Dunyo xaritasida bundan 32 yil muqaddam yangi suveren va mustaqil davlat, koʻp millatli Oʻzbekiston Respublikasi paydo boʻldi. Shu kundan boshlab xalqimiz Vatani, taqdiri va kelajagiga egalik qilish huquqini qoʻlga kiritdi. Mustaqil rivojlanish yoʻliga tushib oldi va keng koʻlamli islohotlar qilish imkoniyatiga ega boʻldi. Xususan, yaqin yillardagi taraqqiyot natijasida Vatanimizning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotida butunlay yangi davr boshlandi. Bu vaqt mobaynida barcha soha va tarmoqlarni yangi bosqichga olib chiqish strategiyasi ishlab chiqildi va izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi tom maʼnoda xalqimizning orzu-istaklarini, hayotiy ehtiyoj va zaruratlari ijobatiga xizmat qiluvchi dasturulamal oʻlaroq vujudga keldi. Ayni paytda mamlakatimiz “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” degan gʻoyaning insonparvar mazmun-mohiyatini oʻzida mujassam etgan holda rivojlanish yoʻlida izchil davom etmoqda. Shu tariqa Taraqqiyot strategiyasining iqtisodiyotga oid jihatlari ham bir qancha yoʻnalishlarda roʻyobga chiqmoqda.
Birinchidan, Taraqqiyot strategiyasida milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatini taʼminlash boʻyicha bir qancha vazifalar belgilangan. Bunda iqtisodiyot tarmoqlarini jadal taraqqiy ettirish uchun tadbirkorlikka keng yoʻl ochish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Chunki bu yoʻl mamlakatimiz uchun oʻta zarur boʻlgan yangi ish oʻrinlari yaratish orqali kambagʻallikni qisqartirish hamda aholi turmush farovonligini oshirishga erishishning muhim omiliga aylandi. Buning uchun milliy iqtisodiyotda yuqori oʻsish surʼatini taʼminlash boʻyicha 15 ta maqsadda jamlangan vazifalar belgilandi.
Ikkinchidan, iqtisodiy islohotlarning eng muhimlaridan biri sifatida iqtisodiyot tarmoqlarida barqaror yuqori oʻsish surʼatini taʼminlash orqali kelgusi besh yilda (2022–2026-yillar) aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 1,6 barobar va 2030-yilga borib aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadni 4 ming AQSH dollaridan oshirish hamda “daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar” qatoriga kirish uchun zamin hozirlash vazifasi qoʻyilgan.
Uchinchidan, milliy iqtisodiyot barqarorligini taʼminlash va yalpi ichki mahsulotda sanoat ulushini oshirishga qaratilgan siyosatni davom ettirib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 1,4 barobar oshirish zarur boʻlmoqda. Shu tufayli sanoatning yetakchi tarmoqlari va iqtisodiyotni yanada liberallashtirish hamda transformatsiya jarayoni tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Statistika agentligi maʼlumotiga koʻra, 2023-yilning 1-iyul holati boʻyicha yurtimizda faoliyat koʻrsatayotgan sanoat korxonalari soni 69 ming 628 taga yetgan. Bu faoliyat yuritayotgan jami korxonalarning 14,6 foizini tashkil etadi. Mamlakatimizda sanoat korxonalari soni koʻp boʻlmasa-da, yetarli darajada mahsulot ishlab chiqarish bilan birga eksport qilish orqali ushbu sohada ham Oʻzbekistonni dunyoga tanitmoqda.
Toʻrtinchidan, oʻta dolzarb yana bir muhim masala energiya resurslari bozorini aholi ijtimoiy himoyasini kafolatlagan holda erkinlashtirishga qaratilgan. Bu borada ham keng koʻlamli ishlar qilinmoqda. Sohaga xususiy investitsiyani keng jalb qilish hamda ehtiyojmand aholini ijtimoiy himoyalash uchun isteʼmol meʼyorlarini kiritish masalasi ham bosqichma-bosqich hal etilmoqda. Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini neft-gaz mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilib, bu boʻyicha tizimli ishlar bajarilmoqda. Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning yanvar-noyabr oylarida Oʻzbekiston eksportida energetika va neft mahsulotlari 6-oʻrinda boʻlib, shu davrda qiymati 619,6 million AQSH dollariga teng mahsulot sotilgan.
