Xitoylik olimlar Oy tuprog'idan suv olish yo'lini topishdi

    Xitoylik olimlar 2020-yilda “Chane-5” zondi orqali Yerga olib kelingan Oy tuprog'i namunalaridan suv olish usulini topishdi.

    Bu Oy tadqiqot stansiyasini qurishda muhim rol o'ynashi mumkin, deb xabar berdi “Sinxua”.

    Aniqlik kiritilishicha, tadqiqot Xitoy Fanlar akademiyasining Ninbo materialshunoslik va muhandislik instituti olimlari guruhi hamda Xitoy Fanlar akademiyasi Fizika instituti va boshqa ilmiy muassasalar bilan hamkorlikda olib borildi.

    “Uch yillik chuqur izlanishlar va takroriy sinovlardan so'ng tadqiqot guruhi oy tuprog'idagi minerallar millionlab yillar davomida quyosh shamoli ta'sirida bo'lganligi sababli ularda katta miqdorda vodorod zahiralari borligini aniqladi”, deyiladi agentlik bayonotida.

    Qayd etilishicha, qizdirilganda vodorod minerallar tarkibidagi temir oksidi bilan kimyoviy reaksiyaga kirishadi, natijada oddiy temir moddasi va ko'p miqdorda suv hosil bo'ladi.

    “Harorat 1000 darajadan oshganda, oy tuprog'i eriy boshlaydi, reaksiya natijasida hosil bo'lgan suv esa bug' ko'rinishida chiqa boshlaydi”, — deyiladi xabarda.

    Qayd etilishicha, olimlar ko'plab tajribalar o'tkazib, oy tuprog'ining 1 grammidan 51-76 milligramm suv olish mumkinligini aniqladi, deb xabar beradi ria.ru.

    Shunday qilib, bir tonnadan 51-76 kilogramm suv ishlab chiqarish mumkin, bu yuzta 500 millilitrli shishaga teng va kuniga 50 kishini suv bilan ta'minlashi mumkin, deya aniqlik kiritdi agentlik.