Xitoyga eksportimiz 23,4 foiz, import hajmi esa 134,7 foizga oʻsgan

    2017-2022-yillarda ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro savdo-sotiq hajmi 4,8 milliard dollardan 8,9 milliard dollarga yetgan.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari ushbu davrda ikki davlat oʻrtasidagi savdo aloqalarida roʻy bergan oʻzgarishlarga oid oʻtkazgan tahlil natijalariga koʻra, bu yillar davomida Oʻzbekistonning Xitoyga eksportida ham, Xitoydan importida ham oʻsish kuzatilgan.

    Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi oʻzaro savdo-sotiq hajmi 2017-yilda 4,8 milliard AQSH dollarini tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilga kelib 8,9 milliard AQSH dollariga yetgan. Oʻz navbatida, eksport hajmi 23,4 foizga, import hajmi esa 134,7 foizga oʻsgan.

    2022-yilda Oʻzbekiston Xitoyga asosan mineral yoqilgʻi (849,5 mln. AQSH dollari), xizmatlar (703 mln. AQSH dollari), sanoat mahsulotlari (629,8 mln. AQSH dollari), kimyo mahsulotlari (133,3 mln. AQSH dollari) va oziq-ovqat mahsulotlari (108,8 mln. AQSH dollari) eksport qilgan. Xitoydan asosan mashinalar va asbob-uskunalar (3644,5 mln. AQSH dollari), sanoat mahsulotlari (1259,1 mln. AQSH dollari), kimyo mahsulotlari (821,9 mln. AQSH dollari), turli tayyor mahsulotlar (470,8 mln. AQSH dollari) va xizmatlar (90,2 mln. AQSH dollari) xarid qilgan.

    Mahalliy eksportchilar qimmatbaho metallar, organik kimyoviy birikmalar, shuningdek, meva va yongʻoqlarni Xitoy bozorida sotish boʻyicha katta imkoniyatga ega. Buning sabablari quyidagicha: birinchidan, Oʻzbekiston ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilish uchun katta salohiyatga ega. Ikkinchidan, koʻrib chiqilayotgan davrda Xitoyda bu mahsulotlarga talab barqaror oʻsgan va 2021-yilda qimmatbaho metallar importining umumiy hajmi 77,4 milliard dollarni, organik kimyoviy birikmalar importining umumiy hajmi 60,2 milliard dollarni, mevalar va yongʻoqlar importining umumiy hajmi 16 milliard dollarni tashkil etgan.

    Shuningdek, 2023-yil 29-martda mamlakatimizga tashrif buyurgan Xitoy delegatsiyasi bilan oʻtkazilgan muzokaralarda Xitoyning yetakchi kompaniyalari yordamida Oʻzbekistonda qayta tiklanuvchi energetika, transport infratuzilmasini rivojlantirish, sanoat parklari va qishloq xoʻjaligi klasterlarini tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.