Beshinchidan, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash global muammolardan biriga aylangan. Bu masala bizni ham chetlab oʻtayotgani yoʻq. Shu tufayli oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan va tizimli ravishda bajarilmoqda. Yurtimizda oziq-ovqat mahsulotlarining salmoqli qismi uy xoʻjaliklarida yetishtiriladi. Shu tufayli yirik sanoat tarmoqlari va hududiy korxonalar hamda aholi oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalasi kun tartibidagi vazifalar sirasiga kiradi.
Ushbu jarayon samaradorligini oshirish uchun sanoat tarmoqlarida mehnat unumdorligini, qishloq xoʻjaligi korxonalarida hosildorlikni oshirish, aholi oʻrtasida masʼullik hissini yuksaltirish yuzasidan ham tegishli ishlar qilinmoqda. Natijada toʻyib ovqatlanmaydiganlar ulushi reytingida Oʻzbekistonga taalluqli maʼlumotlar ijobiy tomonga oʻzgardi. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) maʼlumotiga koʻra, bu boradagi koʻrsatkich 2020-yilda 6,3 foizni tashkil qilgan edi.
Oltinchidan, iqtisodiyotda geologiya-qidiruv ishlari hajmini keskin oshirish, sohaga xususiy investorlar va ilgʻor xorijiy kompaniyalarni keng jalb qilish masalasi ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv va qazib olish ishlariga shaffof mexanizmlar asosida mahalliy va xorijlik investorlar keng jalb qilinmoqda. Yana bir muhim masala iqtisodiyotimiz uchun zarur mineral xomashyo bazasini kengaytirishdan iborat. Bu chora-tadbirlarning muhim yoʻnalishlaridan biri geologiya sohasida zamonaviy taʼlim standartlarini keng joriy etgan holda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish hamda ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etishdir. Shu tufayli mamlakatimiz olimlari katta hajmdagi loyihalarni amalga oshirmoqda.
Yettinchidan, Taraqqiyot strategiyasida iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash hamda “yashil” iqtisodiyot texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foiz oshirish evaziga 2026-yilga borib elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini qoʻshimcha 30 milliard kilovatt soatga oshirib, jami 100 milliard kilovatt soatga yetkazish vazifasi belgilangandi. Bu iqtisodiyotga katta samara keltiradi. Xususan, 2026-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish evaziga yiliga qariyb 3 milliard kub metr tabiiy gazni tejash imkoniyati yaratiladi.
Sakkizinchidan, yurtimizda avtomobil sanoatini rivojlantirish borasida muayyan tajriba toʻplandi. Mazkur sohada kooperatsiyani yanada rivojlantirish orqali ishlab chiqarish hajmini 1,4 barobar, eksport hajmini 2 barobar koʻpaytirish hamda mahalliylashtirish darajasini oshirish masalasida tegishli ishlar qilinmoqda. Chirchiq shahrida qishloq xoʻjaligi mashinasozligi ishlab chiqarishini yagona sanoat klasteri usulida tashkil etish borasidagi ishlar fikrimiz tasdigʻidir.
Mamlakatimizda elektromobillar ishlab chiqarish va foydalanish boʻyicha tegishli choralar koʻrilmoqda. Shu bilan birga, uy-joy kommunal xoʻjaligi, ijtimoiy soha obyektlari va boshqa sohalarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish hamda ushbu chora-tadbirlar “yashil” iqtisodiyot bilan qoʻshib olib borilganda iqtisodiyot tarmoqlari havoga chiqaradigan zararli gaz hajmini bir birlik yalpi ichki mahsulot hisobida 10 foiz qisqartirishga erishiladi. Bu ham atmosferaning ekologik tozaligiga xizmat qiladigan strategik ahamiyatga ega choralardandir.
