Xiva shahrida Markaziy Osiyo davlatlarining ikkinchi parlamentlararo forumi boʻlib oʻtmoqda

    2024-yilning 12-sentyabr kuni koʻhna Xorazm zaminida Xiva shahrida Markaziy Osiyo davlatlarining ikkinchi parlamentlararo forumi oʻz ishini boshladi.

    Forumda Qozogʻiston, Qirgʻiz, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston parlamentlari rahbarlari va delegatsiyalari, shu jumladan, yoshlar parlamenti va guruhlari, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari vakillari ishtirok etmoqda.

    Anjuman avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigini Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva oʻqib eshittirdi.

    T. Narbayeva oʻz nutqida mintaqaning hamma davlatlari oʻzining kelgusi taraqqiyotini bevosita Markaziy Osiyo mintaqasining barqarorligi va farovonligiga uzviy bogʻliq holda koʻrishini, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun parlamentlararo hamkorlik muhimligini alohida taʼkidladi. Shuningdek, bu boradagi aloqalarni yanada faollashtirish va kengaytirish boʻyicha qator takliflarni ilgari surdi.

    Shundan soʻng har bir davlat delegatsiyasi rahbari oʻz kirish soʻzida forum ahamiyati, undan kutilayotgan natijalar, maqsad va vazifalariga toʻxtalib oʻtdi.

    Qayd etish joizki, forum Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda parlamentlararo komissiyalar, doʻstlik guruhlari, davlat hokimiyati vakillik organlari, yoshlar parlamentlari hamda xotin-qizlarning ishtirokini kengaytirish maqsadini koʻzlaydi.

    Forum doirasida toʻrtta panel sessiya oʻtkazilmoqda hamda ishtirokchilar quyidagi asosiy masalalarni muhokama qilmoqda:

    • Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida parlamentlararo hamkorlikning yangi shakllari va yoʻnalishlarini ishlab chiqish;

    • Markaziy Osiyo mamlakatlari hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda parlamentlararo komissiyalar, doʻstlik guruhlari va mahalliy vakillik organlarining faol ishtirokini kengaytirishga qaratilgan takliflar tayyorlash;

    • Markaziy Osiyo mamlakatlari yoshlar parlamentlari va guruhlarining mintaqa parlamentlari rahbarlariga murojaatlarini yuborish;

    • hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda xotin-qizlar va yoshlarning rolini oshirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.

    Forum yakunida Markaziy Osiyo davlatlarining parlamentlararo tashabbuslar doirasidagi kelgusidagi harakatlari va hamkorligi uchun asos boʻlib xizmat qiladigan Xiva deklaratsiyasi qabul qilinadi.