— Globallashuv davrida yashayapmiz. Mamlakatlar kelajagi oʻzaro bogʻliqlikda rivojlanish tendensiyalariga daxldor boʻlib qolmoqda. Ekosiyosiy, geosiyosiy muhit tobora ziddiyatli tus olayotgan bir sharoitda bu jarayon tabiiy, albatta. Shunday makonda yashayotgan dunyo xalqlari bugun “yagona intilish” omillariga ehtiyoj sezayotgani ham bor gap. Bu oʻz-oʻzidan mintaqaviy jipslikni talab qiladigan hodisalar bilan bogʻliq. Shu maʼnoda, SHHT makonida faoliyat yurituvchi Xalq diplomatiyasi markazlariga tabiiy ehtiyoj qay darajada edi va ularning hayotiy maʼnosi qanday namoyon boʻlmoqda?
— Bilasizmi, bugungi kunda xalqaro muammolarni hal etishda xalq diplomatiyasi tobora muhim ahamiyat kasb etayotir. Aslida, xalq diplomatiyasini kichik xayrli harakatlar siyosati, deyish ham mumkin. Bunda asosiy eʼtibor davlat tuzilmalari va mansabdor shaxslarga emas, balki hamkorlikni kengaytirish imkoniyatiga ega jamoat tashkilotlariga qaratiladi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, dunyoda global ziddiyat va qarama-qarshiliklar avj olayotgan bir pallada, aynan xalq diplomatiyasi oʻz samimiyligi hamda xolisligi bilan ajralib turadi. Rasmiy diplomatiya vositalaridan farqli ravishda, xalq diplomatiyasi xalqlar oʻrtasida oʻzaro ishonch, hurmatni mustahkamlashga va doʻstlik aloqalarini tiklashga qodir. Muhimi, davlatlar va xalqlarning umumiy maqsad sari hamkorlik qilish niyati boʻlsa, kifoya.
Rasmiy diplomatiyaning ajralmas qismi va uning muhim elementiga aylanib borayotgan xalq diplomatiyasi soʻnggi yillarda tobora faollashmoqda. Fuqarolik jamiyati va xorijiy mamlakatlar jamoat tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlikni oʻz ichiga olgan xalq diplomatiyasi, davlatning xalqaro aloqalarini kengaytirishda noyob vosita boʻlib xizmat qilmoqda. Xalq diplomatiyasi faoliyati – jamoat tashkilotlari va birlashmalari, birodarlashgan shaharlar darajasidagi aloqalar, ijtimoiy-siyosiy harakatlar va xalqaro nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik kabi yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi.
Bunday tuzilmani tashkil etish zarurati Hindiston va Pokiston SHHTning doimiy aʼzolari safiga qoʻshilgandan soʻng yanada oshdi, zero tashkilot Yevroosiyoning Xitoy, Rossiya, Hindiston va Islom sivilizatsiyalari kabi bir necha yirik tamaddun markazlarini birlashtiruvchi makonga aylandi.
Bu sivilizatsiyalar nafaqat betakrorligi va anʼanaviyligi boʻyicha baʼzi umumiy xususiyatlarga ega, balki urf-odatlar, qadriyatlar va turli madaniy amaliyotlar bilan ham ajralib turadi. Agar SHHT kabi xalqaro maydondagi tashkilotlar, avvalo, siyosiy va iqtisodiy pragmatizmni koʻzlab ish yuritsa, xalqlar koʻproq qalban yaqinlashadi, bu esa davlat qurilishi va boshqaruvida gʻoyalar hamda mafkuraviy tuzilmalar oʻrnini belgilab beradi.
Rasmiy Toshkent SHHT faoliyatidagi muvaffaqiyatlarning asosiy kafolati xalqlar oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlash, davlatlararo oʻzaro tushunishni chuqurlashtirish, uygʻun manfaatlarni inobatga olish, tenglik ekanini taʼkidlab keladi. Bu maqsadlarga erishishning eng oson yoʻli esa xalq diplomatiyasidir.
Shubhasiz, SHHT roli va nufuzining yanada mustahkamlanishi aʼzo davlatlarning “Shanxay ruhi”ga, tashkilot tamoyillari va qadriyatlariga sodiqligiga bogʻliq boʻladi.