Toʻqqizinchidan, mamlakatimizning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyotni asosiy drayver sohaga aylantirib, uning hajmini kamida 2,5 barobar oshirishga qaratilgan ishlarni bajarish koʻzda tutilgan edi. Shu tufayli raqamli infratuzilmani yanada rivojlantirish orqali barcha aholi maskanlari va ijtimoiy obyektlar hamda avtomobil yoʻllarini keng polosali ulanish tarmoqlari bilan qamrab olish yuzasidan jadal ishlar qilinmoqda. Chunki iqtisodiyotning real sektori hamda bank-moliya sohalarida ishlab chiqarish va operatsion jarayonlarni raqamlashtirish darajasini 2026-yil yakuniga qadar 70 foizgacha oshirish koʻzda tutilgan. Natijada dasturiy mahsulotlar industriyasi hajmini 5 barobar, eksportini esa 10 barobar oshirib, 500 million AQSH dollariga yetkazish masalasi ustida ish olib borilmoqda.
Oʻninchidan, ijtimoiy-iqtisodiy hayot yuksalishida investitsiyaning oʻrni beqiyos. Shu tufayli investitsiya muhitini yanada yaxshilash va jozibadorligini oshirish, kelgusi besh yilda 120 milliard AQSH dollari, jumladan, 70 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish choralari koʻrilmoqda. Bu borada investitsiyadan samarali foydalanish hamda eksport hajmini oshirish boʻyicha “pastdan yuqoriga” tamoyili asosida yangi tizim yoʻlga qoʻyilmoqda.
2026-yilgacha mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish strategiyasini amalga oshirish yuzasidan keng koʻlamli ishlar qilinmoqda. Aynan davlat-xususiy sheriklik asosida energetika, transport, sogʻliqni saqlash, taʼlim, ekologiya, kommunal xizmatlar, suv xoʻjaligi va boshqa sohalarga 14 milliard AQSH dollariga teng investitsiya jalb etish koʻzda tutilgan. Ushbu vazifalarning izchilligini taʼminlab turish uchun har yili Toshkent xalqaro investitsiya forumini oʻtkazib borish masalasi kun tartibiga qoʻyilgan.
Oʻn birinchidan, eksport salohiyatini oshirish Taraqqiyot strategiyasining muhim yoʻnalishlaridan. Ushbu yoʻnalish orqali 2026-yilda mamlakatimiz eksportini 30 milliard AQSH dollariga yetkazish koʻzda tutilgan. Bunga erishish uchun tashqi bozor va xalqaro talablarga javob beradigan standartlarni joriy etish hamda mashhur brendlarni jalb qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu jarayonda xususiy sektor imkoniyatlaridan samarali foydalanish evaziga uning eksportdagi ulushini 60 foizga yetkazish masalasi qoʻyilgan.
Eksportni rivojlantirishda eksportchi korxonalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash orqali mahalliy sanoat tarmoqlarining eksport salohiyatini oshirish lozim boʻlmoqda. Shu oʻrinda avtotransport vositalari eksportini 3 barobar oshirish va 1 milliard AQSH dollariga yetkazishning oʻzi ham kelgusidagi imkoniyatlarimiz yetarli ekanidan dalolat berib turibdi.
Oʻn ikkinchidan, Taraqqiyot strategiyasida mahalliy korxonalar ishlab chiqargan mahsulotlarni xorijiy davlatlarga eksport qilishga koʻmaklashish tizimini takomillashtirish hisobiga eksportchi korxonalar sonini hozirgi 6 ming 500 tadan 15 mingtaga, tovarlarning eksport geografiyasini 115 mamlakatdan 150 taga yetkazish koʻzda tutilgan. Ushbu vazifalarning bajarilishida turizm, transport, axborot-kommunikatsiya, jumladan, dasturiy taʼminot va boshqa xizmatlar eksporti muhim rol oʻynaydi.
Shularni inobatga olib, ushbu sohaning samaradorligini 2026-yilga qadar 1,7 barobar oshirish yoki 4,3 milliard AQSH dollariga yetkazish vazifasi belgilangan. Bunga erishish uchun eksportchi korxonalarga koʻrsatilayotgan tashkiliy va moliyaviy yordam berish tizimi izchil takomillashtirilmoqda. Natijada eksport tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulotlar hajmi 3,3 barobar koʻpayib, Yevropa davlatlariga GSP+ tizimi doirasida tayyor mahsulot eksportini kengaytirish yuzasidan keng koʻlamli ishlar bajarilmoqda.
Mamlakatimizda “Yangi Oʻzbekiston — raqobatbardosh mahsulotlar yurti” gʻoyasi asosida 200 eksportchi ochiq tanlov asosida saralab olinib, faoliyat koʻrsatmoqda. Ular kelgusida yetakchi eksportyorlarga aylantiriladi. Bu borada eksportyorlar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda. Yana bir muhim jihat, qoʻshni davlatlar bilan chegara hududlarda erkin savdo zonalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Oʻn uchinchidan, iqtisodiyotning drayveri boʻlgan turizm sohasi ham oxirgi yillarda misli koʻrilmagan darajada rivojlandi. Bunda turistik obyektlarni va infratuzilmalarni sayyohlarga xizmat koʻrsatishga moslashtirish, ularga sayyohlarni jalb qilish hamda mamlakatimizda boʻlish muddatini uzaytirish maqsadida tarixiy-madaniy, ziyorat, ekologik, etnologik, gastronomik, madaniy-maʼrifiy, arxeologik, sogʻlomlashtirish va qishloq xoʻjaligi turizmini rivojlantirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilangan. Natijada turli davlatlardan kelgan sayyohlar soni qisqa muddatda juda tez oʻsgan. Birgina misol, yaqinda turistik aloqalar yoʻlga qoʻyilgan Italiyadan sayyohlar oqimi qariyb 5 barobar oshgan. Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2023-yilning yanvar-aprel oylarida Italiyaning 5 mingdan ziyod fuqarosi turistik maqsadda Oʻzbekistonga kelgan. Bu koʻrsatkich 2022-yilning mos davri bilan solishtirganda 3 ming 953 nafar yoki 4,8 barobar koʻp demakdir.
Oʻn toʻrtinchidan, kambagʻallikni qisqartirish, aholi farovonligini oshirishda tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish va doimiy daromad manbalarini shakllantirish uchun sharoit yaratish masalasiga alohida ahamiyat berilmoqda. Hududlarda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha mavjud tuzilmalar faoliyatini takomillashtirish yuzasidan ham tegishli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Taraqqiyot strategiyasida xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 80, eksportdagi ulushini 60 foizga yetkazish koʻzda tutilgan. Buning uchun iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektorga keng yoʻl ochish orqali iqtisodiy munosabatlarda erkin bozor tamoyillarini joriy etishni kengaytirishga erishiladi. Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2023-yilning 1-iyul holatida faoliyat koʻrsatayotgan korxona va tashkilotlar soni 477 ming 722 ta (fermer va dehqon xoʻjaliklarisiz) boʻlib, shundan 67 ming 516 tasi xususiy korxonalar hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Bularning ulushi 14,1 foizni tashkil qiladi. Kelgusida ularning ulushi keskin oshib boradi.
Oʻn beshinchidan, qishloq xoʻjaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali qishloq aholisi farovonligini yuksaltirish koʻzlangan. Bunda dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 barobar oshirish, qishloq xoʻjaligining yillik oʻsishini kamida 5 foizga yetkazish koʻzda tutilgan. Buning uchun qishloq joylarda, ayniqsa, qishloq xoʻjaligi sohasida yangi ish oʻrinlari yaratish, tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Soha rivojida ilm-fan va innovatsiyaga asoslangan agroxizmatlar koʻrsatish tizimi ahamiyatidan kelib chiqib, uni takomillashtirish masalasi ustuvor ahamiyatga ega. Ammo ayrim tumanlarning oʻziga xos xususiyatlari yetarli darajada oʻrganilmagan va aniq mahsulot turini yetishtirishga ixtisoslashtirish uchun yetarli dalillar shakllantirilmagan. Shu tufayli ushbu masalani izga solish uchun ham ilm-fan yutuqlaridan foydalaniladi. Buning uchun nufuzli xalqaro ilmiy markazlar va oliy taʼlim muassasalari bilan birgalikda Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetini tashkil etish koʻzda tutilgan. Agrar sohada ilm-fan va amaliyot integratsiyasini chuqurlashtirish, aholining tomorqadan samarali foydalanishi uchun sharoit yaratish, shu tariqa agrosanoat korxonalarini xomashyo bilan taʼminlash va ishlab chiqarish hajmini 1,5 barobar oshirish rejalashtirilgan. Qishloq xoʻjaligida davlatning qoʻllab-quvvatlov koʻlamini kengaytirish orqali eksportbop mahsulotlar yetishtirish hamda meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, intensiv bogʻlar maydonini 3 barobar va issiqxonalarni 2 barobar koʻpaytirib, eksport salohiyatini yana 1 milliard AQSH dollariga oshirish ustida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Agrologistika markazlarini rivojlantirish va zamonaviy laboratoriyalar sonini koʻpaytirish bilan birga urugʻchilik va koʻchat yetishtirish boʻyicha milliy dasturni amalga oshirish masalasi kun tartibidagi dolzarb masalalardan.
Oʻn oltinchidan, suv resurslari bilan bogʻliq muammolar keskinlashayotgani tufayli ushbu masalaga yetarlicha eʼtibor qaratilmoqda. Soʻnggi yillarda global iqlim oʻzgarishi natijasida kuzatilayotgan suv tanqisligining salbiy taʼsirini yumshatish maqsadida suv resurslariga munosabatni oʻzgartirish zarurati oshmoqda. Suv resurslarini boshqarish tizimini tubdan isloh qilish va suvni tejash boʻyicha alohida davlat dasturini amalga oshirish natijasida kamida 7 milliard kub metr suvni tejash koʻzda tutilgan. Bunga erishish uchun suv xoʻjaligi obyektlarida elektr energiyasi isteʼmoli kamaytiriladi.
Sohada samaradorlikka erishish uchun suv xoʻjaligi obyektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida boshqarish maqsadga muvofiq. Bugun suv resurslarini boshqarish, ularning hisobi va hisobotini yuritish hamda suv munosabatlarini yanada takomillashtirish obyektiv zaruriyatga aylandi. Bu esa suvdan tejamli va samarali foydalanish yuzasidan mamlakatimizda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirish koʻzda tutilganidan dalolat. Shunga qaramay, quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish, suv tanqisligi sharoitida isteʼmolchilar oʻrtasida suv taqsimlash, suvning hisobi va hisobotini yuritish hamda suvdan foydalanish samaradorligi pastligicha qolmoqda. Ushbu holat, oʻz navbatida, suv resurslarini samarali boshqarish, ularning hisobi va hisobotini toʻlaqonli yuritish, suv isteʼmolchilari orasidagi munosabatlarni takomillashtirish hamda ushbu jarayonga xususiy sektorni keng jalb qilish masalasini ham qarab chiqishni taqozo etayotir.
Taraqqiyot strategiyasida yurtimiz aholisining ichimlik suv bilan taʼminlanganlik darajasini 87 foizga yetkazish, 32 ta yirik shahar va 155 ta tuman markazida oqova suv tizimini yangilash masalasi qoʻyilgan. Bu borada tizimli ishlar qilinmoqda. Endi suv taʼminoti quvurlaridagi suv sirqish nuqtalarini sunʼiy yoʻldosh texnologiyasi orqali masofadan zondlab aniqlash va taʼmirlashga zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi koʻzda tutilgan.
Tarixan qisqa vaqtda xalqimizning fidokorona mehnati va qatʼiyati bilan amalga oshirilgan islohotlar natijasida milliy oʻzligimiz, asl qadriyatlarimiz, qadimiy tariximiz, boy madaniyatimiz va anʼanalarimizga asoslangan yangi Oʻzbekiston tiklanmoqda. Davlat va jamiyat hayotining tub asoslari oʻzgarib, mamlakatimiz dunyo hamjamiyatida munosib oʻrniga ega boʻlib bormoqda.
Mamayunus PARDAYEV,
Murod MUHAMMEDOV,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti
professorlari, iqtisodiyot fanlari doktorlari