham boʻlib, kitobdan oʻrin olgan «Yetmish hunarimdan bittasini ishga solganim haqida...» sarlavhali maqolasida uyda foydalanish uchun qoʻlbola fitobochka tayyorlagani va oila byudjetiga 10 million soʻm mablagʻ tejab olgani haqida ham qiziqarli maʼlumotlar bergan.
Uning sohadagi tarjimayi holi juda rang-barang. “Bogʻdod” telestudiyasi suxandoni, muharriri va bosh muharriri (1996-1997), Oʻzteleradiokompaniya “Yoshlar” telekanali “Davr” direksiyasi boʻlim boshligʻi (1998-2000) boʻlib ishlagan kezlari chindan ham oynai jahonning yorqin yulduziga aylandi.
2000-2006-yillarda Prezident Devonida masʼul lavozimda madaniyat, ijodiy tashkilot, jamoatchilik bilan aloqalar va matbuot ishlarini muvofiqlashtirdi. 2006-2015-yillarda esa “Davr” axborot dasturlari bosh muharririyati bosh muharriri, 2015-2018-yillarda “Mahalla” teleradiokanali direktori, “Toshkent” teleradiokanali direktorining oʻrinbosari, “Oʻzbekiston 24” radiokanali, keyinroq “Oʻzbekiston 24” telekanali bosh muharriri sifatida sermahsul mehnat qildi.
2019-yildan “Axborot-tahlil multimedia markazi” davlat muassasasi bosh muharriri va keyinroq direktori sifatida ishlab kelayotgan edi.
Biz Oʻzbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetida oʻqir edik. Talabalar yotoqxonasida barcha uchun atigi bitta televizor boʻlib, undan hammamiz umumiy foydalanardik. Teleradiokompaniya raisi oʻrinbosari Farhod Roʻziyev oʻsha yili bizning guruhga rahbar etib tayinlandi. Va turar-joyimizga kelib, vaziyat bilan yaqindan tanishgach, mutasaddilarga jurnalist talabalar uchun alohida xona kerakligini aydilar. Hozirlangan bu xonaga biz turli axborotlar bilan doimiy tanishib borishimiz uchun oʻz hisoblaridan rangli televizor keltirib berdilar.
U vaqtlar internet degan matoh otliqda yoʻq. Gʻishtdek keladigan qoʻl telefonlari ham bitta-yarimda hokimu rektorda boʻlmasa, biz uni faqat uzoqdan koʻrib qolardik (albatta, talabalar orasida “Axborot” muxbiri Gʻulom Samadov va eng faol Shuhrat Orif bundan istesno edi). Shu sababli telekanallar yangiliklar dasturlarini, xususan, oʻsha yillari shuhrati-dovrugʻi oshib borgan, bir qadar ochiq va saviyasi ancha baland boʻlgan “Yoshlar” telekanalining “Davr” dasturini miriqib tomosha qilardik, sohaga qiziqishimiz tobora ortar edi.
Adashmasam, 2000-yil edi. Birinchi Prezident Islom Karimov yil yakunlariga bagʻishlab oʻtkazilgan tanqidiy, taʼbir joiz boʻlsa, juda ogʻir yigʻilish yakunida kutilmaganda jurnalistlar fikrini soʻrab qoladilar? Afsuski, davraning toʻrini toʻldirib, gʻoz kerilib oʻtirgan kazo-kazo bosh muharrirlaru, ijod ahdi kattakonlari ham bir-biriga boʻynini qisib qarab, yuragi orqasiga tortib, ustidan suv qoʻyilganday shoʻppayib turishar edi. Buni ekranda koʻrganmiz.
Shunda ularning barining joniga oro kirib, Sohibjon aka shart oʻrnidan turib, garchi ovozida biroz titroq-hayajon sezilsa-da, lekin aytmoqchi boʻlgan fikrini dadil-oʻktam, tutilmasdan yetkazganini, bu Birinchi Prezident tomonidan iliq qabul qilinganini mana chorak asr oʻtgan boʻlsa-da, hamon yaxshi taassurot bilan eslayman. Sohibjon aka biz talabalarning koʻz oʻngimizda birdan porlagan edi oʻshanda.
Sohibjon aka Prezident devonida, “Mahalla” va “Oʻzbekiston 24” telekanallarida ishlagan paytlari bir piyola choy ustida, tadbirlarda doimiy suhbatlar qilib turardik. U hamma bilan yuqori tafakkur darajasida muloqot olib borishga qodir, katta-kichik rahbaru amaldorlar, turli soha vakillari, oddiy odamlar bilan juda tez til topishadigan mushohadali inson edi.
Uni koʻp kuyintirgan va hanuz hal qilinmagan muammo – Axborot kanallarimizning xorijiy davlatlarda oʻz muxbirlari yoʻqligi, globallashuv davrida axborotni “birinchi qoʻl”dan olishning qanchalik ahamiyatli va milliy manfaatlarimizga mos kelishi haqida jiddiy kuyunardi. “Oʻzbekiston 24” telekanalida bu ish yechimiga bir urinib ham koʻrdi, lekin bu uning qurbi yetadigan kichik masala ham emas edi.
Sohibjon Alijonov koʻp qirrali ijodkor boʻlib, ijodiy faoliyati faqatgina televideniye bilan cheklanib qolgan emas. U ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa “Feysbuk” tarmogʻida ancha faol qildi. Har bir chiqishi katta ijtimoiy bahs-munozaralarga sabab boʻlar, koʻplab “layk” va “komment”lar yigʻardi. Muammolarimiz haqida qisqa, loʻnda va oʻquvchiga manzur bir uslubda qalam tebratardi.
U tili achchiq-keskir edi, yurakning chuqur qatlariga tegadigan qilib yozardi. Fikrlariga kinoya libosini kiydirib, yengil yumor ruhida oʻquvchiga yetkazishning hadisini olgan, jumlalari ostida yashirin maʼnolar ufurib turardi. Aslida oʻtkir muammolarni xaspoʻshlab, yumaloq-yostiq qilib yozib ham boʻlmaydi...
U sarlavhalarni nihoyatda chiroyli topar, birinchi nigohdanoq oʻziga jalb etib olar, yozish avvalidayoq jumboqli savol qoʻyar, ijtimoiy-siyosiy mavzular ichiga chuqur kirar edi. Maqolalari hajmi sahifa-sahifa boʻlmasa-da, lekin bir dunyo maʼno va mazmunga ega, salmogʻi tosh bosadigan, hikmatli-ibratli, albatta har bir soʻzni nishonga mergan kamonchidek aniq urardi.
U hech narsani shunchaki yozmasdi yoki efirga vaqt oʻtkazish uchun chiqmagan. Shu sababli maqolalarining biror abzatsini oʻqimasdan, efirda biror daqiqa tashlab ketib boʻlmasdi.
Bunday chiqishlarida turfa masalalar – yangidan oʻsib kelayotgan fashizm balosidan tortib, ijtimoiy tarmoqlarda manqurtga aylanayotgan avlodgacha, qonunlarning chalasavodlik bilan chiqarilayotganidan, milliy soʻmimiz dizaynining bir-biriga oʻxshab ketishining sarguzashtnamo oqibatlarigacha, dabdabali toʻylarimizning millat fojeasiga aylanganiyu tilimizning obroʻsini tushurgan asli oʻzimiz ekanigacha soʻz yuritiladi.
Xususan, Oʻzbekiston qahramoni Lolaxon Murodova haqidagi mashhur koʻrsatuvi bir badiiy filmdan kam ishlanmagan: «Qishloqda quyosh ertaroq chiqadi... Qishloqda erta tong otadi. Katta shaharlarda odamlar endi-endi uygʻonganida qishloqdagilar yarim kunlik ishini qilib ulgurgan boʻlishadi. Lolaxon opa-ku erta turishda oftobni ham dogʻda qoldiradi... Paxtazoru bugʻdoyzorlarning tonggi ifori, kezi kelganda changu gʻuborlari ham uning qon-qoniga, vujud-vujudiga singib ketgan».
Bu soʻzlarni ayta olish uchun qahramonning butun oʻy va kechinmalari, ichki iztiroblari, harakatlari yaxlit mantigʻini teran anglagan, badiiy kamolotga yetgan jurnalist boʻlish kerak.
Yoki ona tilimiz haqida kuyinib bitgan «Egasi turtkilaganni begona tepkilaydi» maqolasida dushmanni chetdan izlamasdan zabonimizga, eng avvalo, oʻzimiz koʻproq eʼtiborli boʻlishimiz kerakligini uqtiradi: “Har uchta soʻzdan bittasiga ruscha qoʻshamizmi? Qoʻshamiz. Aksar koʻpchiligimiz oʻz tilimizda tiniq, ravon gapirolmasligimiz, «anaqa...”, “manaqa...”, “nima...”, “haligi...”, deb chaynalishimiz rostmi? Rost! Ikkita jumlani bir-biriga qoʻsholmaydigan, qogʻozga yozvoganiniyam eplab oʻqib bera olmaydigan amaldorlarimiz borligi haqiqatmi? Haqiqat! Saytlarda, tarmoqda, koʻcha yozuvlarida uslubiy, imlo xatolari gʻij-gʻij ekani bor gapmi? Bor gap! Tilimizning MAMArayimini chiqarib tashlagan oʻzimiz-ku!»
Vodiylik isteʼdodli xonanda Muhammadkarim Soipov haqidagi «Suyangani tor boʻldi...» maqolasida quyidagi satrlar uning ifoda vositalarini qanday mahorat bilan qoʻllashini yaqqol tasdiqlaydi: “Oʻsha damda Hofizning oʻtli xonishlari, nazarimda, qahratondan toʻnglab qolgan havolarni chars-churs yorib tashladi. Qoʻshiqlar harorati osmondan shitir-shitir yogʻib turgan mayda, qattiq qirov parchalarini iliq koʻklam yomgʻiriga, yeru koʻkni iskanjasiga olib zirqiratayotgan ayozni huzurbaxsh bahor havosiga aylantirib qoʻygandek boʻldi, goʻyo”.
