Xalq taʼlimi vazirligi tashabbusi bilan A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti va Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi hamkorligida tashkil etilgan konferensiyada xalqaro baholash dasturlari tadqiqotlariga tayyorgarlik natijalari sarhisobi, taʼlim sifatini baholash boʻyicha mahalliy ekspertlar tadqiqotlari natijalari tahlil etilmoqda.
Dunyoda yuzdan ortiq davlat oʻz mamlakatida joriy etilgan taʼlim sifatini xolisona baholash maqsadida PISA, TIMSS, PIRLS, TALIS, EGRA hamda EGMA kabi xalqaro baholash tadqiqotlarida ishtirok etadi. Jumladan, Oʻzbekistonning ham birinchi marta PISA va boshqa xalqaro baholash tadqiqotlarida ishtirok etishi koʻzda tutilgan.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonida 2030-yilga borib PISA oʻquvchilarni baholash dasturi reytingi boʻyicha jahonning birinchi 30 ta ilgʻor mamlakati qatoriga kirishiga erishish boʻyicha vazifalar belgilangan.
PISA, TIMSS va PIRLS xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik koʻrish maqsadida A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Stesting” loyihasi doirasida 100 dan ortiq trenajyor video yaratildi va “Stesting” platformasi ishga tushirildi.
Bu platforma oʻquvchilarning xalqaro baholash dasturlari doirasidagi topshiriqlar bilan ishlash koʻnikmasini shakllantirishga qaratilgan elektron tizim va video mahsulotlarni oʻz ichiga olgan. Unga 1500 tadan ortiq test joylashtirilgan.
Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish, testlarni yechish koʻnikmasini shakllantirishga qaratilgan mazkur elektron platforma sentyabr-oktyabr oylarida muayyan maktablarda tajriba-sinovdan oʻtkazildi. Eng muhim jihatlardan biri ushbu platformadan foydalanish mutlaqo bepul. Bugunga qadar ushbu platformada 2,6 milliondan ortiq oʻquvchi roʻyxatdan oʻtgan va ularning diagnostik baholash natijalari tahlil qilingan.
Konferensiyada erishilgan dastlabki natijalar toʻgʻrisida xalqaro tashkilotlar, hukumat vakillariga maʼlum qilinib, hamkorlikdagi faoliyatni samarali tashkil etish boʻyicha fikr almashilmoqda.
Ayubxon RADJIYEV, Abdulla Avloniy nomidagi Xalq taʼlimi muammolarini oʻrganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot
instituti rahbari:
— Mamlakatimiz ishtirok etadigan xalqaro taʼlim sifatini baholash tadqiqotlariga tayyorgarlik doirasida qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Konferensiyada koʻzda tutilgan asosiy maqsad “Stesting” platformasi orqali uch oy mobaynida barcha maʼlumotlar tahlilini keng ommaga yetkazishdan iborat.
Konferensiyaga biz bejiz turli xalqaro hamkor tashkilotlarni taklif etmadik. Chunki har biri bilan taʼlim sifatini oshirishga bogʻliq alohida loyihalarimiz bor. Matematik savodxonlikni oshirish, milliy baholash tizimini ishlab chiqish, oʻzbek tilining toʻrtta koʻnikmasiga asoslangan tizimni yaratish, joriy etilayotgan yangi avlod darsliklari boʻyicha oʻqituvchilar malakasini oshirish dasturlarini hamkorlikda ishlab chiqdik. Ular ham shu konferensiya doirasida bu borada erishgan yutuqlari va bajarayotgan ishlari, istiqboldagi rejalar haqida taqdimot qilishyapti.
Laziz XOʻJAQULOV, Xalq taʼlimi vazirligining taʼlim sifati jarayonlarini muvofiqlashtirish, pedagog kadrlarni tayyorlash va ularning salohiyatini oshirish boshqarmasi boshligʻi:
— Mamlakatimizda berilayotgan taʼlim sifatiga xalqaro doiradagi ekspertlarning bahosi juda muhim. Sababi, hech qaysi mamlakat oʻz taʼlim tizimiga xolis baho bera olmaydi. PISA tadqiqotlari esa dunyoning yuzdan ortiq mamlakatida standartlashtirilgan testlar orqali oʻtkaziladi. Taʼlim rivojlangan mamlakatlardagi 14 yoshdagi bolalarning bilim darajasini bir xil mezonda oʻlchash imkonini beradi. PISA tadqiqotlarida Oʻzbekistonning ishtiroki mamlakatda taʼlim sifati nechogʻlik darajada ekanini xalqaro miqyosda koʻrsatadi. Bu nima uchun muhim? Avvalo, taʼlimdagi oʻzgarishlarda toʻgʻri yoʻldan ketyapmizmi, degan savolga javob topiladi. PISA tadqiqotlarida shunday savollar beriladiki, bu qaysidir bir faktga asoslangan boʻlmaydi. Bitta savolda bir nechta fanlar elementlari jamlangan va unda kimyo, fizika, biologiya ham boʻlishi mumkin. Test bolalarning mustaqil hayotga nechogʻlik tayyorligini baholaydigan sinov.
Hozirgi kunda milliy oʻquv dasturi ishlab chiqilmoqda. Milliy oʻquv dasturi doirasida bolalarga endi nazariy bilim emas, hayotiy koʻnikma va malaka berish ustida ish olib borilmoqda. Shu orqali biz xalqaro baholash dasturlarida natijaga erishishimiz mumkin.
Geoffrey Ijumba, YUNISEFning yurtimizdagi vakolatxonasi vakili oʻrinbosari:
— Oʻzbekiston xalqaro baholash tizimi (PISA)ga kirish boʻyicha xohish bildirgani juda ham muhim. Chunki PISA taʼlimni qanday qilib takomillashtirish mumkin boʻlgan barcha savollarga javob tizimi hisoblanadi. Bu, albatta, katta tayyorgarlik talab etadi. Juda koʻp mutaxassislar buning ustida ishlaydi. Lekin yakunda biz obeʼktiv maʼlumotni olish imkoniyatiga ega boʻlamiz.
Oʻzbekiston taʼlim tizimi 2030-yilga borib aynan PISA xalqaro baholash dasturida birinchi oʻttiztalikka kirishi uchun zarur koʻmak beramiz. Bundan tashqari, milliy baholash tizimini ham hozir shakllantirish harakatidamiz. Mazkur milliy tizim juda ham muhim. Chunki uning bir nechta komponenti boʻladi. Bu sizga qiz va oʻgʻil bolalar kesimida viloyatlar, tumanlar, shaharlarni taqqoslash imkoniyatini yaratadi. Biz qayerda kamchilik, boʻshliq borligini bilgan holda zarur chora-tadbirlar koʻramiz.
Mazkur xalqaro konferensiya yakunida xalqaro baholash tadqiqot dasturlariga tayyorgarlik, erishilgan yutuq va kamchiliklarni aniqlash, xalqaro baholash dasturi natijalari asosida umumtaʼlim maktablarida taʼlim sifatini baholash milliy tizimini takomillashtirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish hamda maktab oʻquvchilarining kelajakdagi xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik darajasini oshirishga doir takliflar tayyorlash koʻzda tutilgan.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri