Farg'ona vodiysidagi mehnatkash fermerlarning issiqxona sohasida erishgan natijalari BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkilotining (FAO) sabzavot yetishtirish bo'yicha xalqaro eksperti Leone Maloketti Lombida katta taassurot qoldirdi. U O'zbekistonda “aqlli fermerlik” qanchalik samarali amalga oshirilayotganini baholash uchun 2022-yil oktyabr` oyida benefitsiarlarning ob'ektlariga tashrif buyurdi.
Andijon, Namangan va Farg'ona viloyatlaridagi 20 ta tomorqa yer egalari benefitsiarlar hisoblanadi. Bu issiqxonalar O'zbekiston qishloqlari aholisining tomorqalarida ko'p uchraydigan issiqxonalardan emas. Ular FAO va O'zbekiston Respublikasi qishloq xo'jaligi vazirligining “Kelajak avlod uchun aqlli dehqonchilik” doirasida ilmiy yondashuv va ilg'or texnologiyalar asosida modernizatsiya qilingan.
Loyiha 2021-yilda ishga tushirilgan bo'lib, issiqxonalarda hosil yetishtirishning yangi usullarini joriy etadi, bu esa, hosildorlikka va shunga mos ravishda olinadigan foydaga ta'sir qiladi.
O'tgan yil davomida benefitsiarlar FAO ko'magida ular issiqxona xo'jaligini muvaffaqiyatli biznesga aylantira oldi. Loyiha doirasida fermerlarga issiqxona uchun maxsus qoplamalar, dezinfeksiyalovchi pol qoplamalari va qo'sh eshikli tizimlar, shuningdek, zararkunandalarga qarshi kurashish, yoritishni nazorat qilish, o'g'itlarni qo'llash, o'simliklarni changlatish va suvni boshqarishning yangi va mukammal usullari taqdim etildi va o'rnatildi. Bundan tashqari, loyiha davomida FAO tomonidan issiqxona egalariga xo'jalikni yangi usul va texnologiyalar asosida yuritishni o'rgatish maqsadida turkum treninglar tashkil etildi.
— Loyiha jamoasi va men 20 nafar benefitsiarning barchasiga tashrif buyurdik va ishonch bilan aytishim mumkinki, loyiha O'zbekistonda juda samarali amalga oshirilmoqda, — dedi FAOning sabzavotchilik bo'yicha xalqaro eksperti Leone Maloketti Lombi o'z kuzatishlari bilan o'rtoqlashar ekan. — Taqqoslash uchun aytaman, issiqxonani modernizatsiya qilish bo'yicha ta'lim va ko'mak olgan FAO loyihasi benefitsiari 206 kilogramm hosil olishga erishgan bo'lsa, issiqxonada an'anaviy usulda hosil yetishtirayotgan qo'shnisi atigi 35 kilogramm hosil olgan. Ularning issiqxonalari hajmi jihatidan deyarli bir xil, ikkalasi ham sentyabr` oyining oxirida hosilni yig'ishni boshlagan, ammo foydadagi farq taxminan 500 foizni tashkil qildi. Bundan tashqari, men resurslardan foydalanishda yaxshilanish ro'y berayotganini ko'rmoqdaman — tomchilatib sug'orishdan foydalanish bizning benefitsiarlarimizga suvni sezilarli darajada tejash imkonini beradi.
Fermerlar bilan suhbatdan so'ng, Leone ularga pH/EC/Termo/Gigro hisoblagichlari kabi vositalardan foydalanish, jumladan, kalibrlash va hisobni yuritish, shuningdek, tomchilatib sug'orish tizimiga texnik xizmat ko'rsatish, qoplama materiallarini tozalash, zararkunanda tuzoqlaridan foydalanish bo'yicha o'z tavsiyalarini berdi.
Keyingi takomillashtirish yo'nalishi – tovoqlarda sifatli sabzavot ko'chatlarini yetishtirishdir. Ushbu mavzu bo'yicha chet ellik mutaxassis uchta maqsadli yo'nalish bo'yicha benefitsiarlar va boshqa manfaatdor tomonlar uchun treninglar o'tkazdi.
Unda ishtirokchilar 55 kishini tashkil etdi. Axir ko'chatlar ishlab chiqarish sabzavot biznesining barcha turlari orasida eng intensiv tur hisoblanadi. Bundan tashqari, tovoq idishlarga sabzavot urug'ini ekish butun dunyo fermerlari orasida keng tarqalgan amaliyotdir, chunki bu sifatli ko'chat va yuqori hosil olish imkonini beradi.
Leonening ta'kidlashicha, fermerlar nafaqat o'zlari uchun, balki tijorat maqsadlarida ham ko'chat yetishtirishdan ko'proq foyda oladi. Natijada ko'chat etishtirishga qiziqqan 3 nafar istiqbolli fermer loyihaning benefitsiarlari orasidan tanlab olindi. Ular ko'chat yetishtirishni yo'lga qo'yish bo'yicha FAO loyihasidan qo'shimcha yordam oladi.
Yana bir muhim masala qishda issiqxonani isitishdir. Chekka hududlarda gaz va elektr ta'minotidagi uzilishlar hisobga olinsa, bu muammo fermerlar uchun dolzarbdir. Ayni paytda qish mavsumida yangi sabzavotga bo'lgan talabni hisobga oladigan bo'lsak, issiqxonada sabzavotlarni yetishtirish barqaror daromad va qo'shimcha foydani kafolatlaydi. Mutaxassisning so'zlariga ko'ra, ayni paytda muqobil energiya manbalarini topish va ularni “Kelajak avlod uchun aqlli dehqonchilik” loyihasiga tatbiq etish bo'yicha faol ishlar olib borilmoqda. Shu munosabat bilan O'zbekistonga tashrifi chog'ida u isitish uskunalari yetkazib beruvchilar bilan uchrashuvlar o'tkazdi. Eng oqilona yechim topish maqsadida hamyonbop isitish tizimlari, ularning texnik tafsilotlari, narxlari va shartnoma shartlari kabi masalalarni muhokama qildi.
Quvonarlisi, endilikda yana 20 nafar fermer benefitsiarlar qatoriga qo'shilgan bo'lib, ular ham bundan buyon o'z issiqxonalarini modernizatsiya qilishda loyihadan har tomonlama ko'mak oladilar. Endilikda jami benefetsiarlar soni 40 nafarni tashkil etmoqda.