“Toʻy qarindoshda, gʻavgʻosi bizning boshda... boʻlmasin” maqolasi oʻsha paytda telekanallarda anchayin urf boʻlgan maʼni-bemaʼni seriallar, birovning oʻrin-toʻshagidan tortib ishtonbogʻigacha muhokama qilinadigan “toʻk” shoular» haqidagi keskin tanqidiy chiqish boʻlgandi. Albatta bu jarayonlarda munosib harakat qilayotgan jurnalistlar ham borligini, ammo andishasizlik, uyatsizlik, yuzsizlikni pul orttirish manbaiga aylantirib olganlarga aslo toqat qilib boʻlmasligini va qatʼiy chora koʻrish zarurligini oʻrtaga qoʻygan.
«Kesishdan oldin oʻlchavosak...» sarlavhali maqolasida esa uyida usta ishlatgani, biroq uquvsizlik qusuri sababli “kuyib” qolganini va bu illat jamiyatimizdagi barcha sohalarda ham ildiz otib borayotganidan tashvishlanadi: «Usta, avval oʻlchab, aniq hisob-kitobini chiqarvolsangiz boʻlmaydimi?» desam, “Men «na glaz” oʻlchab tashlayman» deydi. Ana shu “na glaz”ining kasriga koʻp ishni boshqatdan qilishiga toʻgʻri keldi».
Toʻplamni oʻqish orqali taniqli jurnalist Ahmadjon Meliboyev va Muhammadjon Obidov, akademik Abdulla Aʼzamov, vodiydagi ilk xususiy telestudiya direktori Tohirjon Hamroqulov, isteʼdodli adib va shoirlar Anvar Obidjon, Iqbol Mirzo, dovruqli askiyachi va iqtidorli qiziqchilar Tesha qiziq, Abdulla Akbarov, xalq artisti Halima Nosirova, betakror qoʻshiqchilar Sherali Joʻrayev, Yulduz Usmonova, Oxunjon Madaliyev, Muhammadkarim Soipov, Bagʻdod tuman hokimi, Oliy Majlis deputati, maʼrifatli rahbar Abduqahhor Abdusamatov shaxsini qaytadan kashf etamiz.
Sohibjonni yaxshi bilganlar uning goʻzal sheʼrlar qoralaganini ham eslashadi. Ammo bu nazmiy ishlar qoʻlyozmasini deyarli topib boʻlmadi. Balki keyinchalik qayta nashrlarda bu bebaho namunalar ham chiqib qolsa, albatta qoʻshish mumkin.
Shu oʻrinda nashrni tayyorlash jarayonida marhumning oʻgʻli, doimiy izlanishdagi jurnalist Azizjon Alijonovning jiddiy harakatlari, otasi qalamiga mansub maqolalaru, telesuhbatlarini turfa manbaalardan, televideniyeda qolgan kompyuteriyu, “Feysbuk”dagi chiqishlaridan toʻplab-tahrirlab, doʻst-aqrabolari bilan suhbatlarni tizimli jamlaganini taʼkidlamoqchiman.
Kitobni oʻqish jarayonida yana bir karra amin boʻldim: Sohibjonning ota-onaga, yaqinlariga mehr-oqibati, qoʻl ostidagi xodimlarga saxovati, mustahkam tirgakligi, yosh jurnalistlarga baqamti boʻlib, koʻrsatgan adoqsiz eʼtiboru ragʻbati, qishloqdagi samimiy yoshlik yillari, uchta farzand bilan issiq joyini sovutib, yangi marralarga erishish uchun poytaxt Toshkentga markaziy telekanalga kelgani, musofirchilikdagi qiyinchiliklari toʻplamning ikkinchi qismidan joy olgan hamkasbu shogirdlari, qarindoshlarining u haqidagi xotiralari, fikr-mulohazalarida mukammal ifodasini topgan.
Kitobning birinchi qismidan Sohibjon Alijovning qirqqa yaqin maqolalari, hikoyalari joy olgan. Keyingi qismda esa 30ga yaqin doʻstlari va maslakdoshlari tomonidan u haqida bildirilgan mulohazalari keltirilgan. Xususan, butun xalqimiz yaxshi taniydigan xalq shoiri Iqbol Mirzo, milliy jurnalistikamizning zabardast vakillari – Komiljon Shamsiddinov, Toʻlqin Poʻlatov, Lobar Poʻlatova, Husniddin Ergashev, Feruza Oripova, Aziza Qurbonovaning u haqidagi fikr-mulohazalari, ibratli hayotiy faktlari kitobning ahamiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Bu dunyo bir bozor. Kimlar kelib, kimlar ketmagan. Lekin suhbatlashganingizda samimiyatdan qoramagʻiz ikki yonoqlari beixtiyor qizarib turadigan, davra koʻrgan, daryodil, oʻz sohasining professionali boʻlgan Sohibjon Alijonov xotirasi zamondoshlarimiz koʻngillarida boqiy yashaydi, shubhasiz.
Laziz RAHMATOV,
siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi