Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida boʻlib oʻtgan tadbirda Oʻzbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi Qobiljon Sobirov taʼkidlaganidek, SHHT soʻnggi yillarda oʻzining pragmatik harakatlari tufayli xalqaro hamkorlikni mustahkamlashning yangi modeli – sayyoramizda barqarorlik va tinchlikni taʼminlashga qaratilgan sheriklikni yaratgan nufuzli tashkilot sifatida oʻzini namoyon etmoqda.
Bugungi kunda SHHTga aʼzo davlatlar ochiqlik va oʻzaro anglashuv ruhida mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, SHHT davlatlarining iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanishi yoʻlida yaqin hamkorlikni amalga oshirmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etilishini davlat tomonidan qoʻllab-quvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida markazning ustuvor yoʻnalishlari sifatida SHHT mamlakatlari oʻrtasida axborot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish, axborot resurslarini shakllantirish xamda SHHTning maqsadlari, vazifalari, faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari va asosiy prinsiplarini keng tushuntirish maqsadida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish, SHHT mamlakatlarining madaniy-gumanitar sohada erishgan yutuqlari toʻgʻrisida axborot-tahliliy materiallar tayyorlash va ularni muntazam chop etib borish belgilangan.
2022-yil may oyida Toshkent Xalq diplomatiyasi forumi, joriy yil 14-16-iyun kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Sindao shahrida SHHT xalq diplomatiyasi va birodarlashgan shaharlar forumi oʻtkazilishi “SHHT oilasi” xalqlari oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni yanada mustahkamlash boʻyicha koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishga muhim turtki boʻldi.
Markazi direktori Samarqand sammiti doirasida ilgari surilgan “Ezgu niyat elchisi” institutini taʼsis etish gʻoyasi xalq diplomatiyasining muhim elementi boʻlib xizmat qilishini, kelgusida bu boradagi ishlarni doimiy muloqot va hamkorlik asosida jadallashtirish lozimligini taʼkidladi. Shuningdek, mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida raqamli texnologiyalardan keng foydalanish, tashkilotga aʼzo davlatlarda chop etilgan ilmiy va badiiy adabiyotlarni muntazam ravishda tarjima qilib borish, oʻzaro adabiyotlar almashinuvi uchun qulay muhit yaratish, OAV xodimlari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish muhimligini qayd etdi.
Qobiljon Sobirov SHHTga raislik qilgan avvalgi davrlarda Oʻzbekiston oʻz faoliyati haqidagi qarashlarining ustuvor yoʻnalishlarini aniq belgilab olganini, koʻp tarmoqli hamkorlikning uzluksizligi va izchil mustahkamlanishi tamoyillariga sodiqligini maʼlum qilganini alohida taʼkidladi. Oʻzbekston SHHTni rivojlantirish, normativ-huquqiy bazasini mustahkamlash, ushbu tuzilmaning jahondagi nufuzini oshirishga katta hissa qoʻshmoqda.
Xususan, Oʻzbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi 2019-yildan millatlararo va dinlararo totuvlikni rivojlantirish, sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirishni, ishonch va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash va xalq diplomatiyasi vositalaridan foydalangan holda 35 ta yirik ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazdi.
Markazning 5 yillik faoliyati sarhisob qilinar ekan, bugungi kunga qadar markaz oʻz faoliyatining turli yoʻnalishlari boʻyicha mahalliy va xorijiy sheriklar bilan 33 memorandum va hamkorlik shartnomalari imzolagani maʼlum qilindi. Hisobot davrida markaz tomonidan SHHT xalqlari madaniyati haqidagi bilimlarni yanada chuqurlashtirish, xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni mustahkamlash, madaniyatlar xilma-xilligini saqlashga qaratilgan 130 ta ilmiy-amaliy seminar, davra suhbatlari va badiiy kechalar, 19 ta koʻrgazma, mahalliy va xorijiy tashkilotlar bilan 82 ta uchrashuv oʻtkazildi, 3 ta toʻplam, 2 ta fotoalbom, 5 ta kitob nashr etilib, 70 dan ortiq radioeshittirishlar va intervyular oʻtkazildi.
Markaz yoshlarning salohiyatini roʻyobga chiqarish va sifatli taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga, shuningdek, SHHT mamlakatlari kutubxonalari, muzeylari, teatrlari va boshqa madaniy muassasalari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatishda faol ishtirok etishga alohida ahamiyat bermoqda. Markaz tashabbusi bilan 2019-yildan Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxonada “SHHT bilimlar zali” tashkil etilgan. Hozirda bilimlar zali fondida 800 bosma nashr va sanʼat asarlari toʻplangan.
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxoʻja oʻz nutqida fuqarolik jamiyati va xorijiy mamlakatlar auditoriyalari bilan hamkorlikda xalq diplomatiyasining ahamiyatini alohida taʼkidladi. Ommaviy axborot vositalarining global axborot makonidagi oʻrni tobora ortib borayotgani, ularning faoliyati uchun zamon talablariga mos keladigan barcha shart-sharoitlar yaratilgani, madaniy-gumanitar sohadagi xalqaro aloqalarni rivojlantirish muhimligiga eʼtibor qaratdi.
Tadbirda Oʻzbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazining ommaviy axborot vositalari bilan ikki va koʻp tomonlama aloqalarini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Qobiljon Sobirov jurnalistlarni kasb bayrami – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan tabriklab, markaz faoliyatini yoritishda faol ishtirok etayotgan jurnalistlarga minnatdorlik bildirdi.
SHHT markazi direktori, shuningdek, markaz va OAV vakillari oʻrtasidagi hamkorlik yanada samarali boʻlishiga, SHHT doirasida koʻp tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlarni yanada oshirishga umid bildirdi.
Tadbir yakunida Oʻzbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi tashkil topganining 5 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda xalq diplomatiyasini rivojlantirishga, millatlararo totuvlikni mustahkamlashga hissa qoʻshayotgan jurnalistlarga Markazning “Xalq diplomati” koʻkrak nishoni va faxriy yorligʻi topshirildi.