SHHT makonida yashayotgan xalqlar manfaati yoʻlida madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, madaniy xilma-xillikni saqlash va targʻib qilish, mintaqaning madaniy va tabiiy merosini oʻrganish sohasidagi hamkorlik xalqlar oʻrtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish va kengaytirishga hissa qoʻshishi shubhasizdir.
Oʻzaro ishonchga asoslangan xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʻlish, dunyo mamlakatlari, xususan, qoʻshni davlatlar bilan tinch-totuvlik tamoyili asosida muloqot qilish, faqat davlatlararo emas, balki xalqlarning keng qatlamlari oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni ham kengaytirish bugungi zamonning asosiy talablaridan biridir.
Xalq diplomatiyasi turli davlatlar xalqlarining oʻzaro munosabatlarini yanada yaxshilashga qaratilgan, ikkinchi tomondan esa, har bir davlat xalqlarining oʻzaro ichki turmush tarzida ham oʻzaro birdamlikni ulugʻlovchi, yuraklarni ilhomlantiruvchi tuygʻudir. U nafaqat xalqlar yaqinlashuvini, balki turli millat va elatlarning madaniy uygʻunlashuvi, tinchlik va birodarlikka targʻib etuvchi vositadir.
— Gapni uzoqdan boshlashga hojat yoʻq. Oʻzbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi faoliyat boshlaganiga besh yil boʻldi. Qisqa davr. Lekin savol tugʻiladi: markazning oʻtgan vaqt mobaynidagi faoliyatini qanday baholaymiz? Oʻzbekistondagi markaz nimalarga erishdi?
— Darhaqiqat, Oʻzbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi faoliyat boshlaganiga besh yil boʻldi. Bu muddat mobaynida markaz oʻz hamkorlari, Tashkilotga aʼzo davlatlardagi nodavlat tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari, jamoat tashkilotlari, vazirlik va idoralar, milliy madaniyat markazlari va doʻstlik jamiyatlari oʻrtasidagi haqiqiy muloqot maydoniga aylandi.
Markaz faoliyatining asosiy vazifa va yoʻnalishlari etib SHHT mamlakatlari oʻrtasida oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilikni, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash, Tashkilotga aʼzo davlatlar bilan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish belgilangan.
Markazning maqsad va vazifalari SHHT mamlakatlarining fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari oʻrtasida doʻstona hamkorlik muhitini qaror toptirish uchun shart-sharoit yaratishdir.
Oʻzbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi faoliyati tashkilotga aʼzo davlatlarning nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolari oʻrtasida madaniy-gumanitar, ilmiy-maʼrifiy aloqalarni kengaytirish, kuzatuvchi davlatlar va muloqot boʻyicha sherik maqomidagi hamkorlarni jalb etgan holda sivilizatsiyalararo muloqotni faollashtirishga, shuningdek, SHHT mintaqasi xalqlari oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni mustahkamlash, oʻzaro ishonch, manfaat, tenglik, maslahatlashuv, madaniyatlar xilma-xilligiga hurmat va birgalikda rivojlanish istagini oʻz ichiga olgan “Shanxay ruhi” tamoyillarini faol targʻib qilishga qaratiladi.
Markazning xalqaro hamkorligi haqida gapirganda, Belarus tinchlik fondi, Hindiston xalqaro munosabatlar kengashi, Qozogʻiston xalqi Assambleyasi va “Qozogʻiston fuqarolik alyansi”, Xitoyning yaqin qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik boʻyicha qoʻmitasi va Xitoy xalq diplomatiyasi uyushmasi, Qirgʻiziston Ipak yoʻli va SHHT davlatlari integratsiya markazi va Qirgʻiziston xalq assambleyasi, Pokiston strategik tadqiqotlar hamda Pokiston tinchlik va diplomatiya institutlari, Yevroosiyo va Rossiya xalqlari Assambleyasi, Gorchakov nomidagi Rossiya xalq diplomatiyasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, Rossiyadagi SHHTning Xalq diplomatiyasi milliy markazi, Rossiya va Oʻzbekiston Doʻstlik jamiyati hamda Tojikiston tinchlik va hamkorlik markazi bilan hamkorlik oʻrnatish va ilmiy, madaniy-gumanitar sohalarda qoʻshma tadbirlar oʻtkazish ustida ishlar davom etmoqda.
