Mehnat hayotimizning ajralmas qismi boʻlib, har birimiz unga nafaqat munosib haq toʻlanishini, balki imkon qadar xavfsiz va qulay boʻlishini istaymiz.
Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni, bu – xavfsiz, sogʻlom va munosib mehnat sharoitlarini targʻib qilishga qaratilgan yillik xalqaro kampaniyadir. Ushbu kun butun dunyoda baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarining oldini olishga hissa qoʻshishga qaratilgan boʻlib, u ish joylaridagi xavfsizlik va sharoitlarni qanday yaxshilash mumkinligi hamda ish joylaridagi sogʻliqni saqlashning siyosiy ahamiyatini qanday targʻib qilish haqida xabardorlikni oshirishning muhim vositasidir.
1919-yilda Versal tinchlik shartnomasi asosida oʻsha davrdagi Millatlar ligasi tarkibiy boʻlinmasi sifatida ishchi va xizmatchilarning mehnat huquqlarini himoya qilish maqsadida Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tuzilgan boʻlib, hozirgi kundagi nufuzli xalqaro tashkilotlardan biri hisoblanadi. U 1946-yildan boshlab BMTning birinchi ixtisoslashgan agentligiga aylandi. Tashkilot tuzilgan vaqtda unga 42 davlat aʼzo boʻlgan, hozirgi kunga kelib aʼzo davlatlar soni 187 taga yetdi.
XMT asosiy faoliyati xavfsiz va sogʻlom mehnat konsepsiyasiga asoslangan boʻlib, mehnatni muhofaza qilish ushbu tashkilotni tuzishning asosiy sabablaridan biri sanaladi. Hozirgi kunda ham bu masala tashkilot faoliyatida asosiy oʻrinni egallamoqda.
XMT tuzilganidan buyon mehnatni muhofaza qilish masalalari bilan bogʻliq 40 dan ortiq xalqaro mehnat normasini qabul qildi. Ushbu hujjatlar kasbiy xavf-xatarlarni nazorat qilish va boshqarishni taʼminlashning minimal standartlarini belgilaydi, shuningdek, kasblar boʻyicha ishchilarni turli xil mehnat sharoitida himoya qilishga xizmat qilmoqda.
Shulardan baʼzilari, hozirgi kunda XMTning ustuvor konvensiyalaridan biri hisoblangan 1981-yildagi “Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi toʻgʻrisida”gi 155-sonli hamda 2006-yilgi “Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga koʻmaklashish asoslari toʻgʻrisida”gi 187-sonli konvensiyalari bir-birini toʻldirib, xavfsiz va sogʻlom mehnat muhitini taʼminlash uchun tegishli tamoyillar, majburiyatlar va huquqlarni aks ettirgan asosiy xalqaro hujjatdir.
XMTga 1996-yil Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kunini taʼsis etish boʻyicha yuborilgan rasmiy taklif 2003-yildan boshlab qoʻllab-quvvatlangan va 28-aprel sanasi tanlangan.
Shuningdek, bu kun xavfli, nosogʻlom va ogʻir mehnat sharoitlari tufayli halok boʻlgan, jarohatlangan yoki kasb kasalliklariga uchragan ishchilarni xotirlashga bagʻishlangan xalqaro sana hamdir. Bu kunga bagʻishlab 1996-yil Birlashgan Millatlar Tashkilotida (Nyu-York shahrida) boʻlib oʻtgan birinchi xalqaro marosimdan buyon Xalqaro xotira kunini nishonlash tashabbusi butun dunyo kasaba uyushmalari harakatini qamrab oldi.
Xalqaro mehnat tashkiloti tashabbusi bilan har yili dunyoning turli burchaklarida keng nishonlab kelinayotgan va anʼanaga aylangan kun bu yil “Xavfsiz va sogʻlom mehnat muhiti – mehnat sohasidagi asosiy tamoyil va huquq” shiori ostida oʻtmoqda.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad dunyo hamjamiyatini ish joylarida sodir boʻlayotgan yengil, ogʻir va oʻlim bilan tugagan baxtsiz xodisalarning oldini olish hamda mehnat muhofazasi masalalariga diqqat-eʼtiborini kuchaytirishdir.
Baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklari koʻpchilik hollarda xodimlar bilim darajasining yetarli emasligi, yongʻin xavfsizligi, mehnatning xavfsiz usul va uslublariga oʻqitilmagani sababli yuzaga kelmoqda.
Ish beruvchilar ishchilarning mehnat xavfsizligi va sogʻligʻi uchun javobgardir. Shuningdek, har bir xodim ish joyidagi jarohatlar va baxtsiz hodisalarga qarshi kurashga oʻz hissasini qoʻshishi mumkin. Ishchilar xavfsizlik qoidalariga rioya qilishi, oʻzini va hamkasblarini asossiz xavf-xatarlarga duchor qilmasligi, oʻz huquqlarini bilishi va profilaktika choralarini amalga oshirishda faol ishtirok etishi kerak.
COVID-19 pandemiyasi kuchli sogʻliqni saqlash va xavfsizlik tizimiga ega boʻlish mehnat muhitini himoya qilish hamda ishchilarning xavfsizligi va sogʻligʻini taʼminlash uchun juda muhim ekanini koʻrsatdi.
Ish joylarida mehnatni muhofaza qilish boʻyicha xavfsizlik choralarini qoʻllash, kasallik tarqalishining oldini olishda hamda ishchilar va umuman jamiyatni himoya qilishda muhim rol oʻynashi mumkinligini isbotladi.
Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan dunyoning aksariyat mamlakatlari qatori, Oʻzbekistonda ham mehnat muhofazasi masalalariga bagʻishlangan tadbirlar anʼanaviy ravishda oʻtkazib kelinmoqda.
Ushbu tadbirlarda asosiy eʼtibor aholiga munosib mehnat sharoitlari yaratish, mehnat muhofazasi madaniyatini rivojlantirish, ishlab chiqarishdagi jarohatlanish va kasb kasalliklarining oldini olish, mehnat muhofazasi borasida olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirishga, xususan ish joylarida sodir boʻladigan baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgandir.
Xavfsiz va munosib mehnat sharoitlarini tashkil etishning asosini mehnat munosabatlari sohasidagi davlat siyosati tashkil etadi. Oʻzbekiston Respublikasida ish joylaridagi xavfsizlik va mehnatni muhofaza qilish, fuqarolar sogʻligʻini taʼminlash masalalari davlat ijtimoiy siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Oʻzbekistonda mehnatni muhofaza qilish masalalari Konstitutsiya, Mehnat kodeksi, “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonun hamda boshqa qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinadi.
“Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilgan soʻngi oʻzgartish va qoʻshimchalar, mehnat muhofazasi sohasida ish beruvchilar va xodimlar masʼuliyatini oshirishga hamda mehnatni muhofaza qilish xizmatlari ishini izchil ravishda rivojlantirishga, ayniqsa qurilish sohasida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi meʼyorlarini takomillashtirish yuzasidan zarur choralarni koʻrishga qaratilgandir.
Shuningdek, mamlakatimizda barcha korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda kasb kasalliklariga chalinish, koronavirus infeksiyasi, infeksion hamda mavsumiy kasalliklar tarqalish holatlarining oldini olish boʻyicha ham koʻplab profilaktika ishlari samarali olib borilmoqda.
Yurtimizda barcha uchun munosib mehnat muhofazasini taʼminlashga qaratilgan yetarlicha mexanizmlar shakllantirilgan boʻlishiga qaramasdan, har bir ish beruvchi ish joyidagi yaratilgan sharoitlar avvalambor mehnatni muhofaza qilishning barcha talablariga javob bergan taqdirdagina samarali va xavfsiz ishlash mumkinligini tushunib yetmogʻi lozim.
Farida HAQBERDIYEVA,
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi bosh mutaxassisi