Xabarxo‘randalik: biz qanday axborot iste’mol qilyapmiz?

    Bugun kun davomida hech boʻlmasa bir marta yangilik oʻqimaydigan yoki eshitmaydigan odam topilmasa kerak. Koʻpchiligimiz tongda uygʻonishimiz bilan telefonimizni olib, turli platformalardan yangiliklar oʻqishni boshlaymiz. Yaʼni aksariyatimizda “yangiliklarga qaramlik” erta tongdanoq boshlanadi. Qizigʻi, buni reja asosida qilmaymiz, balki hammasi tabiiy jarayon — aqlimizdagi yangiliklarga ehtiyojdan.

    Toʻgʻri, yangiliklardan xabardor boʻlish, ularga munosabat bildirish ham insonning demokratik huquqlaridan biri, biroq tanganing ikkinchi tomonida aynan xabar-yangiliklar orqali inson psixologiyasiga taʼsir qilish missiyasi hamda nomaʼlum targʻibotlar turishini ham yoddan koʻtarmaslik kerak, nazarimizda. Zero, har doim ham ongostini aql bilan boshqarib boʻlmaydi.

    Keling, kichik-kichik tahlillar qilib koʻramiz. Masalan, etikdoʻz har kuni ustaxonasiga keladi, kun davomida turli yangiliklarni oʻqiydi yoki eshitadi. Kecha eshitgan xabari bugun unga qiziq emas, sababi, tafakkurida yangilikka boʻlgan ehtiyoj yangisini talab qiladi. Biroq kundalik yumushi doim bir xil — buyurtma qabul qilish hamda bajarish. Aksariyat holda oʻz faoliyatiga yangilik kiritish haqida umuman bosh qotirmaydi, negaki, uning ongidagi yangilikka boʻlgan tugʻma oʻchlik shu xabarlar orqali qoplanyapti. Bu — shaxsiy fojia.

    Kunlarning birida hamkasbim bilan tushlik qilib oʻtirar ekanmiz, u bir shov-shuvliroq yangilikning “uchini chiqarib”, internetda tarqalganini aytdi. Menda bezovtalik boshlandi — nega ertalabdan buyon shuncha xabar oʻqib, aynan uni koʻrmadim? Yoki eʼtiborsizlik qildimmi? Ishonasizmi, shu yangilikni oʻqimaganimdan oʻzimni aybdor ham his qila boshladim. Ha, aynan aybdor his qildim oʻzimni! Axir bu yangilikning ishimga ham, hayotimga ham, qoʻyingki, menga umuman aloqador joyi yoʻq edi-ku? Nega bunday boʻldi? Men esa tezroq tushlik qilib boʻlsak-da, shu yangilikni oʻqib olish payida oʻtirardim. Tashxis qoʻyishni esa sizga qoldirmoqchiman.

    Bir safar avtobusda ikki maktab oʻquvchisining suhbatiga beixtiyor guvoh boʻlib qoldim. Toʻrt yoki beshinchi sinfda oʻqisa kerak. Suhbat mavzusi — okeanorti mamlakati. Ular bu yurtni shunchalik tasvirlayaptiki, yigitlar oʻsha yerda tugʻilgan boʻlsa kerak, deb oʻylaysan kishi. Xulosalari bunday: AQSHda pul topish oson, yashash arzon, xohlagan ishingni qila olasan, yaʼni bemalolsan. Bu dunyoqarash ularga qayerdan singib qolgani-ku aniq, biroq ularning yoshlikdan shunday xulosa bilan ulgʻayishi fojianing oʻzi emasmi? Aynan yangiliklar orqali boylik bor yerda hamma narsa — vatanparvarlik ham, odamiylik ham ikkinchi darajali, degan tushunchalar singdirilayotgandek goʻyo. Vatanparvarlikni soʻndirish kimga kerak?

    Bu kabi tadqiqotlarni yana davom ettirish mumkin, biroq xulosalar oqidan qorasi koʻpligini qayta-qayta isbotlayveradi. Xoʻsh, tugʻma ehtiyojga oʻxshaydigan xabarxoʻrandalik bizga nima uchun kerak? Vaqt oʻtkazish uchunmi? Yoki ular hayotimizni rang-baranglashtiradimi? Balki axborot qabul qilishning ham oʻz isteʼmol meʼyorlari bordir? Shu savollar bilan filologiya fanlari doktori, taniqli jurnalist Beruniy Alimovga murojaat qildik.

    — Axborotning koʻpayib ketishi “axborot bulimiyasi”ni koʻpaytirmoqda, yaʼni insonlarni tobora yangilikka oʻch qilib qoʻymoqda, — deydi B.Alimov. — Ertalab turib yangilik qidiramiz, yoʻl-yoʻlakay yangilik qidiramiz, uxlaguncha yangilik qidiramiz — butun kunimiz yangilik izlash bilan oʻtadi-ketadi. “Bulimiya” soʻzining maʼnosini qisqacha tushuntirsak, ovqat yeb, biroq toʻyish hissini tuymaydiganlar aynan shunday tashxislanadi. Koʻpchiligimiz axborot isteʼmolida aynan shu kasallikka chalinganimiz haqiqat.

    Hammamiz ovqat uchun pul toʻlaymiz, boshqa xizmatlardan foydalanish uchun pul toʻlaymiz, biroq nega axborot isteʼmoli uchun pul toʻlamaymiz? Nega axborotni pala-partish isteʼmol qilishni oʻzimizga ravo koʻramiz? Ishonchsiz maʼlumotlar, notoʻgʻri tahlillar psixologiyamizga qanchalik salbiy taʼsir etishidan xabarimiz bormi? Shu oʻrinda, men obuna masalasining qanchalik ahamiyatga ega ekanini tushungandek boʻlaman. Aynan biz toʻgʻri axborot isteʼmol qilish uchun ishonchli manbalarga obuna boʻlmas ekanmiz, dezinformatsiyalar hamda missinformatsiyalar ongimizni zaharlashda davom etaveradi.

    Yurtdoshlarimiz orasida isteʼmol madaniyati qanday? Aslida, demokratik jamiyatlarda u qanday boʻlishi lozim? Bu borada ham Beruniy Alimovning mulohazalariga quloq tutamiz:

    — Demokratik jamiyat qurish yoʻlidan borar ekanmiz, axborot oqimini cheklay olmaymiz. Biroq xalqimizning axborot isteʼmoli madaniyati hamon oqsoq. Yurtdoshlarimiz hanuz bilib-bilmagan, tekshirilmagan hamda manbasi aniq boʻlmagan yangiliklarni qabul qilishda, ularni tarqatishda davom etmoqda. Bu oxir-oqibat tushunmovchiliklar hamda ruhiy tushkunliklarni keltirib chiqarishi turgan gap.

    Albatta, haq mulohazalar. Chindan ham biz yangiliklarning toʻgʻri-notoʻgʻri ekaniga emas, bizni qanchalik hayratga solishiga eʼtibor berib qoldik. Salbiy yangiliklar oqimi shunday shiddatliki, uning nuqsi tabiatimizga ham urgandek. Buni bir tomonlama yondashuv, dersiz, biroq toʻgʻri isteʼmolni oʻrganmas ekanmiz, tanganing ikki tomoni ham salbiy ifodani aks ettiraveradi. Muammo ana shunda.

    Xabarlar, asosan, rasmiy sahifalar, xalqaro axborot agentliklari hamda katta-kichik xususiy manbalar tomonidan tarqatiladi. Rasmiy manbalarda-ku aniq maqsadlar hamda faoliyat aks etishi ravshan, biroq xalqaro axborot agentliklari yangilik ulashish ortidan qanday maqsadlar koʻzlaganini tushunish mushkulroq. Ilgari ular faqatgina ulkan auditoriya uchun harakat qilgan boʻlsa, ayrimlari bugun katta kuchlarning istak-irodalarini amalga oshirishda kamarbasta boʻlmoqda. Afsuski, ular qanday kuchlar va aniq maqsadlari nima, orada qanday kelishuvlar mavjud — bularni oddiy oʻquvchi boʻlib ochiqlay olmaysiz.

    Shunchaki tabiiy sodir boʻlgandek koʻrinuvchi hodisalar uyushtirilishi hamda “tarqatuvchilar” jarayonni yoyishni zimmalariga olgan boʻlishi mumkin. Buning nomi — targʻibot. Aynan shu usul orqali udumga aylangan yuzlab illatlar mavjud, desak buni tarix tasdiqlaydi.

    Uchinchi oqim — yakka va xususiy manbalardan tarqaluvchi yangiliklar. Eng “bolalovchi” xabarlar ham aynan shulardan yoyiladi. Koʻp hollarda ularning maqsadi — shov-shuvlar orqali oʻz auditoriyasini oshirish hamda muttasil daromad manbaiga ega boʻlish. Achinarlisi, ular bu yoʻlda shaxsiy daxlsizlik, millatparvarlik chegaralarini toptab oʻtishgacha borishi mumkin. Medianing eng jirkanch usullaridan foydalangan manbalar, tabiiyki, katta qiziqish bilan oʻqiladi. Axir odamzod nafsi tabiatan “qonli tomoshalar”ga, tanqidga moyilligini ilm-fan isbotlab boʻlgan.

    Yangiliklarga qaram boʻlib qolish oqibatlarini oʻrganish uchun psixologlarning bu boradagi fikrlari bilan qiziqdik. Afsuski, xulosalar ijobiy emas. Biz ataganimiz xabarxoʻrandalik, yoshidan qatʼi nazar, har bir insonning shijoatini butunlay soʻndirishgacha, umidsizlik girdobiga choʻktirishgacha olib borishi mumkin. Shu oʻrinda, bu jarayon kattalarga qanday taʼsir etadi, bolalarga qanday taʼsir etadi, degan alohida-alohida tahlildan voz kechamiz. Chunki zarar barchaga birdek!

    Xabarxoʻrandalikning yana bir salbiy oqibati shuki, vaqtni boshqarish prinsipi butkul izdan chiqib ketadi. Siz boʻsh vaqtingizning asosiy qismini shaxsiy rivojlanishga emas, yangilik oʻqishga ajrata boshlaysiz. Bu “ajratish” borgan sari koʻpayadi. Faqat voqea-hodisalarga oʻrgangan tafakkur badiiy yoki kasbiy kitoblar mutolaasidan umuman zavq olmay qoʻyadi. Axir diqqat-eʼtiboringiz allaqachon real vaqt bilan qadam-baqadam harakat qilishga moslashib boʻldi, sizga umuman aloqador boʻlmasa ham.

    Xoʻsh, xabarxoʻrandalik zarar ekan, undan qanday himoyalanish kerak? Bu borada bizda takliflar bor.

    Eng avvalo, buni oʻzingizdan boshlang. Siz nimalarni oʻqiyapsiz, ular oʻzi sizga nima uchun kerak? Kasbingizga, umuman, hayotingizga taalluqli joylari bormi? Shu savollar bilan oʻzingizni chuqur tahlil qiling. Shubhasiz, natijada oʻnlab, hatto yuzlab manbalar sizga keraksiz boʻlib chiqishi mumkin. Keraksiz narsalarni esa saqlashdan ne naf? Ulardan voz keching.

    Ikkinchidan, xabar oʻqishda ham xuddi ovqatlanishda parhez qilganingiz kabi yoʻl tuting. Buning oʻrniga badiiy asarlar, tahliliy maqolalar oʻqishni odatga aylantiring. Siz butun dunyoda boʻlayotgan voqealarni bilishga majbur emassiz, biroq maʼnaviy dunyongizni yuksaltirishga masʼulsiz. Endi oʻylab koʻraylik, qay birining foydasi ziyoda?

    Uchinchidan, tekshiruvchan boʻling. Rasmiy, deb yozilgan xabarlarning hammasi ham rasmiy boʻlmasligi, aniq, deyilgan manbalarning ildizi umuman nomaʼlum boʻlishi ham mumkin. Bu borada eng maqbul yechim — taqqoslab koʻra bilish. Aynan taqqoslash guruchni kurmakdan ajratadi.

    Toʻrtinchidan, farzandlaringizga axborot isteʼmoli madaniyatini oʻrgating, yangiliklarni qaysi manbalardan olyapti, u manbalar nimalarni targʻib qilmoqda, muntazam tekshirib turing. Zero, cheksiz internet maydonida XXI asrning asosiy quroli boʻlgan axborotdan oʻzingizni faqat oʻzingiz himoya qila olasiz.

    Gʻanimat umrimizni mazmunli oʻtkazib, tafakkurimiz zaharlanishiga qoʻyib bermaylik, farzandlarimiz axborot quli emas, ijobiy yangiliklar mavzusi boʻlib voyaga yetsin.

    Jonibek ALIJONOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    (“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2024-yil 10-fevral, № 30)