Faqat 2022-yilning oʻzida Markaz tomonidan 84 ta yirik tadbir oʻtkazildi. Shuningdek, oʻz faoliyati davomida Markaz SHHT xalqlari madaniyati haqidagi bilimlarni yanada chuqurlashtirish, xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni mustahkamlash, madaniyatlar rang-barangligini asrash kabi muhim maqsadlarga qaratilgan turli davra suhbatlari, ilmiy-amaliy konferensiyalar, ijodiy kechalar amalga oshirilmoqda.
— Mulohazalaringizdan anglashiladiki, Oʻzbekistonning SHHT makonidagi oʻrni va nufuzi keyingi yillarda anchayin oshib bormoqda. Shu oʻrinda bizda ham bir fikr paydo boʻlmoqda. Umuman, SHHTning tashkil topish sabablari va asoslari nimada? Va eng muhimi, bu Tashkilotda nufuzga ega boʻlish nimani anglatadi?
— Jahon siyosatining muhim subyektiga aylanib borayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti nufuzini oshirishda oʻz faoliyatini mazkur xalqaro tashkilot bilan birgalikda tashkil etayotgan yigirma olti davlat qatorida Oʻzbekistonning ham munosib hissasi bor. Qatiy irodaga asoslangan faol ishtirok natijasida mazkur xalqaro tashkilot faoliyati samaradorligini oshirish, uning maqsad, vazifalari va asosiy tamoyillariga mos qaror qabul qilish mexanizmlarini takomillashtirish yoʻnalishlari davr talabiga hamnafas takomillashib bormoqda. Uzoqni oʻylab, puxta reja asosida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar SHHTning boshqa nufuzli xalqaro institutlar oʻrtasida ham munosib oʻrin egallashiga zamin yaratmoqda.
Bugun SHHT tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashga, xalqaro va mintaqaviy mojarolarni oʻzaro tenglik, suverenitet va hududiy yaxlitlikni hurmat qilish asosida, davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, kuch ishlatish yoki tahdid qilishga qarshi harakatlarni taʼminlashga hissa qoʻshayotgan zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimining faol ishtirokchisidir.
Ushbu xalqaro tashkilotning paydo boʻlishi XX asr oxirida dunyodagi geosiyosiy vaziyatning oʻzgarishi, xususan, barcha davlatlarda, jumladan, Markaziy Osiyoda terroristik tahdidning kuchayishi bilan bevosita bogʻliq.
Ilgari bu mintaqada mavjud boʻlgan xavfsizlik tizimi 90-yillarga kelib kuchayib borayotgan tahdidlarga dosh bera olmay qoldi. Giyohvandlik moddalarini tashish kanallari koʻpayishi, noqonuniy mehnat migratsiyasi oʻsishi, ekstremistik oqimlar va terroristik tashkilotlar soni ortishi mintaqadagi davlatlarning chegara xavfsizligini mustahkamlash va harbiy sohadagi tezkor va samarali hamkorlik yoʻllarini izlashni taqozo etdi.
Bugun SHHTga aʼzo, kuzatuvchi va muloqot boʻyicha sheriklar boʻlgan jami 26 davlatning umumiy maydoni 34,3 million kvadrat kilometrga teng, bu Yevroosiyo qitʼasining 63 foizini tashkil etadi, nufusi esa 3,4 milliard, yaʼni yer kurrasi aholisining yarmiga teng. SHHT davlatlari iqtisodiyoti jahon iqtisodiyotining 20 foizini tashkil etadi.
Tashkilotning asosiy maqsadlari aʼzo davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash, ular oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar, energetika, transport, ekologik va boshqa sohalarda samarali hamkorlikni kuchaytirish, mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashdan iborat.
Ushbu tashkilot aʼzosi va taʼsischilaridan biri sifatida Oʻzbekiston SHHT doirasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish tarafdori. Bugungi kunda mamlakatimiz SHHTning koʻp qirrali savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikdagi va terrorizm, ekstremizm, noqonuniy narkotrafik, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash kabi sohalaridagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash orqali uning faol ishtirokchisi boʻlib harakat qilmoqda.
Yana bir muhim jihat: SHHT davlatlari nafaqat dunyodagi siyosiy vaziyat tufayli, balki ming yillar davomida savdo-sotiq, madaniy-maʼnaviy qadriyatlar almashinuvi markazi hisoblangan Buyuk ipak yoʻli birlashtirgan chuqur tarixiy va madaniy aloqalar orqali oʻzaro bogʻliq.
SHHTga Oʻzbekiston raislik etgan (2003–2004, 2009–2010, 2015–2016 va 2021–2022-yillar) davrlarda tashkilotning xalqaro maydondagi nufuzi va rolini mustahkamlash boʻyicha 80 dan ortiq samarali tashabbuslar ilgari surilgan.
Eʼtiborlisi shundaki, mazkur takliflarning barchasi tashkilotga aʼzo davlatlar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi va maʼqullandi.
Shuni alohida aytib oʻtmoqchimanki, 2022-yil 12-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Shanxay hamkorlik tashkiloti Samarqand sammiti oldidan chop etilgan maqolasida koʻp tomonlama faoliyatga asoslangan eng yosh institutlardan biri – Shanxay hamkorlik tashkilotining turlicha madaniy-sivilizatsion qarashlari, oʻz tashqi siyosiy yoʻnalishlari va milliy taraqqiyot modellariga ega mamlakatlarni birlashtira olgan oʻziga xos davlatlararo tuzilma ekani taʼkidlangan edi.
Yangi Oʻzbekiston ilgari surgan takliflar dunyoda, shu jumladan, SHHT mintaqasida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
— Juda yaxshi. Yana xalq diplomatiyasiga doir mavzuga qaytsak. Bu yil Oʻzbekistonda katta konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirildi. Xalqimizning siyosiy xohish-irodasi bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni qabul qildik. Bir soʻz bilan aytganda, milliy taraqqiyotimizning besh ustuniga asos soldik. Bu – suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida rivojlanish konsepsiyasidir. Shu maʼnoda, aytingchi, yangilangan Konstitutsiyamizdagi tamoyillar Oʻzbekistonda xalq diplomatiyasi rivojiga qay darajada taʼsir oʻtkazadi?
— Ushbu savolning berilishi juda oʻrinli boʻldi, deb oʻylayman.
Zero, referendum nafaqat joriy yilning, balki soʻnggi yillardagi eng muhim siyosiy voqelik hisoblanadi. Yangilangan Konstitutsiya yurtimizda amalga oshirilgan barcha islohotlarning eng yuqori choʻqqisi – oliy darajadagi kafolat bosqichi, xalq ovozi – referendum orqali kiritilgan oʻzgarish va qoʻshimchalarni keng koʻlamli islohotlarning huquqiy negizi sifatida talqin etish mumkin. Bu mubolagʻa emas, yurtimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar tahlil qilinsa, xulosamiz asosli ekanini anglash qiyin emas.
Fuqarolarimizning referendumda ishtirok etib, oʻz huquqlaridan erkin foydalangani ham eʼtiborga molik, deb oʻylayman. Aynan shu holat islohotlarning, tanlagan yoʻlimizning haqqoniy ekanini tasdiqlovchi muhim jihatdir.
Xalqimizning siyosiy irodasini ifoda etgan mazkur referendumda bizning markaz ham munosib ishtirok etdi. Nodavlat xalqaro tashkilot hisoblangan markaz rahbari sifatida referendumda xalqaro kuzatuvchi boʻlib ishtirok etgan Rossiya va Pokiston delegatsiyalariga hamrohlik qildim.
Oʻrni kelganda aytish lozimki, Konstitutsiyaning ham, xalq diplomatiyasining ham asl negizini yagona tushuncha – xalq tashkil etishi hech kimga sir emas.
Yangilangan Konstitutsiyaning xalq diplomatiyasi rivojiga aloqadorligi haqida gap ketganda, eng avvalo, Bosh qonunimiz muqaddimasida belgilangan barcha tamoyillarda xalq diplomatiyasi vositalariga oid normalar aks etganini qayd etish lozim. Aytish mumkinki, Konstitutsiyamizdagi huquqiy normalar aynan xalq diplomatiyasiga yaqinroqdir. Fikrimizni dalillash uchun yangilangan Konstitutsiyaning muqaddimasiga eʼtibor qaratish yetarli.
Muqaddimada belgilangan demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik gʻoyalariga sadoqatimizni namoyon qilish, davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasiga, shuningdek, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy-maʼnaviy merosiga tayanish yoxud mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini koʻpaytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash, atrof-muhit musaffoligini saqlash xalq diplomatiyasi ustuvor yoʻnalishlari uchun asosiy tayanch tamoyillar boʻlib hisoblanadi.
Xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalariga asoslangan holda, Oʻzbekistonning jahon hamjamiyati, eng avvalo, qoʻshni davlatlar bilan doʻstona munosabatlarini hamkorlik, oʻzaro qoʻllab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash hamda rivojlantirish, fuqarolarning munosib hayot kechirishini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni, koʻp millatli Oʻzbekistonimizning farovonligini va gullab-yashnashini taʼminlash tamoyillari esa markazimiz zimmasiga yuklangan asosiy vazifalar bilan toʻlaligicha hamohangdir.
Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizga xalq diplomatiyasi nuqtayi nazaridan qaraganda bir necha muhim jihatlarni kuzatish mumkin.
Avvalo, mazkur jarayonni amalga oshirishda xalqimizning bevosita va toʻlaqonli ishtirok etganini olqishlash kerak. Aynan yurtdoshlarimizning konstitutsiyaviy islohotlarga befarq emasligi, bevosita oʻzi va oʻzi saylagan vakillik organlari orqali yurt obodligi va el farovonligini taʼminlashga xizmat qiluvchi, qadriyatlarni ulugʻlovchi huquqiy normalarni tanlagani alohida eʼtiborga molik muhim omildir.
Bu oʻrinda xalqchillikni anglash uchun quyidagi raqamlarga eʼtibor berish lozim. Konstitutsiyaviy oʻzgarishlar jarayonida aholi tomonidan 220 mingdan ortiq takliflar bildirilgan. Jumladan, konstitutsiyaviy oʻzgarishlar ilk loyihasini shakllantirish chogʻida fuqarolardan kelib tushgan 60 mingdan ziyod taklifning har toʻrttasidan bittasi loyihadan joy olgan.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha oʻtkazilgan referendumda ovoz berish byulleteniga kiritilgan jami 19,7 million yurtdoshimizning 16,7 millioni, yaʼni 84,5 foizi ishtirok etgan, ularning 15 millioni – 90,2 foizi konstitutsiyaviy qonun loyihasini qoʻllab-quvvatlagan.
Xalq diplomatiyasi markazi SHHT doirasida faoliyat yurituvchi xalqaro tashkilot ekani inobatga olinsa, Konstitutsiyaning Oʻzbekiston tashqi siyosatiga oid 17 va 18-moddalariga toʻxtalib oʻtish joiz.
Konstitutsiyaning “Tashqi siyosat” deb nomlanuvchi IV bobi 18-modda bilan toʻldirildi. Xususan, ushbu moddada quyidagi yangi norma aks etgan: “Oʻzbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va koʻp tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshiradi”.
Ishonchim komilki, xalq diplomatiyasi institutlari dunyo mamlakatlari mentalitetini anglash, yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashga hissa qoʻshish uchun yaxshi asos boʻlib xizmat qilmoqda. Dunyo xalqlari manfaati yoʻlida madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, madaniy xilma-xillikni saqlash va targʻib qilish, turli xalqaro tadbirlar doirasida mintaqaning madaniy, tabiiy merosini oʻrganish sohasidagi hamkorlik esa oʻzaro aloqalarni yanada rivojlantirish va kengaytirishga yordam beradi.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Ulugʻbek ASROROV suhbatlashdi.